Fiqhiy qoida sharhi
"أٓنَّ مَوْتَ مَا لَيْسَ لَهُ نَفْسٌ سَائِلَةٌ فِى الْمَاءِ لَا يُنَجِّسُهُ "
«Oqadigan qoni bo‘lmagan jonzotning o‘lishi suvni najas qilmaydi».
Qoidaning ma’nosi va mazmuni:
Bu qoida shuni anglatadiki, agar biror jonivorning oqadigan qoni mavjud bo‘lmasa, u suvga tushib o‘lganda suv najas bo‘lmaydi, farqi yo‘q, u jonivor qanday bo‘lishidan qat’i nazar: suvda yashaydigan baliq, shunga o‘xshagan suv hayvonlari yoki quruqlikda yashaydigan jonivorlar — masalan, kaltakesak, chumoli va boshqalar kabi. Chunki bu jonivorlarda “oqadigan qon” degan narsa mavjud emas. Aynan mana shu «Jonivorda oqadigan qon bo‘lmasligi» jihati qoidaning hukmiga asos bo‘ladi, ya’ni: Agar jonivorda oqadigan qon bo‘lmasa va uning suvda o‘lishi suvni najas qilmasa demak bu u jonivor o‘zi najas emasligiga dalolat qiladi, agarda o‘zi najas bo‘lganida edi, suvga tushishi bilan boshqa najaslar kabi suvni najas qilgan bo‘lardi.
Qoidaning dalili:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar ﷺ aytdilar: «Agar pashsha sizlardan birortangizning ichimligiga tushib qolsa, uni ichimlikka botiring, so‘ng chiqarib tashlasin. Chunki uning bir qanotida davo, ikkinchisida esa dard bor».
Bu hadisning dalolati quyidagicha:
Ibn Nujaym al-Misriy rahimahulloh aytadilar: “Bu hadisdan shu narsa kelib chiqadiki, chivin, qumursqa, ari, o‘rgimchak va shunga o‘xshash jonivorlar suvga tushib o‘lgan taqdirda ham hukm bir xil bo‘ladi. Chunki bu jonivorlarda oqadigan qon yo‘q. Bu hadisni dalolati yoki ijmo bilan sobit boʻladi.”
Qoidaning misollari:
Imom Margʻiloniy rahimahulloh aytadilar: «Agar chivin yoki chigirtka va oʻrgimchak va shunga o‘xshash (jonivorlar) — ularda oqadigan qon bo‘lmagani uchun — suvga tushib o‘lsa ham suv najas bo‘lmaydi.
U zot yana shunday deydilar: «Chivin taom yoki ichimlikka tushsa, uni najas qilmaydi». «Baliqning o‘lishi bilan suv najas bo‘lmaydi. Shu kabi boshqa suv hayvonlarining o‘lishi ham suvni najas qilmaydi».
Bunga oʻxshagan misollardan yana biri shuki: Taom va suv ichida paydo bo‘ladigan qurtlar — xurmo qurtlari, anjir qurtlari, olmada paydo bo‘ladigan qurtlar, loviya qurtlari, pishloq va sirka ichidagi qurtlar va boshqalar najosat boʻlmaydi.
Shunday ichi qurt boʻlgan mevalarni barchasini yeyish halol, chunki qurtlardan saqlanish juda mushkul.
Ismoilov Akramjon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi