Яратилиш санаси 19.10.2025

Har birimiz bilishimiz lozim bo‘lgan G‘usl haqida bilasizmi?

Islom dinida poklik iymonning bir bo‘lagidir. Har bir musulmon kishi ibodatlari to‘g‘ri bo‘lishi uchun tahorat va g‘uslga e’tibor berishi lozim. G‘usl — bu insonni jismonan ham, ma’nan ham poklaydi. U Alloh taoloning amrini bajo keltirish va bandaning poklikka rioya etishini ifoda etadi.

G‘uslning istilohdagi ta’rifi

G‘usl — musulmon erkak va ayol kishining janobat, hayz va nifosdan so‘ng butun badanini suv bilan yuvib poklanishidir. Alloh taolo o‘z kalomi sharifining Moida surasida bu haqda shunday marhamat qiladi:

وَإِن كُنتُمۡ جُنُبًا فَٱطَّهَّرُوا۟  "                          "

 “Agar junub bo‘lsangizlar, poklaninglar.” (Moida, 6-oyat)

Demak, g‘usl — Allohning amridir va u poklanishning eng yuksak shakli hisoblanadi.

G‘uslning uch farzi

1. Mubolag‘a bilan og‘izni chayish, ya’ni suv og‘izning barcha qismiga yetkazish.
2. Burunni yumshoq suyak qismigacha suv tortish va chayish.
3. Butun badanning har bir qismiga suv yetkazish.

Eslatma: G‘usldagi farzlardan biri to‘liq ado etilmasa, g‘usl sahih (to‘g‘ri) bo‘lmaydi.

G‘usl qilish tartibi

1. Avvalo, kiyimni yechishdan, ya’ni avrat ochilishidan oldin “Bismilloh” aytiladi.
2. G‘usl qilishga niyat qilinadi. Niyat “Bismilloh” bilan birga aytilsa, bu amal ibodatga aylanadi va qilgan g‘usli uchun savob oladi.
3. Ikki qo‘l yuviladi, so‘ng farj (avrat joyi) yuviladi — tanadagi najosat bo‘lsa ketkaziladi.
4. Tahorat olinadi, ammo oyoqlarni hozircha yuvilmaydi. Agar g‘usl paytida yerga tushgan suv oyoqlarga sachraydigan joyda bo‘lsa, oyoqlarni oxirida yuvish afzal.
5. Suvni boshdan uch marta quyishdan boshlanadi, keyin o‘ng yelka, so‘ng chap yelkaga uch martadan suv quyiladi. Har bir nuqtaga suv yetkazish lozim.
6. G‘usl uch marta tanaga suv yetkazish bilan ado etiladi: birinchi marta badan qo‘l bilan ishqalanadi, ikkinchi va uchinchi martalarda esa butun tana suv bilan chayiladi. Bu amal sunnatdir.

G‘usl odoblari

1. G‘usl qiluvchi qiblaga qarab turmasligi lozim.
2. Suvni isrof qilmaslik, lekin juda oz ham ishlatmaslik kerak.
3. Ko‘z tushmaydigan, yopiq joyda g‘usl qilish afzal.
4. G‘usl vaqtida gapirmaslik ma’qul.
5. G‘usldan keyin tanani sochiq bilan artish va tezda badanini yopish (satr qilish) lozim.
6. Agar oyoqlarni oxirida yuvmoqchi bo‘lsa, avval tanani yopib, keyin oyoqlarni yuvish kerak, chunki avratni satr qilishni kechiktirmaslik zarur.
7. Agar hech kim nazar solmaydigan joyda bo‘lsa, kishi kiyimsiz g‘usl qilishi joiz. G‘uslni tik turib ham, o‘tirib ham ado etish mumkin. Ammo o‘tirib bajarish afzal, chunki bu holatda tananing aksar qismi to‘silgan bo‘ladi.

Xulosa

G‘usl — faqat jismoniy tozalanish emas, balki insonning qalban ham poklanishidir. U ibodatlarning asosiy shartlaridan biri bo‘lib, har bir musulmon kishi uni to‘g‘ri ado etishni bilishi zarur. Poklik iymonning bir bo‘lagidir, g‘usl esa bu poklikning mukammal ko‘rinishidir.

Keyingi maqolamizda esa g‘usl vojib bo‘ladigan holatlar, ya’ni qaysi sabablar bilan g‘usl vojib bo‘lishi haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Ahmedov Abdulahad

ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi