
Islom dini – tinchlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibatga asoslangan dindir.
Islom dini – tinchlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibatga asoslangan dindir. Qur’oni Karimda va Payg‘ambar Muhammad sollollohu alayhi vasallamning hayotlarida turli din vakillariga nisbatan adolatli va hurmatli munosabatda bo‘lishga chaqiruvchi ko‘plab misollar keltirilgan. Bugungi kunda dunyoda diniy bag‘rikenglik masalasi dolzarb bo‘lib, Islom dinining bu boradagi nuqtai nazarini tushunish muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom dinida har bir insonning e’tiqod erkinligi hurmat qilinadi. Qur’oni Karimda { لَآ إِكۡرَاهَ فِي ٱلدِّينِۖ} “Dinda majburlash yo‘q” (Baqara surasi, 256-oyat) deb ochiq-oydin bayon qilingan. Bu oyat musulmonlarning boshqalarning diniga aralashmasliklari, balki ularni yaxshi muomalada bo‘lish orqali haqiqatga chorlashlarini bildiradi. Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Madina shahrida yashovchi yahudiylar va nasroniylar bilan tinch-totuv yashaganlar, ularning huquqlarini himoya qilganlar. Ular bilan tuzilgan ahdnoma diniy bag‘rikenglikning amaliy namunasi bo‘lgan.
Islom olamidagi ko‘plab olimlar ham turli din vakillariga nisbatan adolatli bo‘lish, ularni haqorat qilmaslik va tinch muloqotni targ‘ib qilganlar. Bu bag‘rikenglik faqat musulmonlar o‘rtasida emas, balki boshqa e’tiqoddagi insonlarga ham nisbatan qo‘llaniladi.
Islom dini o‘z mohiyatiga ko‘ra bag‘rikenglik dinidir. Diniy bag‘rikenglik nafaqat boshqa e’tiqodlarga hurmat, balki jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikning kafolatidir. Bugungi globallashuv davrida Islomdagi bu yuksak qadriyatni chuqur anglash va amaliyotga tatbiq etish, turli din vakillari bilan hamjihatlikda yashash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Abdukarimov Otabek
Ta'lim muassasasi 54-guruh talabasi