Яратилиш санаси 27.03.2025

Abdulloh ibn Mas’udning Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishlari

Abul Ahvasdan Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning Alloh taoloning quyidagi so’zi borasida qilgan tafsirlari rivoyat qilinadi: “Ular deydilar: “Parvardigoro, Sen bizlarni ikki bor o'ldirding va ikki bor tiriltirding”. (G’ofir surasi, 11-oyat). Mana shu oyatni Alloh taoloning: “O'lik ekaningizda sizni tiriltirgan, so'ng sizga (yana) o'lim beradigan, keyin sizni tiriltirgach, siz huzuriga qaytariladigan Allohni qanday inkor etasiz?!” (Baqara surasi, 28-oyat)[1] bilan tafsir qiladilar.

Muxoriqdan Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qiladi: agar mo’min banda vafot etsa, qabrida o’tirgizib qo’yilib, so’raladi: Robbing kim? Diyning nima? Nabiyying kim? Alloh uni haqiqatlarda sobit turgizib qo’yadi. So’ngra u javob beradi: Robbim Alloh. Dinim Islom. Payg’ambarim Muhammad sallollohu alayhi va sallam. Shundan so’ng Abdulloh ibn Mas’ud quyidagi oyatni o’qidilar: “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustuvor So'z (imon kalimasi) bilan sobitqadam qilur”. (Ibrohim surasi, 128-oyat).[2]

Alloh taoloning mana bu: “Sizlar uchun (ey, Makka mushriklari,) ikki to'qnashgan guruh (voqeasi)da ibrat bor”. (Oli Imron surasi, 13-oyat). Abdulloh ibn Mas’ud dedilar: bu Badr kunidir. Mushriklarga qaradik. Ular bizga kuchsizdek ko’rindilar. So’ng ularga qaragan edik, ularda bizdan birorta ham odam ko’p emasligini ko’rdik. Bu mana bu oyatdagi narsadir: “Bo'ladigan ish (taqdir)ni tamomiga yetkazish uchun (yov bilan) to'qnashganingizda, ko'zingizga ularni ozchilik qilib ko'rsatgani va ularning ko'zlariga sizlarni ozchilik qilib ko'rsatganini eslang! (Barcha) ishlar Allohga qaytarilur”. (Anfol surasi, 44-oyat).[3]

Abul Ahvas Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qiladilar: Odam bolasining gunohi sababidan uyasida qo’ng’iz halok bo’ladi, dedilarda, so’ngra mana bu oyatni o’qidilar: “Agar Alloh odamlarni ular qilgan gunohlari bilan jazolasa edi, (Yer) ustida biror jonivorni qo'ymagan bo'lur edi”. (Fotir surasi, 45-oyat).[4]

Muxoriq ibn Salomdan rivoyat qilinadi: bizga abdulloh ibn Mas’ud shunday dedilar: agar biz sizlarga biror gap aytadigan bo’lsak, ortidan Alloh taoloning kitobidan ana shu gapni tasdiqlaydigan bir oyatni keltiramiz. Agar musulmon kishi: subhanallohi va bihamdihi, valhamdulillahi, va la Ilaha illallohu vallohu akbar, tabarokalloh desa, farishta bu kalimalarni olib, qanotlari ostiga qo’yadida, osmonga olib chiqadi. Farishtalardan iborat guruxlar bu kalimalarning yonidan o’sha so’zlarni aytuvchilariga istig’for aytmasdan o’tmaydilar. Xattoki o’sha farishta bu zikrlarni Rahmon azza va jallaning vajhiga olib boradi. So’ngra Abdulloh ibn Mas’ud mana bu oyatnin o’qidilar: “(Har bir) xush kalima U sari chiqur. Solih amalni esa, (Alloh O’z dargohiga) ko'tarur”. (Fotir surasi, 10-oyat).[5]

[1] Tafsiri ibn Kasir, 1/126. Darul Arqom.

[2] Tafsiri ibn Kasir, 2/532.

[3] Tafsiri Tabariy, 3/130.      

[4] Tafsiri ibn Kasir, 3/562.

[5] Tafsiri ibn Kasir, 3/549.

Isoqjanov Muhammad Ibrohim

ta'lim muassasasi o'qituvchisi