
Imom Kisoiy rohimahulloh hayoti
O'nta mashhur mutavotir qiroat imomlaridan yettinchisi imom Kisoiydir. To'liq ismi Abul Hasan Aliy ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruz al-Kisoiy al-Kufiy. Asli nasabi Iroqlik forslardan. Kufada hijriy 120-yillarda tavallud topgan. Kisoiy deb nomlanishiga sabab, Hamzaning darslariga kiyimga o'ranib kelishi, deyishadi. Boshqa ma'lumotga ko'ra esa libosda ehrom bog'lagani uchun "Kisoiy" deb atashgan.
Bag'dodning lug'at, nahv va qiroat imomlaridan. Hamza az-Zayyotdan so'ng qiroat va arab tili imomi bo'ldi.
Imom Kisoiy haqida imom Shofe'iy shunday degan: "Kim nahv ilmiga sho'ng'ishni xohlasa, demak u Kisoiyning oilasidir". Kisoiy nahvni o'rta yasharlik chog'laridan o'rgangan.
Bag'dodda Horun Rashid va uning farzandi Aminga ta'lim berdi. Xalifa Kisoiyni ulug'lagan va u haqida shunday degan: "Undan afzal va taqvodorroq, Qur'on va arab tilini biluvchiroq hech bir kishini ko'rmadim".
Yahyo ibn Ma'in aytdilar: "Men ikki ko'zim bilan Kisoiydan ko'ra haq so'zlovchini ko'rmaganman".
Kisoiy "Maoniy al-Qur'on", "Al-masodir", "Kitob al-Huruf", "Maqtu' al-Qur'on" va boshqa asarlar muallifidir.
Qiroat ilmida ustozlari Osim ibn Abu an-Najud, Hamza ibn Habib az-Zayyot, Abu Bakr ibn Ayyosh, Iso ibn Umar al-Hamadoniylar kabi mashhur qorilar bo'lgan.
Qiroatda Kisoiydan ikki shogirdlari: Lays ibn Xolid Abul Horis va Abu Umar Hafs ad-Duriy rivoyat qilgan. Imom Kisoiy hijriy 189-yil Ray shahrining Ranbuyah qishlog'ida, Horun Rashidning oldida vafot etgan.Huddi shu kuni imom Abu Hanifaning mashhur shogirdi imom Muhammad ham vafot etgan. Horun Ar-Rashid bu haqda shunday degan: "Biz bir kunda Rayda fiqh va grammatikani dafn qildik".
Mehmonov Jahongir
ta'lim muassasasi 51-guruh talabasi