Яратилиш санаси 25.04.2025

Qur’oni Karimni nahv qoidalari asosida tafsir qilingan manbaalar bayoni

Abu Hayyonning to’liq nomi Asiriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Ali ibn Yusuf ibn Hayyon Al-Andalusiy Al-G’arnotiy Al-Jayyoniy bo’lib, u olti yuz ellik to’rtinchi hijriyda tug’ilgan va ulamolar orasida "Abu Hayyon" laqabi bilan mashhur. Abu Hayyon qiroatlar ilmida mashxur, ulug’ ustozlar huzurida tahsil olgan hofiz edi. U avval qiroatni Al-Xatib Abdulhaq ibn Ali huzurida, keyin Al-Xatib Abu Ja’far ibn At-Tabbo’ huzurida, undan so’ng esa Al-Hofiz Abu Ali ibn Abul Ahvas huzurida o’rganib, qiroat ilmining mashhur va mashhur bo’lmagan usullarini ham egalladi. Andalus va Afriqoning boshqa hofizlari darslariga ham quloq tutdi. Keyin Iskandariyaga keldi va u yerda qiroat ilmidan Abdunnasir ibn Ali Al-Marbutiy huzurida, Misrga kelib esa Abu Tohir Ismoil ibn Abdulloh Al-Maliyjiy huzurida ta’lim oldi. Ustoz Ash-shayx Bahouddin ibn An-Nahqosni uchratgandan so’ng, uning etagidan mahkam ushlab, uning huzurida juda ko’p adabiy kitoblarni o’qidi. 

Abu Hayyonning o’zi guvoxlik berishicha, u ta’lim olgan ustozlarining soni to’rt yuz elliktadan oshgan. As-Safadiy aytadi: “Men Abu Hayyonni qachon ko’rmayin, u birovdan ta’lim olayotgan yoki yozayotgan yoki biror kitobni mutolaa qilayotgan holda bo’lardi, hech bekor o’tirmasdi”. Shuningdek, Abu Hayyon she’r va muvashshah (Muvashshah – biror odamning ismidagi qarflar tartibida yozilgan bag’ishlov g’azal)lar  yozardi, lug’at, nahv, sarf ilmlarida ustozi mutlaq edi. 

Uning ilmda benazirligi, ustozlarining ko’pligidan tashqari ilmning turli sohalarini egallagan shogirdlari ham ko’paydi. 

Abu Hayyondan juda ko’p ilmiy meros qolgan. Ulardan"Al-Bahrul muhiyt" nomli tafsir, bir jildli “G’aribul Qur’on”, “Sharhut-tas’hil”, “Nihoyatul-e’rob”, “Xulosatul-bayon” nomli kitoblarini sanab o’tishimiz mumkin. Qur’on tajvidi haqida Ash-Shotibiyning mazmumasi singari unga nisbatan qisqaroq bo’lgan mazmuma (she’riy kitob)i ham bor. 

Abu Hayyon avvalda hech bir mazhabda bo’lmagani, keyinroq Ash-Shofe’iy mazhabini qabul etgani haqida ulamolardan rivoyat bor. U falsafadan va e’tizoldan yiroq, salaf ulamolari yo’lini mahkam ushlagan kishi edi. 

Abu Hayyon yetti yuz qirq beshinchi hijriy yilda Misrda vafot etdi[1]. “Al-Bahrul muhiyt” tafsiri sakkizta kitobdan iborat, ulamolar, xususan, qiroat usullari va kalimalarning tarkiblanishi bilan qiziqqan toliblar bu kitobga ko’p murojaat qiladilar. 

Muallif ushbu nahv qoidalarini yozayotgan paytda hali juda yosh edi. Shunga qaramasdan, Alloh bergan iste’dod sababli, nahviy olimlar o’rtasidagi ixtilofni shu qadar batafsil yoritib berganki, uning bayonlariga qaraganda kitob tafsirdan ko’ra nahv kitobiga yaqinroq bo’lib qolgan. Lekin Abu Hayyon nahv qoidalari dengiziga shunchalik sho’ng’ib ketganiga qaramasdan, tafsirning boshqa sohalariga beparvo bo’lgan emas. Uning tafsirida lug’at ilmi ham, sababi nuzul, nosix-mansux, qiroat, balog’at, fiqq ilmlari borasida ham me’yoriga yetkazib fikrlar aytilgan va tafsir qilingan. Bu haqda muallifning o’zi tafsir muqaddimasida shunday deydi: “Mening bu kitobni yozishdagi tartibim shunday, ya’ni men avval oyatning har bir so’zi haqida, uning tafsiri, lug’aviy ma’nosi, jumlada egallagan o’rni-tarkibi, ikki yoki undan ko’p ma’noli so’z bo’lsa, oyatning tafsiriga muvofiq ma’noni tanlab olish uchun hamma ma’nolarini keltirib, keyin oyatning tafsiriga o’taman.  Tafsirda esa, tartib bilan oyatning sababi nuzuli, nosix yoki mansuxligi, yuqoridagi oyatga bog’liqligi munosabati, shu oyat ustida qurrolarning mashhur yoki kam eshitilgan qiroatlari haqida to’xtalib, keyin oyatning ma’nosini tushunishda yordam beradigan salaf va keyingi ulamolarning fikrlarini bayon etaman. 

Lekin takrordan qochgan holda, biror oyat yoki biror kalima haqida avval gapirgan bo’lsam, uni qaytarmaslikka harakat qilaman va takrorlash zarur bo’lgan joyda avvalgi mavzuga havola qilaman. Biror fiqhiy masala haqida gapirsam, bu masala borasida to’rt mazhabning fikrlarini bayon etish bilan birga, qaysi manbadan olinganini ham ko’rsatib o’taman. 

Shuningdek, nahv qoidalarini bayon etganimda uning tahlilini batafsil qilib, keyin nahviy olimlarning kitoblaridan ham dalil sifatida iqgiboslar keltiraman va u manbalarga ham ishora qilaman. 

Oyat tafsirini hamma tomondan mukammal bayon qilib bo’lganimdan keyin ushbu oyatning ma’nosini tasdiklovchi naqliy rivoyat keltiraman-da, ana shunga suyanib, gapni unchalik cho’zib yubormagan holda mazkur oyatni sharhlayman. Mendan keyin biror kishi shu ishni qilaman (tafsir yozaman) desa, mening uslubim unga namuna bo’lsin. Ba’zi oyatlarning tafsirida tasavvuf ahlining kalomlarini ham kiritganman. Lekin ulardan ba’zilarining aqldan uzoq gaplaridan qochganman. Men tafsirda botiniylarning Alloh, Hazrat Ali va u kishining avlodlari haqidagi botil fikrlarini keltirmadim”[2]. Abu Hayyon o’z tafsirida Az-Zamaxshariy, Ibn Atiyya tafsirlaridan foydalangan va ulardan iqtiboslar keltirgan. Shu bilan birga nahv qoidalari borasida ikki mufassirning gaplariga juda ko’p raddiyalar bergan. Abu Hayyonning tafsirida mazkur ikki olimning fikrlariga munosabati va raddiyalari nihoyatda ko’pligidan, uning shogirdi Tojiddin Ahmad ibn Abdulqodir ibn Ahmad ibn Maktum (u yetti yuz qirq to’qqizinchi hijriyda vafot ettan) muxtasar qilib, undan ustozining Az-Zamaxshariyga va Ibn Atiyyaga nahv borasida bergan raddiyalarini olib tashlagan. Muxtasarning nomi “Ad-durrul laqit minal Bahril-muhit” bo’lib, “Al-Bahrul muhit” kitobining hoshiyasida chop etilgan va uning bir qo’lyozma nusxasi Al-Azhar kutubxonasida mavjud. Ash-Shayx Yahyo Ash-Shoviy Al-Mag’ribiy esa Abu Hayyonning Az-Zamaxshariyga qilgan e’tirozlarini jamlab, katta bir kitob qilgan. Bu kitobning qo’lyozmasi ham Al-Azhar kutubxonasida saqlanmoqda. 

