
Ota-onaga ehtirom
Mehribon va rahmli bo'lgan zot Alloh taologa beadad hamd-u sanolar va ikki olam sarvari Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salovot-u salomlar bo'lsin.
Bugungi kunda internet tarmoqlari orqali ko'ngilni ranjitadigan voqealarga guvoh bo'lib qolyapmiz. Masalan ba'zi bir farzandlar mushtipar onalarini jerkib, ularga g'azab qilib baland ovozda muomala qilishlari hattoki ba'zi bir noqobil farzandlar o'zini dunyoga kelishligiga sababchi bo'lgan ota-onalarini qariyalar uyiga olib borib qo'yayotgani juda ham achinarli xolatdir. Vaholanki Alloh taolo o’zining muborak kitobi Qur'oni karimda marhamat qiladiki: “Robbingiz faqat uning o’zigagina ibodat qilmoqlikka va ota-onaga yaxshilik qilmoqlikka buyurdi. Agar xuzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalik yoshiga yetsalar bas ularga “uff” demagin,ularga ozor bermagin va ularga eng go'zal gaplarni gapirgin”. (Isro surasi 22-oyat) Alloh taolo ushbu oyatda O’ziga ibodat qilishlikdan keyinoq ota-onaga yaxshilik qilishlikka buyurdi. Bu ikki hukmning bir oyatdagi bir jumlada bayon qilinishining o'ziyoq, islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug' ekanini ko’rsatadi. Ota-onani hurmatlash,e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi islomga teng kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustitagi haqqi to’g’risidagi oyatlar, hadislar bu borada dunyo tarixida misli ko'rilmagan oliymaqom narsalar ekanligi malum va mashxurdir. Xususan, bu oyat va hadislarni, ilohiy ko’rsatmalar va islomiy hikmatlarni hayotga tatbiq qilgan musulmonlarning ota-onalariga ko'rsatgan yuksak ehtiromlariga tarix shohiddir.
Hofiz Abu Bakr al-Bazzor u kishi o’z otalaridan qilgan rivoyatda aytadilar: “Bir odam ziyoratda onasini ko’tarib yurib tavof qildirayotgan ekan.U kishi Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan “Onamning haqlarini ado qildimmi!”-deb so’rabdi. Shunda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yo'q” degan ekanlar.
Yana Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar : “Ikki ayol bo’lib ularning bittadan farzandlari bor edi. Kunlardan birida bir bo’ri kelib birining farzandini olib ketdi.Shunda ularning biri aytdiki bo’ri seni farzandingni olib ketdi, ikkinchisi esa yo'q bo’ri seni farzandingni olib ketdi deb ikkovlari tortisha boshladi. Bu masalada hukm chiqarib berishlik uchun Sulaymon alayhissalomni oldilariga bordilarda bo’lgan voqeani xabarini berdilar. Shunda Sulaymon alayhissalom bolani o’rtasidan ikkovlariga bo’lib berishlik uchun pichoq olib kelishliklarini buyurdilar. Shunda ularning kichigi aytdiki sizga Allohning rahmati bo’lsin bunday qilmang, bu uning farzandi deb aytganda Sulaymon alayhissalom bu kichik ayolning bu bolaga bo’lgan mexribonligi, rahmdilligini ko'rib, mana shu kichik ayolga hukm chiqarib berdilar”.
Onaning farzandiga bo’lgan mehri shu qadar kuchliki, hatto kechasida kuchli chaqmoq chalganida uyg'onmagan ona beshikda yotgan jajji chaqalog’ining qimirlashini sezib uyg’onar ekan. Albatta bu onalarimizning bizlarga bo’lgan rahmdilligi, muhabbati va bizlarni o’zlaridanda yaxshi ko’rishliklaridandir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: "Allohning rizosi ota-onaning rizosidadir, Allohning noroziligi ota-onaning noroziligidir".
Shunday ekan ota-onamizni qadrlashimiz, e’zozlashimiz, ularga qo’limizdan kelguncha yaxshilik qilmoqligimiz, mehr ko’rsatmoqligimiz va ularning roziligini olmoqlig'imiz bizlarga lozim va lobuddir.
Mahmudjanov Javohir
Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi