Ta'lim muassasasi 1-kurs talabariga kitob sovg'a qilindi
Ilm — avloddan-avlodga o'tib, qalblarni nurga to'ldiruvchi musaffo buloq. Bu buloqdan suv ichgan har bir fidoyi yosh qalbida o'z bilim dargohiga, ilm o'rganayotgan ukalariga nisbatan cheksiz hurmat barq urib turadi.
Joriy yilning 18-oktyabr kuni “Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida ana shunday go'zal an'analardan birining guvohi bo'lindi. Ta'lim dargohining yaqinda ibrat bilan bitirib chiqqan yosh iqtidor egasi, izlanuvchan bitiruvchi Odiljon Rahmatullayev o'zining qalamiga mansub bo'lgan "Muxtasarul Viqoya"ning poklik asosida fiqh fanidan o'quv darsligi kitobini muassasaning 60-61-guruh 1-kurs talabalariga sovg'a qildi.
Ushbu tashabbus yosh talabalarda ilmga, kitob mutolaasiga bo'lgan muhabbatni yanada oshirishi shubhasiz. Kechagi o'quvchining bugun o'z ukalariga muallif sifatida kitob taqdim etishi ustozlar mehnati zoye ketmaganining yorqin namunasidir.
Shogirdlarning ilmiy yo'lidagi ilk qadamlarini qo'llab-quvvatlagan, ularga ma'naviy madad ulashgan muallifga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. 1-kurs talabalariga esa bu kitob kelajakdagi ulkan muvaffaqiyatlar sari mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilishini tilab qolamiz.









Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati