
Sehrgarni tanib olish mumkin bo‘lgan alomatlar!
Muolaja qilayotganlarning qaysi birida quydagi alomatlardan birortasi topilsa, shubhasiz u jodugar (ya’ni sehr-jodu qiluvchi jinlar bilan muolaja qiluvchi kishi) dir.
Ushbu alomatlar quyidagicha:
1. Bemordan ismini va onasining ismini so‘raydi.
2. Bemordan biron-bir shaxsiy buyumini so‘raydi (masalan: kiyimi, bosh kiyimi, belbog‘ yoki rasmi kabi va hakazolar).
3. Goho muayyan sifatdagi jonivorni talab qiladi, so‘yayotganida Allohning ismini aytmay so‘yadi.
Ba’zan so‘yilgan hayvon qonini olib kasalning og‘riq joylariga surtishni buyuradi yoki shu go‘shtni haroba va tashlandiq yerga uloqtiradi.
4. Tilsimlar yozib berish.
5. Tushunarsiz azoyimlar va tilsimlar o‘qish.
6. Bemorga tumor beradi, ichida to‘rtburchak kataklar bo‘lib, unga harflar yoki raqamlar yozilgan bo‘ladi.
7. Kasalga muayyan muddat davomida quyosh nuri tushmaydigan xonada uzlatda bo‘lishni buyuradi. Ko‘pchilik buni «chilla o‘tirish», deb ataydi.
8. Goho kasalga muayyan muddat (ko‘pincha) qirq kun suvga tegmaslikni buyuradi. Bu alomat – o‘sha sehrgarga xizmat qilayotgan jin nasroniy ekaniga dalolat qiladi.
9. Kasalga ba’zi narsalarni berib, yerga ko‘mishni buyuradi.
10. Bemorga varaqlarni berib (unda tilsim va azimlar yozilgan) yoqish va tutatishni buyuradi.
11. Tushunarsiz tilda g‘o‘ldiraydi.
12. Ba’zida sehrgar kasalga ismini, shahrining nomini, nima hojat bilan kelganini va shu kabilarni bemor aytmasa ham gapirib beradi.
13. Bir varaqqa tumor qilib tushunarsiz harflarni yozib beradi yoki sopol chinni idishga (lagan, tarelka kabi) yozib bemorga uni yuvib ichishga buyuradi.
Ushbu alomatlardan birortasini uchratib, muolaja qilayotgan shaxsning sehrgar ekanini bilsangiz, zinhor uning huzuriga bora ko‘rmang, aks holda...
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislaridagi kishilar jumlasidan bo‘lib qolasiz: “Kimki kohinning huzuriga borsa va uning aytganlarini tasdiqlasa, batahqiq u Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ga nozil qilingan narsa (din Qur’on)ga kofir bo‘libdi”. (Muhaddislardan al-Bazzor rivoyat qilgan, bu ma’noda yana ko‘plab hadislar bor).
Vohid Abdussalom Boliyning “as-Sorimul battor fit tasoddiy lis saharotil ashror “ kitobidan.
Yoqubjanov Abdurashid,
ta'lim muassasasi o'qituvchisi