Ta'lim muassasasida “Tahoratni buzmaydigan amallar haqida hadislar” mavzusida ochiq dars bo'lib o'tdi
“Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida “Hadis va Mustalahul hadis fanlari oyligi” munosabati bilan navbatdagi yuqori saviyadagi ochiq dars tashkil etildi. Unda Hadis fani o'qituvchisi Ibrohimjon domla Ahmadjanov 2-kurs 58-guruh talabalariga “Tahoratni buzmaydigan amallar haqida hadislar” mavzusida saboq o'tdi.
Dars davomida tahoratning shariatdagi o'rni, tahoratni buzmaydigan holatlar bo'yicha vorid bo'lgan sahih hadisi shariflar matni va sanadi, ulamolarning mazkur hadislardan olgan fiqhiy hukmlari hamda ixtilofli masalalarning ilmiy yechimlari dalillar asosida batafsil yoritib berildi. Shuningdek, ibodatda shubha va vasvasaga berilmaslik, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq amal qilishning kundalik hayotdagi ahamiyati tushuntirildi.
Ta'lim muassasasining tajribali va yosh ustozlari mazkur ochiq darsni bevosita kuzatib bordilar. Dars yakunida pedagogik tahlillar o'tkazilib, o'qituvchi va talabalarning faolligi yuqori baholandi hamda darsning ilmiy-uslubiy saviyasi bo'yicha ijobiy tavsiya va fikr-mulohazalar bildirildi.
Ochiq dars an'anaviy ma'ruza shaklidan farqli o'laroq, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ilg'or interfaol usullar hamda qizg'in savol-javoblar asosida tashkil etildi. Bahs-munozaralarga boy ruhda o'tgan mashg'ulot talabalarning hadis ilmi va fiqhiy masalalarga bo'lgan qiziqishini, matnlarni mustaqil tahlil qilish ko'nikmalarini yanada oshirdi.

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati