
Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh: Ilm va zuhd timsoli
Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Muborak ibn Hozim al-Marvaziy (رَحِمَهُ اللّٰهُ) — salaf as-solihiyn ilmu amalda o‘z zamonasining eng yetuk kishilaridan bo‘lib, hadis ilmi, fiqh, zuhdu taqvo, va jihodda buyuk mavqega ega bo‘lgan tobeinlardan sanaladi.
U zot hijriy 118-yil (milodiy 736-yil) Marv shahri (hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan tarixiy shahar)da tavallud topgan.
Otasi Muborak fors aslidan bo‘lib, Marvda yashagan. Ibn Muborak shaharli, ilm va savdo bilan shug‘ullangan yirik oilada ulg‘aygan.
Abdulloh ibn Muborak (r.a.) yoshligidan ilmga rag‘bat qo‘ygan. U zot ilmni Basra, Kufa, Hijoz, Yaman, Misr, Shaam va boshqa ko‘plab o‘lkalarni kezib, eng mashhur tobeinlardan va ularning shogirdlaridan o‘rgangan.
Hadis ilmida Sufyon as-Savriy, Malik ibn Anas, al-Avza’iy, Ibn Jurayj, Shu‘ba, Hammad ibn Zayd kabi mashhurlardan hadis rivoyat qilgan.
Fiqh ilmini Abu Hanifa rahimahullohdan saboq olib, hanafiy fiqhini targ‘ib qilgan.
Ibn Mahdiy, Yahyo ibn Ma’in, Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh, Ali ibn al-Madiniy kabi yirik muhaddislar u zotga shogird tushganlar.
Abdulloh ibn Muborak (r.a.) ilmni nafaqat o‘rganar, balki unga amal qiluvchi ulug‘ zot edi. U zuhdu taqvo, saxovat, jihod va odobda o‘z zamonasida yagonalardan bo‘lgan.
Dunyo ne’matlaridan ko‘ngil uzib, Allohga yaqinlik istagan Abdulloh ibn Muborak:
"Taqvo bilimdan ustundir," – degan.
Halol tijorat bilan shug‘ullanar, ortiqcha foydani talabalar, faqirlar va safarda bo‘lgan musulmonlar yo‘lida sarflar edi.
Ibn Muborak nafaqat hadis va fiqh rivoyat qilgan, balki yozgan asarlari bilan ham mashhur. U zotning bir necha asarlar bor boʻlib, jumladan:
1. Kitob az-Zuhd va’r-Raqo’iq – Zuhd va qalbni yumshatadigan rivoyatlar
2. Kitob al-Jihod – Jihod va fidokorlik haqida rivoyatlar
3. Musnad – Hadislar to‘plami
U zotning "Agar ulamolar bo‘lmaganida edi, odamlar chorvadan battar bo‘lardi."
"Men o‘zimdan ko‘ra Allohdan ko‘proq qo‘rqqan odamni ko‘rmaganman."
"Ilm – Allohdan qo‘rqishni kuchaytiradigan vositadir." deb aytgan unutilmas soʻzlari bor
U zot Hijozdan qaytayotib Hit degan joyda (Iroq hududida) hijriy 181-yil (milodiy 797-yil) vafot etganlar.
Umri davomida ilm, jihod, va saxovatni uyg‘un holda olib borgan buyuk imom, o‘zidan chuqur ta’sir qoldirgan zotlardan biridir.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh — ilm va amalning birlashgan namunasi, dinni nafaqat gapda, balki hayotda namoyon etgan kishi edilar. U zotning hayotlari islom ummati uchun ibrat maktabidir. U zot nafaqat kitob yozdilar, balki har bir amallari bilan musulmon ummatiga yetuk namuna bo‘ldilar. Alloh u zotdan rozi boʻlsin.
Ismoilov Akramxon,
ta'lim muassasasi o'qituvchisi