Яратилиш санаси 29.06.2025

ISLOM — INSONIYLIK TIMSOLI

Olamda insondan fazilatli va mukarram birorta mahluq yo’q.

Inson jismida esa eng fazilatli va sharafli a’zo qalbdir, ko’ngildir. Insonning insoniyligi qalbi bilan, ko’ngil musaffoligi bilandir.

Qalb ma’rifat o’rnidir. Insonning boshqa mahluqotlardan yuksakligi aynan ma’rifat tufaylidir. Inson qalbi bilan Alloh subhanahu va taologa iymon keltiradi va Unga yaqin bo’ladi.

Dinimiz har bir insonga o’z qalbini asrashni buyuradi. O’zgalar qalbiga tajovuz qilishdan qaytaradi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

"(Ey Muhammad) marhamatli bo’ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o’giring".

Payg’ambarimiz s.a.v. aytganlar:

"Chiroyli xulq sizdan bordi-keldini uzib qo’ygan kishiga silai rahm qilishingiz, sizni mahrum etganga berishingiz, zulm qilganni kechirishingizdir."

Yaxshi muomala va samimiy munosabat qalblarga sevinch bag’ishlaydi. 

Qalbni quvontirish ibodat sanaladi. Hadisi qudsiyda bunday marhamat qilinadi:

"Farz amallarni ado qilishdan so’ng musulmon qalbini xursand qilishdan ortiq amal yo’q." Bu fazilatli, ulug’ ish ekani Payg’ambarimiz s.a.v.ning hadislarida ko’p bora ta’kidlangan.

So’fi Allohyor r.a. yozadilar:

Kel, ey obid, o’zingni aylagil xok, 
Haromu shubhadan xulqingni qil pok.
Ochiq qo’llik, kushoda yuzli bo’lgil,
Muruvvatlik, muloyim so’zli bo’lgil.

Xushxulq, go’zal tabiatli, yaxshi fe’l-atvorli bo’lish odamlarning ulug’ g’oyalaridir. Inson shu maqsadiga erishgach, insonlik darajasiga kamolotga etadi. Islom dini odamlarga xushxulqni talqin etadi. Payg’ambarimiz s.a.v.: "Din go’zal axloqdir", deb marhamat qildilar.

Chunki, din insonni zalolatdan, yomonlikdan uzoqlashtiruvchi, xushxulqqa etkazuvchidir.

Bir sahobiy Payg’ambarimiz s.a.v.dan xushxulq xususida so’radi: "Yo Rasululloh! Go’zal axloq nima?" "Xafalashgan bilan so’zlashmog’ing, seni mahrum etganga bermog’ing, senga zulm qilganni avf etmog’ingdir" dedilar Rasululloh s.a.v.

Shirin so’z, yordam ko’ngli yarimlarga malham bo’luvchi, barcha dillarga shodlik urug’ini, xursandlik nurini sepuvchi eng buyuk yaxshilikdir. G’ussali ko’ngillar shirin so’z va yordam bilan quvvatlanadilar.

Payg’ambarimiz s.a.v. ham butun hayotlari davomida ko’ngli yarimlarni, ma’yuslarning ko’ngillarini ko’tarar, shirin so’zlar aytib xursand qilar edilar, muhtojlardan yordamlarini ayamas edilar.

Bir kun Payg’ambarimiz s.a.v.ning xonai saodatlariga bir tilanchi keldi. Oisha r.a. onamizning unga biror narsa bermaganlarini bilgach, juda mutaassir bo’ldilar. Onamizga murojaat qilib: "Ey Oisha! Yarimta xurmo bilan bo’lsa ham, do’zaxdan saqlanishga harakat qil. Shuni ham topolmasang yaxshi so’z ayt!" dedilar.

Ma’lum bo’lyaptiki, Rasululloh s.a.v. doim bandalik yo’lini tutganlar. Butun hayotlari davomida ana shu dasturga amal qildilar, eng nozik, eng shirin va to’g’ri so’zlari yarador qalblarga malham bo’ldi. Ko’ngli yarimlarni ko’nglini ko’tardilar, ko’nglini oldilar.

