
Imom Navaviy rohimahullohning so‘zlari
من كلام الامام النووي رضي الله تعالى عنه ونفعنا به آمين "تقولون أن الصبر يعقبه راحة ... صدقتم ولكن قد تقضي به عمري
إذا كنت في صبر ولم أبلغ المُنى ... ومت أنا من يجتني ثمر الصبر"
المخطوط من مقتنيات المكتبة الوطنية الفرنسية.
Tarjima:
Imom Navaviy (Alloh u zotdan rozi bo’lsin va bizni u zot(ning ilmi) ila foydalantirsin. Amiyn! so’zlaridan:
“Sizlar: “Sabrning ortidan rohat keladi” deysiz…
To’g’ri aytasiz, lekin, balki umrim sabr qilish bilan poyoniga yetar…
Agar sabr qilsam va orzumga yetmay…
Men o’lsam, kim sabrimning mevasini teradi?”
Qo’lyozma Fransiya Milliy kutubxonasi to’plamlaridan olingan
Sharh: Imom Navaviy rohimahullohning so‘zlarini ba’zilar birinchi qarashda noto‘g‘ri tushunishlari mumkin. Ularni ba’zi odamlar sabrning ma’nosini yoki uning samarasini inkor qildi, deb o‘ylaydi.
Aslida, Imomning maqsadi — mo‘min insonning holatini bayon qilishdir. Ya’ni mo‘min umrining hammasini ibodatlarda sabr bilan, sinovlarga bardosh berish bilan o‘tkazadi, lekin bu sabrning mevasini bu dunyoda ko‘rmasligi mumkin. Chunki sabrning eng buyuk mukofoti bu dunyoda emas, balki oxiratdadir.
Mo‘min biladiki, bu dunyo — iymon egalari uchun sinov joyidir, mukofot joyi emas. Undagi mol-dunyo va bezaklar Allohning roziligi alomati emas, chunki Alloh dunyo ne’matlarini kofir va fosiqlarga ham beradi, sadoqatli mo‘mindan esa ularni sinov sifatida olib qo‘yadi.
Rasululloh ﷺ aytganlar: “Bu dunyo mo‘min uchun zindon, kofir uchun jannatdir.”
Shuning uchun mo‘min sabr qiladi, chunki u biladi: dunyo ne’matlari nuqsonli va vaqtinchadir. Haqiqiy sabrning mevasini esa u oxiratda Allohning roziligi va abadiy ne’matlar orqali oladi.
Shunday qilib, Imom Navaviy so‘zlarining ma’nosi shuki:
Haqiqiy sabr — Alloh uchun bo‘ladi, dunyoviy natija yoki foyda umidida emas.
Kim sabrni Alloh uchun qilsa, u oxiratda yuksak martabaga erishadi. Kim sabrni dunyoviy mukofot uchun qilsa, asl maqsaddan uzoqlashadi.
Shu bois, haqiqiy mezon — ixlos va Allohning va’dasiga qat’iy ishonchdir. Chunki U va’dasini aslo buzmaydi.
Mahmudov Abdulqodir
"Hidoya" o'rta maxsus islom
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi