
Imom Dorimiy – Hadis ilmining yirik allomasi
Islom tarixida hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mo‘tabar olimlar ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri – Imom Dorimiy (rahmatullohi alayh) bo‘lib, u hadislarni to‘plash, tartiblash va ularga sharh berish sohasida o‘zining ilmiy merosi bilan mashhurdir. Uning hayoti, ilmi va asarlari hozirgi kungacha musulmon olamida chuqur hurmat bilan eslanadi.
Muhadisning to‘liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdur-Rahmon ibn al-Fazl as-Samarqandiy ad-Dorimiy bo‘lib, Hijriy 181-yilda (Milodiy 797-yilda) Samarqandda tug‘ilgan. "Dorimiy" nisbatini u Dorim qabilasiga mansubligidan olgan. U yoshligidan ilm talabida bo‘lib, ko‘plab ulamolardan hadis, fiqh va boshqa islomiy fanlarni o‘rgandi.
Barcha manbalarda Imom Dorimiy yoshlik chog‘laridanoq akl-zakovati, o‘tkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyatining o‘ta kuchliligi bilan barchani hayratga solganligi aytib o‘tilgan. U hadislarni to‘plash bilan cheklanmay, isnodlarining ishonchliligiga, uzluksizligiga va roviylar soniga ham katta e’tibor berdi.
Olim ilmiy safarlarini Xuroson shaharlaridan boshlaydi. Jumladan, mashhur hofiz Nazr ibn Shumayldan (vaf. 203/818 y.) Marv shaxrida ko‘p hadis tinglaydi.
So‘ngra Iroqqa borib, Bag‘dod, Vosit, Kufa, Hiyt kabi shaharlarida yetuk olimlardan hadis o‘rganadi. Imom Dorimiy o‘zining "Sunan asarida ikki yuz ellikdan ortiq ustozdan hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, uning yaqinlari, qarindoshlari ilm ahllaridan bo‘lganligi ta’kidlanadi. Jumladan, tog‘asi Abu Usoma Axmad ibn Muoviya hadis roviylaridan bo‘lib, uning shogirdi Abu Shua‘yb Ismoil ibn Mahlad al-Barrod as-Samarqandiy haqida Sam’oniy xabar bergan. Abu Xafs an-Nasafiy qayd etishicha, Imom Dorimiy akasining o‘g‘li Abu Ahmad al-Fazl ibn Muhammad Dorimiy Muxammad ibn Ishoqdan hadislar rivoyat qilgan.
Imom Dorimiy dastlabki ilmlarini o‘z yurti Samarqandda olgan. So‘ngra o‘sha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan fustot (Qoxira), Damashq, Bag‘dod, Makka, Madina, shuningdek Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlardan diniy va dunyoviy ilmlar, ayniqsa, hadis ilmi bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirgan.
Imom Dorimiy zamonasining yetuk muhaddislaridan biri edi. U o‘zining hadislar to‘plami bilan mashhur bo‘lib, hadislarni to‘plashda ishonchli va aniqlik bilan ishlagan. U hadisni faqat ishonchli roviylardan olgan va ularning sanad (zanjir) larini chuqur tekshirgan.
Uning ilmiy merosi boshqa mashhur muhaddislar – Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va boshqalar bilan teng qadrlanadi.
Imom Dorimiy Hijriy 255-yilda (Milodiy 869-yilda) vafot etgan. U o‘zidan boy ilmiy meros qoldirib, musulmon olamida muqaddas zot sifatida hurmat bilan tilga olinadi.
Jo‘ramirzayev Islomjon
Toshkent Islom instituti 401-guruh talabasi.