Ota-ona hamda farzandning haqlari
Ibni Qoyyum rohimahulloh aytdilar: "Albatta Alloh taolo qiyomat kunida farzanddan otasining haqqini soʻrashidan oldin otadan farzandning haqqi borasida soʻraydi"
Sharh:
Ota onaning farzandi ustida bir necha haqlari bor:
1. Bor kuch-quvvatini farzandiga sarflashi
2. Odob berishi
3. Davomli ravishda uning xatolarini toʻgirlamogʻi
4. Yahshilik qilishga uni odatlantirishi
5. Muhammad sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek "Barcha farzandlari orasida adolat qilishligi"
6. Aliy ibn Abu Tolib aytganlaridek "uni oʻqitmogʻi"
Ota-onalar mana shu barcha ma'suliyatlarga diqqat bilan qarashlari lozim boʻladi, chunki farzand oʻsish davrida turli-tuman yomon odatlarga odatlanib qolishi mumkin.
Imom G'azzoliy rohimahulloh ham farzandda turli tuman odatlar paydo boʻlishini tasdiqlab: "Tarbiya berish oʻsimlikning oʻsishi chiroyli va gullab-yashnashi komil boʻlishi uchun tikanlarni qisqartiradigan va ekinlar orasidan turli tuman begona oʻtlarni olib tashlaydigan dehqonga oʻxshaydi" - deganlar.
Farzandga ota-onaning gʻamxoʻrlik qilishi, nasihat qilishi Paygʻambar va Anbiyolarning yoʻllaridir. Bu yoʻlni tutish ham ma'suliyat ham sharafdir.
Bu ma'suliyatli yoʻlga ota-ona diqqat bilan yondashishiga qur'oni karimda bir necha buyruqlar mavjud:
{ یَـٰۤأَیُّهَا ٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ قُوۤا۟ أَنفُسَكُمۡ وَأَهۡلِیكُمۡ نَارࣰا وَقُودُهَا ٱلنَّاسُ وَٱلۡحِجَارَةُ عَلَیۡهَا مَلَـٰۤئِكَةٌ غِلَاظࣱ شِدَادࣱ لَّا یَعۡصُونَ ٱللَّهَ مَاۤ أَمَرَهُمۡ وَیَفۡعَلُونَ مَا یُؤۡمَرُونَ }
"Ey iymon keltirganlar! Oʻzingizni va ahli oilangizni yoqilgʻisi odamlaru toshdan boʻlgan oʻtdan saqlang. Uning tepasida qoʻpol, dargʻazab farishtalar boʻlib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar". [Tahrim surasi 6-oyat]
Farzand uchun ham bir necha ota-ona ustidagi haqqi bor:
1. Ota onaga farzandning muomalasi chiroyli va goʻzal boʻlishi
2. Doimo ota onaga salom berishi
3. Ota onaning holi ahvollaridan doimo xabardor boʻlishi
4. Agar vafot etgan boʻlsalar doimo ziyorat qilishi
5. Qur'oni karimda kelganidek Alloh taolodan ularni magʻfirat qilishini doimo soʻrashi.
Farzand ham mana shu sanab oʻtilgan ma'suliyatlarni ich-ichidan his qilmogʻi va mana shu amallarda bardavom boʻlishi kerak.
Farzand uchun qur'oni karimda bu amalga bir necha buyruqlar bor:
{ وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّیَانِی صَغِیرࣰا }
"Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va "Robbim ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin" deb ayt". [Isro' surasi 24-oyat ]
{ وَوَصَّیۡنَا ٱلۡإِنسَـٰنَ بِوَ ٰلِدَیۡهِ حُسۡنࣰاۖ }
"Va insonga ota-onaga yahshilik qilishni tavsiya qildik" [Ankabut surasi 8-oyat]
Yuqorida aytilgan narsalardan kelib chiqadiki oyatu hadislarda vorid qilingan buyruqlarni ota-ona ham farzand ham Alloh taolodan savob umidida va uning roziligini istab amal qilishi, doimo duoda mana shularni Rob subhanahu taolodan soʻrashi, ota-ona farzandini hattoki bir soniya ham beetibor qoldirmasligi, farzand ham ota onaning mehnatlaru gʻamxoʻrliklariga javoban doimo ularning haqlariga duoda boʻlishligi lozim boʻladi.
Muhiddinov Abdulaziz
“Hidoya” o'rta maxsus islom
ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi