Яратилиш санаси 04.11.2026

Ta’lim muassasasida xatmi kutub qilindi

Kitob inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, uni ezgu maqsadlarga chorlovchi yo’ldoshidir. Kitob orqali inson yurar yo’lini yoritadi, u bilan bir umr hamroh bo’lib yashaydi. Ana shunday maqsadlarni ko’zlab, talabalar bo’sh vaqtlaridan unumli foydalangan holda “Hidoya” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasida talabalar bilan asosiy darsdan tashqari vaqtlarida qo’shimcha to’garaklar tashkil etilgan. Ta’lim muassasa ustozlari tomonidan asosiy darslik fanga qo’shimcha tarzda fanga doir boshqa adabiyotlarni ham talabalar bilan mutolaa qilish va fanni o’quvchilar yanada chuqurroq egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mana shu an’anani davom ettirgan holda ta’lim muassasasida xatmi kutub (kitoblarni oxirigacha o’qib tugatish) qilindi. Unda ta’lim muassasa fiqh fani o’qituvchilari Ismoilxon Ishanov va Yusufxon Shodiyev rahbarligida 57-guruh 3-kurs talabalari Hasan ibn Ammor Shurunbuloliyning “Nurul izoh” kitobini boshidan oxiriga qadar arabiy matni o’qib tarjima qilib tugatildi.

Ushbu kitob 2025-yil oktyabr oyida Ismoilxon Ishanov domla boshchiligida boshlangan bo’lib, 2026-yil oktyabr oyida Yusufxon Shodiyev tomonidan yakuniga yetkazildi. Kitobni tugatish jarayonida ta’lim muassasa ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha mudir o’rinbosari-R. Nasriddinov, o’qub uslubiy bo’lim boshlig’i-A. Tursunov va ta’lim muassasa ustozlari ishtirok etishdi. Unda kitobning oxirgi sahifasi talabalar tomonidan o’qilib ustozlar guvohligida yakun yasaldi. Ta’lim muassas katta ustozi Azimxon domla Abdullayev “Nurul izoh” kitobi haqida fikr bildirib; unda ko’plab furu’ masalalari joy olgani, tushunish va tatbiq etishga juda qulay yoritilganini e’tirof qilib o’tdi. Ustoz hamrohligida bir kitobni tugatish e’tirofga sazovor yutuq ekani, ayniqsa, kelgusida imomlik faoliyatida asqotishi ta’kidlab o’tildi. Tadbir so’nggida esa muallif haqqiga qilingan xatmi Qur’on tugatilib, ustozlar tomonidan xayrli duolar ila yakunlandi.


Yusufxon Shodiyev

“Hidoya” o’rta maxsus islom 
ta’lim muassasasi o’qituvchisi