
Zamaxshariyning ilmiy faoliyati va arab tili grammatikasiga tasiri
Xorazm vohasi azaldan jahon ilm-fani va madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti sifatida mashhur bo‘lib kelgan. Ayniqsa, o‘rta asrlarda ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha samarali faoliyat ko‘rsatgan Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon al-Beruniy, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Ibn Miskavayh, Abu Nasr al-Iroq, Abu Sahl al-Masihiy, Abu Xayr ibn al-Xammor, Abu-l-Fath al-Mutarriziy kabi xorazmlik allomalarning dovrug‘i butun Mag‘ribu Mashriqqa tarqalgan. Xorazm zaminida tavallud topib faoliyat ko‘rsatgan ana shunday buyuk allomalardan biri Mahmud Zamaxshariydir.
Uning to‘liq ismi Abu-l-Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad bo‘lib, hijriy 467 sana, rajab oyining yigirma yettinchisida chorshanba kuni (1075 yilning 19 mart)da Xorazmning yirik qishloqlaridan biri – Zamaxsharda tavallud topgan va shu boisdan ham Zamaxshariy nisbasini olgan . Ushbu taxallus uning asarlarida ham muqim shaklda ishlatiladi . Zаmаxshаriydek buyuk zоtning kindik qоni tо‘kilgаn Zаmаxshаr qishlоg‘i, аllоmаning yurti bо‘lgаnligi tufаyli hаm, keyinchаlik butun dunyоgа dоng‘i ketgаn qishlоqqа аylаndi .
U Makkai mukarramada yashagan paytida Iskandariyalik shogirdi Shihobuddin Ahmad ibn al-Husayn al-Molikiyga quyidagi maktubida o‘zi haqida: “Men Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiyman, keyin Zamaxshariyman. Xorazmning katta bir qishlog‘i – Zamaxsharga mansubman. Zamaxshar tug‘ilgan qishlog‘imdir”, – deb yozgan. Zamaxshariydek buyuk zotning kindik qoni to‘kilgan Zamaxshar qishlog‘i, allomaning yurti bo‘lganligi tufayli ham, keyinchalik jumlai jahonga dong‘i ketgan qishloqqa aylandi.
Zamaxshariyning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar, asosan, o‘rta asr arab manbalarida, qisman olimning asarlarida keltirilgan. Bu tarzdagi ma’lumotlarni Ibn Xallikon, Ibn al-Anboriy, Yoqut al-Hamaviy, Muhammad al-Yofi’iy, Ibn al-Javziy, Jaloliddin as-Suyutiy, Ibn al-Qiftiy va boshqa arab mualliflarining asarlarida uchratamiz. Mana shu mualliflar keltirgan dalillarga tayanib aytish mumkinki, Zamaxshariyning otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, o‘z davrining savodli, taqvodor, diyonatli kishisi bo‘lgan. Aksar vaqtini Qur’oni Karim tilovati-yu, toat-ibodat bilan o‘tkazgan va Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. U xulq-atvori yaxshi, shirinsuxan va g‘oyat mehr-muruvvatli kishi sifatida el orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Onasi ham taqvodor va fazilatli, ma’rifatli ayollardan bo‘lgan. Zаmаxshаriy dаstlаbki bilimini оnа yurti Zаmаxshаrdа о‘z оtа-оnаsidаn оlgаn.Ayrim tadqiqotchilar uning oila a’zolari ham ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladilar, ammo bu haqda aniq tarixiy dalillar saqlanmagan .
U o‘z faoliyatini boshlagan davrda Xorazm diniy va ilmiy jihatdan taraqqiy etgan markazlardan biri bo‘lib, bu muhit Zamaxshariyning shakllanishida muhim o‘rin tutgan .
Yoshlik chog‘laridan ilm-irfonga intilgan Zamaxshariy bilim va tajribasini oshirish maqsadida Islom dunyosining yirik ilmiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Buxoroyi Sharifga yo‘l olgan. Ammo ilm tolibi yo‘lda yuz bergan baxtsiz hodisa (otdan yiqilib, oyog‘i qattiq lat yegani, buning ustiga qahraton sovuq bo‘lgani) tufayli bir oyog‘ini kestirishga majbur bo‘ladi va butun umri davomida yog‘och oyoqda yuradi. Lekin bu nogironlik uning bilim olishiga to‘sqinlik qila olmaydi.
U yoshligidan ilm-fanning turli sohalarini, ayniqsa, arab tili va adabiyotini, diniy ilmlar majmuasini mukammal egallaydi. Ayni vaqtda o‘sha davrda ilm ahllari orasida g‘oyatda zarur va muhim hisoblangan xattotlik san’ati sirlarini ham to‘liq o‘zlashtirib, uni obdon egallaydi va bu bilan o‘z oilaviy turmush sharoiti, tirikchiligini ham bir qadar yaxshilaydi. Jismoniy nogironligiga qaramasdan, Zamaxshariyning katta ishtiyoq va sobitqadamlik bilan bilim olish yo‘lida ko‘rsatgan bu jasorati va fidoyiligi har qanday tahsinga sazovordir va katta bir ibratdir.
Zamaxshariy hayoti bilan tanishar ekanmiz, uning ilm talabida qator xorijiy mamlakatlarga safar qilganligini ham ko‘ramiz. Darhaqiqat, u Xuroson, Shom, Iroq, Hijozda bo‘lganligi yozma manbalarda qayd etilgan. Mana shu yurtlarda bo‘lganida Zamaxshariy o‘sha davrning ko‘p mashhur olimlaridan saboq oldi, ular bilan ilmiy, ijodiy munozaralarda ishtirok qildi.
Mahmudjanov Javohir,
ta'lim muassasasi o'qituvchisi