
Jinlar yeb-ichadilarmi?
Sahih hadislarda jinlarning yeb-ichishlariga ochiq dalolat qiladi. Imom Buxoriy o‘z Sahihida Abu Hurayra roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni keltirgan: “U kishi (Abu Hurayra) Payg‘ambar alayhissalom bilan birga tahorat olishlari uchun suv ko‘tarib ergashib ketayotgandi. Shunda Rasululloh alayhissalom: “Kim bu?” dedilar. Men: “Men, Abu Hurayraman”, dedim. U zot: “Menga toshchalar topib kel, shu bilan istinjo qilaman, lekin suyak va tezak keltirma”, dedilar. Men ko‘ylagimda ko‘tarib olgan toshchalarni u kishiga olib borib, ortimga qaytdim. U zot forig‘ bo‘lgach, ortlaridan yurdim va “Suyak va tezakka nima bo‘libdi?” deb so‘radim. Rasululloh bunday javob qildilar: “Bular jinlarning taomlaridandir. Mening oldimga Nasbin jinlaridan vakillar kelib ular qandayam yaxshi jin, yemaklari haqida so‘rashdi. Men ular uchun Allohga duo qilib: “Suyak va tezakning oldidan o‘tsalar, ularda ta’m topsinlar!” deya so‘radim”.
Imom Muslim, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilishicha, Rasululloh alayhissalom bunday deganlar: “Qaysi biringiz ovqatlansa, o‘ng qo‘li bilan yesin, ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chapi bilan yeb, chapi bilan ichadi”.
Imom Muslim o‘z Sahihida Huzayfa roziyallohu anhudan ushbu hadisni rivoyat qiladi: “Agar biz Payg‘ambar alayhissalom bilan taom hozirlaganimizda to u zot alayhissalom boshlab, qo‘llarini urmaguncha biz unga qo‘limizni tekizmasdik. Bir marta u zot bilan taom hozirladik. Shu payt bir joriya keldi, go‘yo uni birov orqasidan itarayotgandek, tez borib qo‘l urmoqchi bo‘ldi. Shunda Rasululloh alayhissalom uning qo‘lidan ushlab, dedilar: Albatta, shayton Allohning ismi zikr qilinmagan taomni o‘ziga halol sanaydi (ya’ni, taomni yeyishni o‘ziga halol sanab, uning barakasini ketkazadi). Chunki, u halol sanaganidan mana bu joriya bilan kelgandi, men uning qo‘lidan ushlab qoldim. Taomni halol sanaganidan mana bu a’robiy bilan keldi, men qo‘lidan tutib qoldim. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, uning (shaytonning) qo‘li Alloh zikr qilinmagani uchun joriya qo‘li bilan birga edi». Imom Muslim bir rivoyatda «So‘ng Allohning ismini zikr qilib taomni yedilar”, deb ziyoda qildi.
Imom Muslim Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan Payg‘ambar alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Agar kishi uyiga kirayotganda, ovqatlanish paytida Allohni zikr qilsa, shayton (o‘z tobelariga): “Sizlarga joy ham, taom ham yo‘q”, deydi. Agar kirayotgan paytida Allohni zikr qilmasa u: “Joy va taom topdingiz”, deydi.
Jinlarning yeb-ichishi to‘g‘risida uch xil qarash bor:
1. Jinlar umuman yeb-ichmaydi. Bu so‘zning dalili yo‘q, botildir.
2. Ulardan bir toifasi yeb-ichadi, bir toifasi yeb-ichmaydi.
Ibn Abdulbarr Vahb ibn Munabbahdan rivoyat qilgan ushbu so‘z dalildir: “Jinlar bir necha toifadir. Ularning bir toifasi havo bo‘lib, yemaydi, ichmaydi va farzand ko‘rmaydi. Boshqa bir toifasidan esa, bu ishlar sodir bo‘ladi. Ularning alvasti, iblis va afsungarlari ham bor». Buni Hofiz ibn Hajar “Fathul-Boriy” kitobida keltirgan. Shuningdek, ular jinlarning toifalari to‘g‘risidagi oldin o‘tgan Abu Sa’laba Al-Hashniyning hadisini ham dalil qilishadi. Ularning so‘zlari to‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin.
3. Ularning barchalari yeb-ichadilar.
Bu so‘zning to‘g‘riligi ehtimoli oldingisiga qarqganda ko‘proq, keltirib o‘tgan hadislarimiz bunga dalil bo‘ladi va buni ta’kidlaydi. Vallohu a’lam. Imom Muslim, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan: “Allohning ismi zikr qilingan har bir suyak qo‘lingizga to‘liq go‘shtli bo‘lgan holda tushadi” hadisini Abu Dovud va boshqalar: «Allohning ismi zikr qilinmagan har bir suyak” deya rivoyat qilishgan.
Shayx Vohid Abdusalom Boliyning “As-Sorim Al-battor, fit-tasoddiy lis-saharotil ashror” kitobidan.
Yoqubjanov Abdurrashid
ta'lim muassasasi o'qituvchisi