
Imom Farro (rohimahulloh)– Arab tili namoyondasi !
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Arab tili oyi keng nishonlanadi. Bu oy davomida arab tilining boy merosi, uning ilm-fan va madaniyatdagi o‘rni e’tirof etiladi. Shu munosabat bilan biz bu maqolada arab tilshunosligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan yirik nahv olimi — Imom Farro (Yahyo ibn Ziyod al-Farroʼ) hayoti va ilmiy faoliyati haqida to‘xtalib o‘tamiz. U o‘zining beqiyos hissasi bilan arab tili grammatikasining poydevorini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Hayoti va ilm yo‘li
Imom Farro (rohimahulloh)hijriy 144-yilda (milodiy 761) tug‘ilgan. U dastlab hayotida mo‘ynachilik (farroʼlik) bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, keyinchalik ilm izlab, arab tilshunosligi sohasida chuqur iz qoldirgan. Uning ilmiy shakllanishida Imom al-Kisoiyning ta’siri katta bo‘lgan — Farroʼ bu mashhur olimning eng yetuk shogirdlaridan biri hisoblanadi.
Ilmiy maktabi
Imom Farro (rohimahulloh) Kufiy nahv maktabining eng ko’zga ko’ringan vakili sifatida tanilgan. Bu maktab asosiy e’tiborni og‘zaki arab tilidagi dalillarga, ya’ni badaviylarning sof so‘zlashuv namunalariga qaratgan. Imom Farroʼ (rohimahulloh) nahv qoidalarini tahliliy, mantiqiy yondashuv bilan birlashtirgan, arab tilining ichki tizimini chuqur anglashga harakat qilgan.
Asarlari va ilmiy merosi
Imom Farroʼ (rohimahulloh) qalamiga mansub eng mashhur asar bu:
“Ma‘anil Qur’an” (معاني القرآن) – bu asarda u Qur’on oyatlaridagi murakkab nahviy va sarfiy jihatlarni tahlil qilib, ularni izohlagan. Kitob arab tilining grammatik qurilishi bilan Qur’on tafsirini birlashtiruvchi noyob manbaa hisoblanadi.
Shuningdek, Imom Farroʼ (rohimahulloh)ning boshqa asarlari ham arab tilining sarfiy va nahviy boyliklarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imom Farroʼ (rohimahulloh)ning ta’siri
Farroʼ o‘zidan keyingi nahv olimlari uchun bilim va uslub maktabini qoldirdi. Uning fikr-mulohazalari ko‘plab grammatik kitoblar va tafsirlar asosida keltiriladi. U Basra maktabi bilan bo‘lgan ilmiy munozaralar orqali nahv ilmini yanada boyitdi.
Xulosa
Imom Farro (rohimahulloh) arab tili tarixida unutilmas iz qoldirgan ulug‘ tilshunoslardan biridir. Uning fidokorona ilmiy faoliyati bugungi kunda ham arab tili grammatikasini o‘rganayotgan talabalar va olimlar uchun bebaho manbaa bo‘lib xizmat qilmoqda. Arab tili oyi munosabati bilan bunday buyuk zotlarni eslash, ularning ilmiy merosini qadrlash — arab tiliga bo‘lgan hurmatimizning amaliy ifodasidir.
Foydalanilgan manbaalar:
1. الفراء، يحيى بن زياد. معاني القرآن. دار الفكر العربي، بيروت.
2. الزبيدي، مرتضى. تاج العروس في شرح القاموس. دار الهداية.
3. ابن النديم. الفهرست. دار المعرفة، بيروت.
4. عبد السلام محمد هارون. مدارس النحو العربي. مكتبة الخانجي، القاهرة.
Ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi Abdumutalliyev Suhrobbek.