Яратилиш санаси 28.04.2025

Aruz ilmi asoschisi

Abu Abdur Rahmon Xolil ibn Ahmad ibn Amr ibn Tamim al-Farohidiy al-Azdiy al-Yahmadiy al-Basriy, maʼruf nomi bilan Imom Farohidiy (hijriy 100–170/173, milodiy 718–786) — arab tili va adabiyotining mashʼaldek yorugʻ ulamo va sheʼriyatda ilk tartibni joriy etgan mutafakkirlardan edi.

U, sheʼrning musiqiy ohangini va ritmini aniq ilmiy qonun-qoidalar asosida oʻrganib, dunyoga “Aruz ilmi”ni taqdim etdi — sheʼr vaznlarini oʻlchash, tartibga solish sanʼati aynan uning zahmatlari samarasidir. Bu buyuk olim Abdulloh ibn Abu Isʼhoq Hazramiydan taʼlim olgan va oʻz davrining eng mashhur tilshunosi Sibavayhning ustozi boʻlgan.

Farohidiyning tugʻilgan joyi haqida ikki xil rivoyat mavjud: baʼzi manbalar uni Basrada, boshqalari esa Ummonda tugʻilgan, deydi. Ammo uning hayoti va ilmiy faoliyati asosan Basra shahri bilan bogʻliq boʻlib, u shu yerda oʻz ilm nurini yoydi va oxir-oqibat shu yerda vafot etdi.

Imom Farohidiy nafaqat ilmga, balki ruhiy poklikka va zohidona hayot tarziga intilib yashagan. U dunyoviy ziynatlarni keraksiz deb bilar,  odamlar orasida kamtarin yashar edi. Unga qarab, nafaqat uning tashqi koʻrinishi, balki qalbining tozaligi ham namoyon boʻlar edi.

Shu haqda ulamo Nadr ibn Shumayl shunday degan:  “Farohidiy kabi insonni koʻrgan kishi yoʻq, va Farohidiy ham oʻziga teng insonni koʻrmagan.”

U arab tilidagi birinchi va eng qadimiy lugʻat — “Kitob al-Ayn”ni yozdi. Bu asar orqali arab tilining boy xazinasi ilk bor ilmiy asosda tuzilgan va tartiblangan. Shu bilan birga u arab yozuviga tashkil va nuqta belgilarini kiritish orqali yozma matnlarni aniqroq va ravshanroq qilishda katta xizmat qildi.

Farohidiy sheʼriyat olamining vazn va ritmini ilmiy tahlil qilish bilan birga, maʼlumotlarni murakkab va aniq tarzda tizimlashtirdi. Keyingi olimlar uning ilmiy merosini soddalashtirishga harakat qildilar. Shuningdek, u shifrlash va kriptografiya sohalarida ham ilk tadqiqotchilardan biri boʻlib, bu yoʻnalishda al-Kindiy kabi katta mutafakkirlarga taʼsir oʻtkazdi.

Farohidiydan taʼlim olgan buyuk shogirdlar orasida:

 • Sibavayh — nahv ilmining asoschisi,
 • Lays ibn Muzaffar al-Kinoniy,
 • Asmaʼiy — til va adabiyot ilmining yoʻlboshchisi,
 • Kisoiy,
 • Nadr ibn Shumayl,
 • Horun ibn Muso an-Nahviy,
 • Vahb ibn Jarir,
 • Ali ibn Nasr al-Jahzmiy kabi suyukli shogirdlar bor edi.

Farohidiy shuningdek hadis ilmida ham faol boʻlib, Ayub as-Saxtiyaniy, Osim al-Ahval, Auvom ibn Hushab, Gʻolib al-Qatton, va Abdulloh ibn Abu Isʼhoq kabi muhaddislardan rivoyat qilgan.

Alisher Muhiddinov

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
taʼlim muassasasi oʻqituvchisi