
Haj – hayotdagi burilish nuqtasi!
Aziz hoji aka va opalar, Allohning baytini ziyorat qilish sharafiga muyassar bo‘lganingiz muborak bo‘lsin! Bu muqaddas safar nafaqat bir ibodat, balki butun hayotingizni tubdan o‘zgartiruvchi, qalbingizni poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi bebaho imkoniyatdir.
Ko‘pincha biz amallarimizni bajarishga shoshilamiz, ammo ularning qabul bo‘lishi haqida yetarlicha qayg‘urmaymiz. Hazrat Ali roziyallohu anhu bejizga shunday demaganlar: "Amallaringizni ado etishdan ko‘ra, ularning qabul qilinishiga ko‘proq e'tibor beringlar!" Zero, Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan: "Albatta, Alloh taqvodorlardan qabul qilur" (Moida surasi, 27-oyat). Bu oyat bizga amallarning samimiyat va taqvo bilan bog‘liqligini eslatadi.
Hajdan keyingi hayot: Yangi sahifa oching!
Arafot va Muzdalifada turib, ko‘z yosh to‘kib, o‘tgan gunohlaringizga tavba qilganingizdan so‘ng, Alloh sizni do‘zaxdan ozod etganiga umid qilamiz. Endi eng muhimi – bu poklanishdan keyin yana gunohlar botqog‘iga qaytmaslikdir. Alloh taolo haj amallaridan so‘ng ham mag‘firat so‘rashga buyurgan: "Soʻngra odamlar tushgan tomondan tushinglar va Allohdan (gunohlaringizni) magʻfirat qilishini soʻranglar! Albatta, Alloh magʻfirat qilguvchi, rahmlidir." (Baqara surasi, 199-oyat). Bu oyat bizga har doim Allohdan kechirim so‘rashning muhimligini uqtiradi.
Hajdan qaytgach, o‘zingizga savol bering: Haj qalbimga, xulqimga, so‘zlarimga va amallarimga qanday ta'sir ko‘rsatdi? Bu savol har bir hoji zimmasidagi mas’uliyatni anglatadi. Niyatingizni mahkam qiling, azmingizni yangilang va hajingizni hayotingizda burilish nuqtasi bo‘lishiga intiling!
Oz bo‘lsa ham davomli bo‘lsin
Unutmang, oz bo‘lsa ham davomli bo‘lgan amal, ko‘p bo‘lib uzilib qolgan amaldan afzaldir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: "Allohga eng sevimli amallar oz bo‘lsa ham davomli bo‘lganidir." Endi Alloh bilan yangi sahifa oching. Namozlaringizga yanada e'tiborli bo‘ling, til va dil bilan zikr qiling, Qur’on tilovatini kanda qilmang, sadaqa berishga odatlaning.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini maqbul, gunohlarini mag‘fur, sa'ylarini mashkur aylasin. Barchamizga to‘g‘rilik va istiqomatda to o‘lim lahzasigacha sobit turishimizni nasib etsin!
Alisher Muhiddinov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
ta`lim muassasasi o`qituvchisi