Abu Hayyon o’z tafsirida Az-Zamaxshariyning e’tizoliy fikrlari uchun qattiq qoralash bilan birga, insofli olim sifatida uning “Qur’on balog’atlarini mohirlik bilan tushuntirishi” haqida gapirib, hatto: “Alloh Ta’olo unga (Az-Zamaxshariyga) Qur’on ilmini mukammal bergan, u Qur’on lafzlarini yaxshi tushunish bilan birga, uning ma’nolarini ochib berishda ham benazir olimdir”[3], - deydi. 

Abu Hayyon o’z tafsirida keltirgan naqllarning barchasini ustozi Jamoliddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Sulaymon ibn Hasan ibn Husayn Al-Maqdisiyning “Kitobut-tahrir vat-tahbir li-aqvoli aimmatit-tafsir” kitobidan olgan. “Ibn An-Naqib” laqabi bilan mashhur bo’lgan ustozning yozgan kitobi ulumul-Qur’on borasida yozilgan eng katta asar bo’lib, yuz jilddan iboratdir. 

An-Naysoburiyning to’liq nomi Al-Imom Ash-Shahir, Al-Alloma Al-Xatir Nizomiddin Al-Hasan ibn Muhammad Al-Husayn Al-Xurosoniy An-Naysoburiy bo’lib, uning kelib chiqishi Qum shahridan, unib o’sgan joyi esa Naysobur shahridir. An-Naysoburiy barcha ilmlarni, xususan arab lug’ati, ta’vil va tafsir ilmlarini batafsil o’rgangan, Xurosonda mashhur hofiz (Hofiz— Qur’onni mukammal yod oluvchi, muqri’– Qur’onni tajvid bilan yaxshi qiroat qiluvchi) va muqri’lardan biri sanaladi. Shunchalik mashhur bo’lishiga qaramasdan, o’ziga taqvoni, zohidlikni, tasavvufni tanlagani uchun, uning tafsirida shu ruh aks etib turadi. 

An-Naysoburiydan bir necha asarlar qolgan. Ulardan biri Imom Ibn Al-Hojibning nahv ilmi bo’yicha yozilgan “Al-Kofiya Ash-Shofiya” asariga sharhi “Sharh An-Nazzom” deb ataladi. Xoja Nasirul milla vad-din At-Tusiyning astronomiya sohasida yozgan tazkirasiga sharhi"Tavzihat-tazkira” dir. 

Yana hisob ilmi borasida “Rasoil fiy ilmi hisob”, Qur’ondagi vaqflar haqida bayon etuvchi “Kitobu fiy avqofil-Qur’on" asarlari ham ahamiyatga molik. Uning tasnifotlari orasida Qur’on tafsiri alohida o’rin tutadi va muallif bu kitobini “G’aroibul-Qur’on va Rag’oibul-Furqon” deb atagan. 

An-Naysoburiyning vafot etgan yili ulamolar orasida ma’lum emas. Ammo uni As-Sayyid Ash-Sharif, Al-Mavlo Jaloliddin Ad-Davoniy, Ibn Hajar Al-Asqaloniy va boshqa jumhur ulamolarsafiga qo’shib, to’qqizinchi asr allomalaridan biri deb tan olinadi. Muallifning mazkur tafsiri taxminan sakkiz yuz elliginchi yillarda nihoyasiga yetkazilgan.  Ba’zi olimlar An-Naysoburiyni shialikka nisbat berganlar. 

4.  An-Naysoburiy “G’aroibul-Qur’on va Rag’oibul-Furqon” tafsirini Al-Faxr Ar-Roziyning"At-Tafsir ul-kabir”idan  muxtasar qilgan,  unga  Az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof”idan va boshqa tafsirlardan olgan iqtiboslarini hamda uning o’ziga Alloh berib qo’ygan fahm-farosati tufayli paydo bo’lgan fikrlarini qo’shgan. Sahobalar va tobi’iylarning tafsirlaridan olgan rivoyatlarni ham o’z o’rni kelganda tafsirga kiritib yuborgan. U tafsir asnosida o’zini juda erkin tutgan va qaysi tafsirdan iqtibos olarkan, unga o’sha onda munosabat bildirib, fosid joyini ogohlantirgan va isloh qilgan, nuqsonini tuzatgan va komil qilgan. Agar “Al-Kashshof”dan naql qilsa: “Al-Kashshofda shunday deydi” yoki “Jorulloh shunday

deydi”, - degan jumlalar bilan boshlaydi. Avval Az-Zamaxshariyning fikrini, keyin Ar-Roziyning unga qilgan e’tirozini keltiradi, undan keyin esa ikki muxolif orasidagi adolatli hakamdek o’z fikrini bayon etadi. Masalan: 

وَالْأَرْضُ جَمِيعًا قَبْضَتُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

“Butun Yer qiyomat kunida Uning uchun bir siqimdir”[4] tafsirida An-Naysoburiy

shunday naql qiladi: “Jorulloh aytadi: “Bu oyatdan murod Alloh Ta’olo o’zining qudratini, ulug’ligini tasvirlab berish bilan insonlarni tafakkurga chorlashdir. Ammo “qabza”, “qo’l” tushunchalarining haqiqiy ham, majoziy ham ma’nosining bu yerda ahamiyati yo’q. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ham shu ma’noni tasdiqlaydi: “Ahli kitoblardan bir odam kelib Payg’ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga dedi: “Ey Abul Qosim, Alloh Ta’olo qiyomat kunida osmonlarni bir barmog’ida, Yerni yana birida, tog’ni yana birida, daraxtlarni yana birida, tuproqni yana birida, boshqa maxluqotni yana bir barmog’ida tutib, siqadi va: “Men podshohman!”, - deydi”. Payg’ambarimiz sallollohu alayhi va sallam uning gapidan ajablanib kuldilar. Alloh Ta’olo ushbu oyatni nozil qildi. Pag’ambarimiz sallollohu alayhi va sallam ahli kitobning gapidan kulganlariga sabab shuki, U zot arablarning afsahi bo’lganlaridan, barmoqni o’z ma’nosida, ushlashni o’z ma’nosida, siqishni o’z ma’nosida emas, balki balog’at va fasohat ulamolari tushungandek, xulosani, ya’ni Allohning qudratini tushunganlari uchun uning johilligidan ajablanib kulgan edilar".

Az-Zamaxshariy keyin yana uzundan-uzun gaplarni aytadi.  Uning tafsiriga, daliliga va uzun gaplariga Al-Faxr Ar-Roziy shunday e’tiroz bildiradi: “Bu yerda gapni cho’zishning keragi yo’q. Axir, Qur’on oyatlarining ma’nosini haqiqatga hukm qilamizmi, yo’qmi? Aks holda Qur’on butunlay hujjatlikdan chiqib qoladi-ku! Har kim istagancha ta’vil qilaversa, kimning fikrini “Qur’onning haqiqiy ma’nosi shu deb”, hukm qilinadi. Keyinushbu oyatda ikki majoz bo’lsa, ikkisidan birining ta’yiniga dalil bo’lishi lozim. Shubhasiz, “ushlash”, “qo’l” so’zlari Allohda ham inson a’zolariga o’xshash a’zolar mavjudligiga ishora qiladi. Aqliy dalillar esa Allohning bunday a’zolar e’tiyojidan mustag’niy, pok ekanligiga ishora qiladi. Oyatning ma’nosini bunday tushunmovchilikdan xalos etish uchun, uni “Allohning tadbiri, tasxiri murod”, deb ta’vil qilinishi kerak.  Masalan urfda ham: “Falonchi falonchining qo’lida ishlaydi”, - deyilsa, “qaramog’ida” degan ma’no tushuniladi. Qur’ondagi quyidagi oyatda ham وَمَا مَلَكَتْ يَمِينُك “Qo’l ostidagi cho’rilari...”[5]  deyishlik bilan Alloh Ta’olo “ixtiyoridagi” degan ma’noni iroda qiladi. “Falonchining qo’li uzun” degani “tadbirkor” degan ma’noni bildiradi va hokazo...”[6].Bu munozaradan keyin An-Naysoburiy o’z fikrini bayon etadi: “Ar-Roziy aytgan gap usul yo’li, Jorulloh aytgan gap bayon yo’li bo’lib, ikkovi biroz qizishib ketgan bo’lsa ham, aslida ikkovining gapi bir-biriga zid emas. Mazkur oyat “mutashobih” oyatlardan bo’lib, bunday oyatlar haqida salafolimlari tutgan yo’l eng to’g’ri yoʻldir. 

