Ustozga ehtirom — ilmga ehtirom!
1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasida ham bayram shukuhi o‘zgacha fayz bilan kezmoqda. Tun-u kun demay, yosh avlod qalbiga ilm-ma’rifat nurlarini tarqatib, yuksak axloq va ezgulik urug‘ini ekib kelayotgan fidoyi ustozlarimizni e’zozlash — barchamizning muqaddas burchimizdir.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ta'lim muassasamizda tadbir tashkil etildi.
Namangan viloyati vakili Abdulloh domla Samatov, Ta'lim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev, Vaqf xayriya jamoat fondi Namangan viloyati fililali rahbari Shukrulloh domla Tursunov hamda ta'lim muassasasi oʻqituvchi va xodimlari ishtirok etdilar.
Ustozlarning mashaqqatli va sharafli mehnatini qadrlash, ularning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir davomida:
8 nafar fidoyi mudarrisga 5 million so‘mdan moddiy yordam pullari;
48 nafar ustoz va xodimlarga esa bayramona oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmalari hadya qilindi.
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasi jamoasi o‘z navbatida ilm ahliga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor, g‘amxo‘rlik va saxovat uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbarligiga hamda barcha mutasaddilarga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildiradi.
Alloh taolo ustozlarimizning ilm yo‘lidagi xizmatlarini ziyoda qilib, qilayotgan barcha xayrli ishlarini o‘z dargohida qabul aylab, bardavom qilsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va moʻtabar ustozlar!


























Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati