Яратилиш санаси 19.03.2025

Fatvo o’zi nima?

Fatvo so‘zi lug‘atda: إفتاء – يفتي – أفتي Afta-yuftiy, iftaan: “Fatvo chiqarish, muftiyning vazifasi”[1] ma’nosida bo‘lib, har qanday savolga hoh u shar’iy  savol bo‘lsin yoki dunyo hukmlariga aloqador bo‘lsin javob qilmoq[2].

Misol uchun Misr podshohi o‘zining amaldorlaridan tushining ta’birini so‘ragan chog‘da ham fatvo kalimasini ishlatgani borasida Qur’oni karimda quyidagicha oyat nozil bo‘lgan:

وَقَالَ الْمَلِكُ إِنِّي أَرَى سَبْعَ بَقَرَاتٍ سِمَانٍ يَأْكُلُهُنَّ سَبْعٌ عِجَافٌ وَسَبْعَ سُنبُلَاتٍ خُضْرٍ وَأُخَرَ يَابِسَاتٍ يَا أَيُّهَا الْمَلَأُ أَفْتُونِي فِي رُؤْيَايَ إِن كُنتُمْ لِلرُّؤْيَا تَعْبُرُونَ

Podshoh: «Men tushimda yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganini va yettita yashil boshoqni va shuncha qurug‘ini ko‘rmoqdaman. Ey a’yonlar, agar tush ta’birini qiladigan bo‘lsangiz, menga tushimning fatvosini bering», – dedi[3]. (Yusuf surasi. 43-oyat).

Boshqa oyatda esa shunday zikr qilingan:

قَالَتْ يَا أَيُّهَا الْمَلَأُ أَفْتُونِي فِي أَمْرِي مَا كُنتُ قَاطِعَةً أَمْرًا حَتَّى تَشْهَدُونِ

(Malika) aytdi: «Ey odamlar, menga bu ishimda fatvo-maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo‘lmaguningizcha biron ish haqida hukm qilguvchi emasman», – dedi[4]. (Naml surasi. 32-oyat).

Yuqoridagi oyatlardan ko‘rinib turibdiki fatvo kalimasi har qanday savol borasida ishlatilaveradi. Chunki bu ikki oyatda savollar shar’iy hukmlar borasida bo‘lmagan.

Istilohiy ma’nosi: Fatvo – shar’iy so‘ralgan savolga javob berish ma’nosida ishlatiladi[5]. Misol uchun Alloh taolo Qur’oni Karimning Niso surasini 127-oyatida quyidagicha marhamat qilgan

وَيَسْتَفْتُونَكَ فِي النِّسَاءِ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِيهِنَّ

Va sendan ayollar borasida haqida fatvo so‘rarlar. “Alloh sizga ular haqida hamda … fatvo beradi”, – deb ayt[6].

يَسْتَفْتُونَكَ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِي الْكَلَالَةِ...

(Ey Muhammad!) Sizdan fatvo so‘rashsa, aytginki: “Alloh sizlarga kalolaning hukmini bayon qiladi”…[7]. (Niso surasi. 176-oyat)

Bu zikr qilingangan oyatlarda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vassalamdan shar’iy hukmlar so‘ralgan vaqtda Allohning hukmlarini yetkazishga buyruq bor.

Bu ma’no yana Rasululloh sollallohu alayhi vassalamning bir necha hadisi sharifkarida ham zikr qilingan. Xususan Imom Dorimiydan rivoyat qilingan hadisda U zot quyidagicha marhamat qilganlar:

أجرؤكم على الفتيا أجرؤكم على النار

“Sizlarning fatvoga jura’tli bo‘lganingiz do‘zahga jura’tli bo‘lganingizdir”.

Rasululloh sollallohu alayhi vassalamning bu hadislari fatvo lafzi shari’y hukmlar borasida ishlatilganiga yaqqol misol bo‘la oladi. Chunki do‘zah bilan ogohlantirish faqat shari’y hakmlargagina taalluq topadi.

Bugungi kunda fatvo kalimasini istilohiy ma’nosi sifatida: Fatvo – diniy savolga berilgan javob deb ishlatsak to‘g‘riroq bo‘ladi. Shari’y kalimasi o‘rniga diniy kalimasini ishlatishimiz sabab, hozirgi kunda muftiy faqatgina shari’y amaliy hukmlarga javob berishlik bilan cheklanmasdan, balki e’tiqodiy , hadislarni ma’nosi, isnodini kayfiyati va din va uning ilmlariga tegishli bo‘lgan savollarga javob berdi. 

[1] Odiljon Nosirov va boshqalar. An-Na’ym ul-Kabir. Namangan: Namangan nashriyoti. 2014. –B. 507.

[2] Muhammad Taqiy Usmoniy. Usulul-ifto va adabuhu. – Damashq: Dorul-qalam. 2018. – B. 9. 

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va uning ma’nolar tarjimasi. – Toshkent: Hilol nashr. 2022. – B. 240.

[4] Shayx Alouddin Mansur. Qur’oni Azim muxtasar tafsiri. –Toshkent: Sharq nashriyoti. 2019. – B. 552.

[5] Muhammad Taqiy Usmoniy. Usulul-ifto va adabuhu. – Damashq: Dorul-qalam. 2018. – B. 10.

[6] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. –Toshkent: Sharq nashriyoti. 2022. J. 1. – B. 518.

[7] Shayx Abbulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. –Toshkent: Sano standart. 2021. – B. 106.

Yoqubjanv Abdurrashid

ta'lim muassasasi o'qituvchisi