Al-Bayzoviyning to’liq nomi qozil-quzot Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Ali Al-Bayzoviy Ash-SHofi’iy bo’lib, jinsi Fors mamlakatidandir. Ibn Qozi SHahba “Tabaqot”ida shunday yozadi: “Al-Bayzoviy ko’p kitoblar muallifi, Ozarbayjon olimi va shayxi, SHerozning qozisi bo’lgan”.  As-Sabukiy ham u haqida: “Ulug’ imom, saxovatli inson, ibodatli valiy edi”, - deb guvohlik bergan.  Ibn Habib aytadi: “Barcha ulamolar uning asarlariga yuqori baho berganlar”. As-Sabukiy va Al-Asnaviyning yozishicha, Al-Bayzoviy olti yuz to’qson birinchi hijriy yilda, Ibn Kasirning shohidlik berishicha, olti yuz sakson beshinchi hijriy yidda Tabrizda vafot etgan. Bu tafsir o’rtacha hajmda bo’lib, unda mufassir tafsir bilan ta’vilning o’rtasini arab tili qoidalariga muvofiq jamlagan, dalillarni esa “ahli sunna val jamoa” e’tiqodiga muvofiq keltirgan. Al-Bayzoviy mazkur tafsirining muqaddimasida shunday yozadi: “Men ko’pdan sahobalarning ulug’laridan va tobi’iylarning ulamolaridan menga yetib kelgan tafsir va o’zim hamda mendan avval yashab o’tgan ulamolar istinbot qilgan fikrlar, nuqtalarni o’zida mujassam etgan, sakkiz qurrodan eshitilgan qiroat yo’llarini ham o’z ichiga olgan bir kitob yozishni orzu qilib yurardim. Ammo tayyorgarligim va to’plagan manbalarim yetarli bo’lmaganidan, men bu ulug’ ishni boshlashdan andisha qilib yurardim.  Alloh Ta’olo menga bu ishga kirishishim bashoratini berdi. Men niyat qilgan kitobimni “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil”, deb nomladim”[7].

Al-Bayzoviyning mazkur tafsiri Az-Zamaxshariyning"Al-Kashshof" tafsiri muxtasaridir. Lekin Al-Bayzoviy mo’’taziliy e’tiqodiga aloqador narsalarni tark qilgan.  SHunga qaramasdan, tafsirda Az-Zamaxshariyning fikrini tasdiqlab qo’ygan joylari ham mavjud. Masalan, quyidagi oyat[8]:

الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لَا يَقُومُونَ إِلَّا كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ قَالُوا إِنَّمَا الْبَيْعُ مِثْلُ الرِّبَا وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا فَمَنْ جَاءَهُ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّهِ فَانْتَهَى فَلَهُ مَا سَلَفَ وَأَمْرُهُ إِلَى اللَّهِ وَمَنْ عَادَ فَأُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ 

“Sudxo’rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam (Jin chalib ketgan odamning qiyofasi hayvonlardan, masalan, maymun, it yoki cho’chqaga o’xshab qoladi yoki yuz qiyofasi o’zgarib, a’zolari qiyshayib, o’zini tik tutolmaydigan holga tushib qoladi) kabi (holatda) qo’padilar” 

 “...yuz qiyofasi o’zgargan holda turadi. Ularning gumonicha, insonni jin chalsa, og’zi-burni va boshqa a’zolari qiyshayib, asli holini yo’qotadi”. Muallif keyin “jin chalishni” jinnilikka tafsir qiladi va deydi: “Ularning yana bir gumonicha, “albatta jin odamni chalsa, u aqlini yo’qotadi”[9]

Al-Bayzoviyning keyingi tafsiri Az-Zamaxshariyning fikriga mos, ya’ni mo’’taziliylar, jumladan, Az-Zamaxshariyning e’tiqodicha, jin insonga faqat vasvasa va ig’vo qilish bilangina ta’sir o’tkazadi. SHuningdek, Al-Bayzoviy “Kashshof”ning muallifi qilganidek, har bir suraning oxirida, shu suraning fazilati, uni qiroat qilgan kishiga beriladigan ajr-savoblar bayon etilgan hadisni ham rivoyat qilib keltiradi. Holbuki, barcha ulamolar bu hadislarning yolg’onligiga ittifoq qilganlar. Tafsir va hadis ilmi bo’yicha ulamolar nazdida katta martabaga ega bo’lgan Al-Bayzoviydek olim uchun bunday yolg’on hadislarga aldanish va Az-Zamaxshariyga ergashib, ularni har bir sura oxirida keltirish katta nuqson hisoblanadi. Ammo Muhammad Husayn Az-Zahabiy o’zining “At-tafsir val-mufassirun” kitobida “Kashfuz-zunun” sohibining iborasini keltirib, Al-Bayzoviyning ma’zur ekanligini aytadi: “Ammo suralarning oxirida keltirilgan hadislarga kelsak, bu narsa Al-Bayzoviyning qalb oynasi o’ta sof, Parvardigorning tajalliysiga munosib ko’rilgan inson bo’lganini bildiradi. SHuning uchun u bag’rikenglik qilgan, hadislarning sahih yoki zaifligidan qat’i nazar targ’ib va ta’vilga astoydil bel bog’lagan va mana shu amal tufayli biroz qilingan xatoni afv etilishiga umid bog’lagan”[10].

Ammo Al-Bayzoviy o’z tafsirida boshqa mufassirlar, masalan, Al-Faxr Ar-Roziy, Ar-Rog’ib Al-Isfahoniyning tafsirlaridan ham foydalangan, ularga yana sahobalar va tobi’iylardan vorid bo’lganrivoyatlarni qo’shgan. Buning ustiga aql va farosat bilan nozik latifalar, nuktalar va istinbotlarni tafsir orasiga kiritib yuborganki, bu ajoyib uslub tafsirning jozibasini oshirgan. Al-Bayzoviyning tafsirida mutavotir yoki shoz rivoyatligiga qaramasdan keltirilgan bo’lsa ham qiroatlar, qisqa bo’lsa ham nahviy qoidalar, ahkom oyatlarining tafsirida fiqqiy masalalar bayon etilgan.  Ba’zi mufassirlarda kuzatilganidek, Al-Bayzoviy ham o’zi taqlid qiladigan SHofe’iy mazhabining afzalligini aytib o’tishga fiqhiy masalalarda ahamiyat bergan. Al-Bayzoviy tafsirining ko’p joyida “ahli sunna” mazhabi bilan bir qatorda “mo’’taziliy” mazhabini ham astoydil taqrir qilganining guvohi bo’lamiz. Masalan, quyidagi oyat[11]:

ذَلِكَ الْكِتَابُ لا رَيْبَ فِيهِ هُدًى لِلْمُتَّقِينَ الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنْفِقُونَ

“(Qur’on) taqvodorlar uchun hidoyat manbaidirkim, ular g’oyib (diniy xabarlarga) imon keltiradigan, namozni mukammal o’qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir”.

Bu oyatning tafsirida “imon” va “nifoq” haqida “ahli sunna val-jamoa”, mo’’tazila va xorijiylarning fikrlarini to’la keltirgan va “ahli sunna”ning mazhabini quvvatlab qo’ygan”[12].

Mazkur oyatning: “Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladilar”, - degan jumlasi tafsirida “rizq” haqidagi “ahli sunna” va mo’’tazila fikrlarini batafsil bayon etib, bu boradagi “ahli sunna” e’tiqodini tarjih qiladi. 