"So’rovchi gadoni (biror narsa bermasdan) haydamang!" oyati karimasining tushishiga Usmonning r.a. Payg’ambarimiz s.a.v.ga ertapishar, yangi mevalar keltirishi sabab bo’ldi. Usmon r.a. bog’larida pishgan ilk mevani darhol Rasululloh s.a.v.ga keltirdilar. Endi mevani Payg’ambarimiz s.a.v. oldilariga qo’yishganda, eshikdan bir tilanchi: "Shay’an-lillah", deya Alloh uchun bir narsa so’rab keldi. Payg’ambarimiz s.a.v. tilanchining bu so’zlarini eshitishlari bilan Usmon r.a. keltirgan mevalarni uzutib: "Ey Usmon! Olib bor, buni Alloh uchun so’raganga ber", dedilar. Usmon r.a. mevani faqirga berdilar. Va so’ngra mevani sotib olib, Payg’ambarimiz s.a.v.ning huzurlariga keltirdilar. "Ey Rasululloh s.a.v.! Faqir ko’nglini oldim, pul berib ko’nglini ko’tardim, mevalarni xotirjam eng", dedilar Usmon r.a. Rasululloh s.a.v. endi emoqchi bo’lganlarida tag’in tilanchi paydo bo’ldi. "Shay’an-lillah", deya Alloh yo’lida yordam so’radi. Payg’ambarimiz s.a.v. Usmon r.a.ga yana mevani uzatib, faqirga berishni amr etdilar. Usmon r.a. yana faqirni ko’nglini ko’tarib, mevani sotib oldilar. Va yana Payg’ambarimiz s.a.v. emoqchi bo’lganlarida tilanchi eshikdan kelib, "Shay’an-lillah" dedi. Payg’ambarimiz s.a.v. tilanchiga marhamat qildilar: "Sen tilanchimisan, sotuvchimisan?" Shu onda: "So’rovchi gadoni (biror narsa bermasdan haydamang)", oyati nozil bo’ldi.

Payg’ambarimiz s.a.v. bir umr shu dasturga amal qildilar, kelgan tilanchini haydamadilar, quruq qaytarmadilar, qo’llaridan kelgan yordamni berib, yaxshi so’z aytib, ularning mayus ko’ngillarini oldilar. Shirinso’zlikda, yordamda Rasululloh s.a.v. odamlarga eng buyuk o’rnakdirlar. Har bir musulmon Payg’ambarimiz s.a.v.ni bu yo’lda o’rnak bilib, muhtojlarga yordam berishi, shirin so’zlar aytib ko’ngillarini ko’tarishi kerak. Eshigidan tilanchini quvganlar, yomon so’z aytib, yomon muomalada bo’lganlar, Qur’oni Karim yo’liga qarshi yo’l tutgan, Payg’ambarimiz s.a.v.ning o’rnak yo’llaridan ayrilgan bo’ladilar.

O’tgan ulamolarning barchasi muloyimlik va mehribonlikda boshqalarga o’rnak bo’lishgan. 

O’zbek mumtoz adabiyoti va o’zbek adabiy tili asoschisi ulug’ shoir va mutufakkir Nizomiddin Alisher Navoiy insoniyatni, kishilik jamiyatini sevgan. Ulkan qalb egasi bo’lgani ma’lum. U insonni Alloh taoloning eng oliy mavjudoti deb bilgan va doimo odamlarga xizmat qilish, dardlariga malham bo’lishga intilgan. Shu bois uning:

Odami ersang, demagil odami

Oni, kim yo’q xalq g’amidin g’ami...

misralarini bilmagan, mazmunini tushunmagan vatandosh kam topiladi.

Butun umrini insonlarga yaxshilik qilishga sarflagan ulug’ shoir barcha asarlarida himmat va saxovatni ulug’ladi. Ochko’zlik hasad va yomonlikni qoraladi.

Uning ijodida himmat masalasi muhim ijtimoiy-siyosiy qimmatga ega. Himmatni insonning qadr-qiymatini belgilovchi ma’naviy-axloqiy jihat sifatida ta’riflaydi.

Alisher Navoiy fikricha, himmat Odam otamiz avlodi, ya’ni insoniyatning yo’lboshlovchisi, rahbari ekan. Chunki himmatli insongina o’ziga, oilasiga, qarindosh-urug’iga, mahallasiga, shahriga, Vataniga naf’ keltiruvchi ishlar qila oladi. "Hayratul abror" dostonida ta’kidlanganidek:

Naf’ing agar xalqqa beshak durur, 

Bilki bu naf’ o’zingga ko’proq durur.

Mazmuni: agar sendan xalqqa naf-foyda tegadigan bo’lsa, bilginki bu naf’, avvalo o’zingga ko’proq tegadi. Chunki Alloh taolo nazdida va Payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. nazdlarida boshqalarga foydasi tekkan mo’minning gunohlari kechilib, unga ko’p savob yoziladi.

Navoiy fikricha, himmat va yaxshilikning ko’pi ham, ozi ham o’ziga yarasha qiymatga ega. Shu bois shoir saxovat qilish, muhtojlarga ozgina bo’lsa ham yordam berish himmatdan ekanini qayta-qayta ta’kidlaydi.

Saxovatsiz kishi yog’insiz abri bahor 

Va royihasiz mushki totor.

Mazmuni: Saxovatsiz kishi yomg’irsiz bahor buluti va yoqimli hidi bo’lmagan toza mushkdir. Bunday misollarni Alisher Navoiy asarlaridan yuzlab keltirish mumkin. Hazratning o’zi hayoti davomida insonlarga faqat yaxshilik qilish, manfaat etkazishga intilib yashaganlar. 

Aqilxanov Saidolim,

 ta'lim muassasasi o'qituvchisi