Яратилиш санаси 25.03.2025

“Navro‘z – Yangilanish va Birdamlik Bayrami” 

2025-yil 20-mart kuni “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida Navro‘z bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir milliy an’analarimizni asrab-avaylash, talabalar o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni mustahkamlash hamda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani yuksaltirish maqsadida tashkil etildi. 

Tadbirda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rivojiddin Nasriddinov, ma’naviyat bo‘limi uslubchisi Hoshimjon Qodirov, ta’lim mussasasi o‘qituvchisi Javohir Mahmudjanov va ta’lim muassasasi talabalari ishtirok etdilar. 

Tadbir davomida “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rivojiddin domla Nasriddinov “Navro‘z – Yangilanish va Birdamlik Bayrami” mavzusida ma’ruza qildi. U kishining ta’kidlashicha, Navro‘z – tabiat uyg‘onishi, insonlarning qalblarini mehr-muhabbat va ezgu niyatlar bilan to‘ldiradigan bayram hisoblanadi. Shuningdek, u islomiy qadriyatlar bilan uyg‘unligi, poklik, saxovat va oilaviy bag‘rikenglik kabi fazilatlarni targ‘ib etishini alohida ta’kidladi. U o‘z nutqi davomida, Navro‘z – bu nafaqat faslning yangilanishi, balki inson qalbining uyg‘onishi, yaxshilik va saxovat ayyomi hamdir.

Rivojiddin domla Navro‘zning tarixiy hamda ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritib, navro‘z tabiat uyg‘onishi bilan birga inson qalbida ham ezgu niyatlar uyg‘onadigan vaqtdir. Islom dinida ham poklik, mehr-muhabbat, yaxshilikka chorlash kabi fazilatlar asosiy o‘rin tutadi. Shu bois, Navro‘z – bu ezgulik va saxovat ayyomi sifatida ham qadrlanadi. 

Bu kun nafaqat tabiat yangilanadigan fasl, balki oilaviy munosabatlar mustahkamlanadigan, qarindosh-urug‘lar va do‘st-birodarlar ziyorat qilinadigan, bag‘rikenglik va insonparvarlik namoyon bo‘ladigan bayram hisoblanadi. Navro‘z bayramida sumalak tayyorlash, milliy taomlar pishirish, ommaviy hasharlar o‘tkazish, nuroniylarni ziyorat qilish kabi an’analar bor. Ushbu fazilatlar islomiy axloqqa ham to‘liq mos keladi.

Domla so‘zining so‘ngida talabalarni hamjihatlikka, ilm olishga, sabr-toqatli bo‘lishga va Vatanga sodiq xizmat qilishga chorladi. U kishining nutqi barchada katta taassurot qoldirdi va bayram shukuhi yanada ko‘tarinki tus oldi.

“Hidoya” ta’lim muassasasi jamoasi ushbu ezgu bayram munosabati bilan barchani samimiy muborakbod etadi hamda tinchlik, fayz va baraka tilab qoladi!

Navro‘z muborak bo‘lsin!

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati