Яратилиш санаси 09.07.2025

Sun’iy Intellekt va Islom: Foyda, xavf va yana nima kutmoqda?

“Aqlga o‘xshagan aql?”

Sun’iy intellekt (yoki qisqacha AI) haqida eshitmagan odam qolmadi. Mashinalar fikrlayapti, chatbotlar savollarga javob beryapti, hatto ba’zi robotlar his qilayotganday reaksiya bildirmoqda. Yaxshi, ammo bu texnologiya musulmon o'laroq bizga qanday ta’sir qiladi? Islom dini bu borada nima deydi?

Shu maqolada biz oddiy tilda, hayotiy misollar bilan AI va Islom o‘rtasidagi muvofiqlik, farq, foyda va xavflarni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

🧠 Sun’iy intellekt degani nima o‘zi? Oddiy qilib aytganda…

Sun’iy intellekt — bu inson aqli kabi ishlaydigan texnologiya. Ya’ni, kompyuter, telefon, robot yoki dastur:

  • O‘rganadi (masalan: siz nima tomosha qilasiz, nimani ko‘proq o‘qiysiz)
  • Qaror chiqaradi (masalan: Google Maps sizga qaysi yo‘l tezroq deyishi)
  • Suhbatlashadi (ChatGPT yoki ovozli yordamchilar kabi)
  • Hatto rasm chizadi yoki she’r yozadi…

Bu texnologiya hozir nafaqat kino yoki o‘yinlarda, balki hayotimizda bor:

  • Telegramda botlar
  • Telefon kamerangizdagi yuzni tanish funksiyasi
  • Tibbiyotda bemorni erta aniqlash tehnolohiyalari
  • Moliyada firibgarlikni aniqlash dasturlari

📖 Islom texnologiyaga qanday qaraydi?

 Ko'pchilik islom texnologiyaga qarshi deb o'ylaydi.

Yoq, aksincha.

Islom – ilmga eng katta urg‘u bergan din. Qur’onda birinchi tushgan oyat nima edi?

"O‘qi!" (Iqro’) – Alaq surasi, 1-oyat

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) dedilar:

“Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir.” (Ibn Moja) Yuqoridagi "ilm talab qilish" aynan oxirat ilmiga qaydlanmagan balki umumiy qilib keltirilgan. Bu degani nafaqat oxirat balki dunyoviy ilmlarni ham bilish zarur degani. Hozirgi zamonda zamonaviy tehnologiyalarni bilish talab darajasidadir. 

Demak, islom dini tehnologiyani o'rganishga qarshi emas, aksincha uni o'rganishga targ'ib qiladi. Islom texnologiyani foydali bo‘lsa – ma’qul sanaydi, zararli bo‘lsa – man etadi.

✅ Sun’iy intellekt foydasi – musulmonlarga nima beradi?

1. Tibbiyotda kasalliklarni erta aniqlash orqali hayotni saqlab qolishga sabab bo'ladi.

Misol: AI yordamida yurak kasalligini erta aniqlaydi ( ya'ni bemorning EKG natijalarini tahlil qiladi) va yuz berishi mumkin bo'lgan havfdan ogohlantiradi. Bu esa o'z navbatida bir hayot saqlanib qolishiga sabab bo'ladi. Hayot saqlansa – bu islomda eng ulug‘ amal.

Qur’on: "Kim bir jonni qutqarsa, go‘yoki butun insoniyatni qutqargandek bo‘ladi." (Moida surasi, 32-oyat)

2. Diniy bilimlar uchun yordamchi

  • Qur’on o‘rgatuvchi ilovalar
  • Namoz vaqtini aniqlovchi dasturlar
  • Arab tilini o‘rgatuvchi chatbotlar

3. Nogironlar uchun imkon

Ko‘zi ojizlar uchun ovozli o‘quvchi tizimlar, qulog‘i eshitmaydiganlar uchun tarjima qiluvchi texnologiyalar – bularning barchasi har bir musulmon buyurilgan rahm shafqat va ko'makdir.

⚠️ Sun’iy intellekt xavflari – Islom nima deydi?

1. Insonni o‘rniga qo‘yish – xavfli chiziq

Ba’zilar AI’ni xudo darajasiga chiqarib, unga ishonadi, sajda qiladi (haqiqiy voqealar bor. Misol: Antony Levandovski ishi. U AI muhandislaridan biri. U kelajakdagi AI insondan ancha qudratli bo'lishi ko'zda tutilgani uchun uni hudo deyish mumkin deb hisoblaydi). Bu shirkdir – eng katta gunoh.

2. Axloqsizlikni tarqatishi mumkin

  • Deepfake videolar
  • Sun’iy erotik kontentlar
  • Yolg‘on axborotlar

Islomda bular katta gunohlar, AI bu narsalarni tezlik bilan va keng miqyosda tarqatishi mumkin.

3. Mas’uliyat masalasi – kim javobgar?

Agar AI adashsa, Avto-pilot mashinalar kimnidir urib yuborsa, yoki AI noto‘g‘ri tashhis qo'ygan bo'lsa– javobni kim beradi? Insonmi? Dasturchimi? Mashinami?

Islomda esa har kim qilgan ishidan javobgar.

4. Ish o‘rinlarini yo‘q qilishi

Sun’iy intellekt ba’zi kasblarni yo‘q qilmoqda: tarjimon, kassir, hatto (ba'zi yevrooa mamlakatlaridagi) ustozlar!

Buni to‘g‘ri boshqarilmasa, ishsizlik, kambag‘allik va ijtimoiy beqarorlik keltirib chiqaradi.

📌 Musulmonlarga tavsiyalar: Nima qilish kerak?

  • Texnologiyadan qochish emas – uni shariyatga muvofiq holatda o‘zlashtirish.
  • AI’ni foydali ishlarga yo‘naltirish: ta’lim, tibbiyot, axborot.
  • Halollik va axloqiy nazoratni birinchi o‘ringa qo‘yish.
  • Ilm olish – ayniqsa AI va texnologiya sohasida musulmon yoshlar faol bo‘lishi zarur.
  • Doim esda tutish lozim: aql Allohdan, AI esa inson yasagan vosita. Uni abadiy xudo qilib bo‘lmaydi.
     

✅ Xulosa: Texnologiya bizga bo‘ysinsin, biz unga emas

Sun’iy intellekt bu: yordamchi, vosita, qurol. Unga qarshi chiqish emas, undan qanday foydalanishni bilish kerak. Islom bizga bu borada yo‘l ko‘rsatadi: adolat, axloq, sabr, ilm va mas’uliyat.

Inson Allohning yer yuzidagi xalifasi. Mashina emas. Aqlga o‘xshagan aql kashf qilingan bo‘lishi mumkin, lekin maqsadli, qaror qabul qiluvchi va ishiga javobgar  aql faqat Allohning bandalari- insonlarga xos.