Al-Bayzoviy o’z tafsirida isroiliyotlarni juda kam rivoyat qilgan. Zarurat jihatidan rivoyat qilgan joylarida ham “rivoyat qilingan”, “aytilgan” deb zaifligiga ishora qiladi. Masalan quyidagi oyatda:[13] 

فَمَكَثَ غَيْرَ بَعِيدٍ فَقَالَ أَحَطتُ بِمَا لَمْ تُحِطْ بِهِ وَجِئْتُكَ مِنْ سَبَإٍ بِنَبَإٍ يَقِينٍ

“So’ng uzoq vaqt qolmay (hudhud kelib) dedi: “Men sen ogoh bo’lmagan narsalardan ogoh bo’ldim va senga Saba’ (shahri)dan ishonchli xabar keltirdim”.

Mufassir ushbu oyatni tafsir qilib bo’lgandan keyin, Sulaymon payg’ambar haqida, u Baytul-muqaddasni qurib bitkazib, hajga tayyorgarlik qilgani haqida rivoyat keltiradi va unda keltirilgan odatdan tashqari ko’ringan narsalar oddiy narsalar ekanligini aytib, bu rivoyatning sahihligiga o’ta ishonch yo’qligiga ham ishora qiladi: “Allohning qudratiga, uning ajoyibotlariga dalolat qiluvchi,  Alloh tomonidan o’zining xos bandalariga bergan bundan ham ulug’ mo’’jizalar borki, uning guvohi bo’lgan kishi ajoyibligini biladi, ko’rmagan kishi esa inkor qiladi”[14].

Al-Bayzoviy o’z tafsirida ko’proq Ar-Roziyning tafsiridan foydalangani uchun, olam va tabiat haqidagi oyatlariga duch kelganda, ularni befarq qoldirmasdan, juda keng sharhlagan. 

Xulosa qilib aytganda, Qoziy Al-Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil” nomli tafsir kitobi, shu uslubda yozilgan barcha tafsirlarning eng mo’’tabari, Allohning kalomini to’g’ri va mukammal tushunishni, uning sir-asrorini bilishni istagan har bir tolib uchun ajoyib manbadir.

Az-Zamaxshariyning to’liq nomi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Al-Xorazmiy Al-Imom Al-Hanafiy Al-Mo’’taziliy bo’lib, laqabi “Jorulloh”, to’rt yuz oltmish yettinchi hijriyda Xorazmning Zamaxshar qishlog’ida tug’ilgan. Bag’dodga kelib, ustozlar huzurida ta’lim olgan. Xurosonga bir necha marta borgan. Qaerga bormasin, atrofiga odamlar yig’ilib, unga shogird bo’lishgan.  Kim bilan munozara qilmasin, u taslim bo’lib, Zamaxshariyndng ilmini e’tirof etgan. SHunday qilib, uning ovozasi butun olamga yoyildi va zamonasining yagona allomasiga aylandi.

“Al-Kashshof” garchi e’tizoliy aqidaga muvofiq yozilgan bo’lsa ham, bundan qat’iy nazar juda yuqori qimmatga ega bo’lgan tafsirdir. Qur’oni Karimning mo’’jizlik siri, nazmining go’zalligi va balog’atdagi yuksak darajasi muallif tomonidan ochib berilgan. Buning sababi Az-Zamaxshariyning juda ko’p ilm sohalarini, xususan, arab lug’atining jozibakorligi, ash’orlar, balog’at, bayon, e’rob, adab ilmlarini mukammal bilganligidir. 

Ash-Shayx Haydar Al-Haraviy “Al-Kashshof” haqida o’zining fikr-mulohazalarini bayon etib, bu tafsir nihoyatda yuqori saviyada yozilganini ta’kidlaydi. Uning yozishicha, tafsir jarayonida u oyatning zohiriy ma’nosida, ortiqcha balog’iy nuktalarsiz mo’taziliylik aqidasini ilgari surishga intilganini kuzatishimiz mumkin.  

Az-Zamaxshariy tasavvuf borasida ham tafsir qilish jarayonida ahli sunna val jamoa aqidasiga zid fikrlarni bayon qilib, Allohning valiylarini ham qattiq tanqid ostiga oladi. Misol uchun:[15] يُحِبُّهُمْ وَيُحِبُّونَهُ  “Ularni Alloh sevadi va ular ham Allohni sevadilar”, oyatining tafsirida ham bunday holatni kuzatish mumkin. 

