Яратилиш санаси 20.06.2025

Hadis ilmining shakllanishi va taraqqiyoti (2-qism)

3. “Taqrir” – bir narsaga iqror bo’lish, uning to’g’riligini tasdiqlash – ma’qullash ma’nosini anglatadi. Sunnatdagi taqrir esa Payg’ambarimiz (s.a.v.) ning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo’lgan ba’zi narsalarni ma’qullashlaridan iborat. Birgina misol: Xolid ibn Valid (r.a) payg’ambarimiz (s.a.v.) yuborgan bir to’p lashkarga bosh edi. Borgan joyida junub bo’lib qoladi va sovuqdan qo’rqib, g’usl qilmasdan, tayammum bilan namoz o’qiydi. Uning sheriklari buni Rasululloh (s.a.v.) ga yetkazadilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) Xolid ibn Valid (r.a) ning qilgan ishini ma’qullaganlar. Ma’qullash ma’qul  deb aytish bilan yoki inkor qilmay, indamay qo’ya qolish bilan ham bo’ladi. Buni “taqririy sunnat” deyiladi.

4. “Xalqiy” deb tana tuzilishidagi sifatlarga aytiladi. Payg’ambar (s.a.v.) ni ko’rgan kishilar U zotning bo’y – bastlari, tana tuzilishlari, sochlari, ko’zlari va boshqa a’zolarini batafsil vasf qilib berganlar. Bu ma’lumotlar ham rivoyat bo’lib muhaddislarga, ular orqali Islom ummatiga yetib kelgan. Masalan,  Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” asarlari aynan shu masalaga bag’ishlangan alohida kitobdir. Barcha muhaddislarimiz ham alohida kitob ta’lif qilmasalarda , shu ma’nodagi hadisi shariflardan o’zlariga yetganlarini rivoyat qilib qoldirganlar.

5. “Xulqiy – axloqiy sifatlar”. Sahobai kiromlar Payg’ambarimiz (s.a.v.) ning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, saxiyliklari kabi barcha axloqiy fazilatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar. Bu haqdagi ma’lumotlar ham sunnatga kiradi. 

6. “Tarjimai hol”. Payg’ambarimiz (s.a.v.) ning muborak hayotlari, U zot tavallud topganlaridan boshlab, to Robbilari dargohiga yetgunlaricha bo’lgan tarjimai hollari o’ta aniqlik va butun tafsilotlari bilan rivoyat qilingan. Bu bobga tegishli rivoyatlar to’plami “Siyrat” deyiladi. 

[1] Qur’oni Karim: ma’nolarning tarjima va tafsiri / tarjima va tafsir muallifi: A. Mansur; tahrir hay’ati: Usmonxon Alimov, Rahmatulloh qori Obidov, N. Ibrohimov va boshq.; Mas’ul muharrir: B. Abduhalimov. – T.: Toshkent Islom universiteti, 2007. – B. 546.

Axunjanov Qobilxon

ta'lim nmuassasasi o'qituvchisi