Alloma Ibn Xaldun Az-Zamaxshariyning tafsirini shunday ta’riflaydi: “Tafsirlarning balog’at, fasohat va til sohasida eng go’zal yozilgani Xorazm elidan bo’lgan Az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof” tafsiridir. Muallif aqidada e’tizoliydir. Qur’on oyatlariga fikr bildirayotgandao’zining ana shu fosid aqidasi nuqtai nazaridan hujjatlashadi, shuning uchun “ahli sunna” ulamolari jumhurni doim uning tuzog’idan ehtiyot bo’lishga chaqiradilar. Lekin til va balog’at ilmini yaxshibilishiga e’tiroz yo’q. Agar tolib mazohibi saniyyadan voqif bo’lib, e’tiqodi mustahkam bo’lsa, u holda unga qarshiligimiz yo’q, “Al-Kashshof”ni mutolaa qilib, muallifning til sohasidagi san’atini, uning benazirligini ko’rib ibrat olsin.

Alloma Tojiddin As-Sabukiy o’zining “Mu’idun-ni’am va mubidun-niqam” kitobida shunday yozadi: “Bilingki, albatta, “Al-Kashshof” tafsiri ulug’ kitobdir, uning muallifi o’z fanida imomdir. Lekin u bid’atchi odam bo’lib, o’z bid’atini oshkora qiluvchidir. Payg’ambarning qadrini tushirishdan, “ahli sunna”ga beadablik qilishdan tortinmaydi[16].

Xulosa qilib aytganda Imom Zamaxshariyning “Kashshof” asari e’tiqodiy jihatdan “ahli sunna” mazhabiga hujjat bo’lmasada, lekin nahv va balog’at qoidalari borasida tayaniladigan, mo’tabar manbalardan hisoblanadi. 

[1] أحمد بن علي بن محمد بن حجر العسقلاني. الدرر الكامنة في أعيان المئة الثامنة // دائرة المعاف العثمانية – حيدر آباد.: 2012. – ص. 310. 

[2] أبو حيان محمد بن علي يوسوف بن حيان. تفسير البحر المحيط // دار الكتب العلمية – بيروت.: 2007. – ص. 276.

[3] .أبو حيان محمد بن علي يوسوف بن حيان. تفسير البحر المحيط // دار الكتب العلمية – بيروت.: 2007. – ص. 276

[4] Zumar surasi, 67-oyat.

[5] Ahzob surasi, 50-oyat.

[6]  ص.324. محمد حسين الذهبي. التفسير والمفسرون // مكتبة وهبة – القاهرة.: 1961. - 

[7] أبو يعلى البيضاوي. أنوار التنزيل وأسرار التأويل // دار المعرفة – بيروت.: 2012. – ص. 6. 

[8] Baqara surasi, 275-oyat. 

[9] محمود بن عمر الزمخشري. الكشاف عن حقائق التنزيل وعيون الأقاويل في وجوه التأويل // دار المعرفة. – بيروت.: 2012. – ص. 267.

[10] ص.324. محمد حسين الذهبي. التفسير والمفسرون // مكتبة وهبة – القاهرة.:1961- 

[11] Baqara surasi, 1-2-oyat. 

[12] .53-56 أبو يعلى البيضاوي. أنوار التنزيل وأسرار التأويل // دار المعرفة – بيروت.: 2012. – ص. 

[13] Naml surasi, 22-oyat.

[14] .115 أبو يعلى البيضاوي. أنوار التنزيل وأسرار التأويل // دار المعرفة – بيروت.: 2012. – ص. 

[15] Moida surasi, 54-oyat. 

[16] Rahmatullo Obidov. Qur’on va tafsir ilmlari // Toshken Islom unversiteti nashriyoti-matba birlashmasi – T.: 2003. – B. 166.

Isoqjonov Muhammadibrohim

ta'lim muassasasi o'qituvchisi