Яратилиш санаси 26.10.2025

Bir hadis sharhi (Jannat yo’li)

Abu Abdulloh Jobir ibn Abdulloh al Ansoriy roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Bir kishi rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan so’radi: “Farz namozlarni o’qisam, ramazon ro’zasini tutsam, halolni halol, haromni harom deb bilsam va bularga hech narsani ziyoda qilmasam, jannatga kiramanmi?” U zot “Ha” dedilar.

Yuqoridagi hadisdan quyidagi foydalarni olishimiz mumkin:

  1. Rosululloh alayhissalomni olamlarga rahmat ekanliklari. Alloh taolo payg’ambari Muhammad alayhissalomni do’zaxga olib boruvchi adashishdan qutqaruvchi, jannatga olib boradigan hidoyat yo’liga yo’llovchi qilib yubordi. 
  2. Jannatga bo’lgan ishtiyoq va unga yetish yo’lini qidirish. Jobir roziyallohu anhu bizga mana bu kengligi osmonlaru yercha keladigan jannatga yetishish istagida yonayotgan kishi haqida xabar berar ekan, u rosululloh alayhissalomdan Jannat yo’li  va unga kirishiga sabab bo’ladigan amal haqida so’raganda u zot sahobani o’zi xohlaga yo’lga yo’llab qo’ydilar va uning ko’ngli taskin topdi.
  3. Farzlarni doim ado qilish va harom qilingan narsalarni tark qilish najotning asosidir. Hadisda No’mon[1] roziyallohu anhu rosulullohdan: farz qilingan namozni ado etishda bardavom bo’lsa, keyin ramazon oyi kelganda uning ro’zasini odoblari va shartlariga rioya qilgan holda tutsa, so’ng Alloh halol yoki harom deb belgilagan haddidan oshmasa, ya’ni haromni halol, halolni harom demasdan balki, halol qilingan narsani halol haromini harom deb e’tiqod qilsa bo’ldimi? Yuqoridagilarni barchasini qilish kifoya qiladimi? Nafl ibodatlar, makruhlarni tark qilish va mumkin bo’lgan narsalardan ham gohida parhez o’laroq chetlanish kabi qo’shimcha amallar shart emasmi degan ma’noda so’rayaptilar. Rosululloh esa sahobani ko’nglini hotirjam, qalbini xursand va istagini ro’yobga chiqargan holda “Ha” deb javob beryaptilar. Yani sen zikr qilgan amallar maqsadingga erishish uchun va jannatga kirish uchun kifoya qiladi demoqchilar. Nega bunday bo’lmas ekan?! Vaholanki payg’ambarimizning o’zlari bir hadisi qudsiyda Alloh taoloning quyidagi so’zini xabar berganlarku. “Bandalarim menga faqatgina men ularga farz qilganlarni ado etibgina yaqin bo’lishadi”
  4.  Albatta bu din osondir. Rosulullohni bu va bunga o’xshagan boshqa o’rinlardagi javoblari islomni yengil ekanligini, Alloh taolo hech bir bandaga mashaqqat va kulfat keltiradigan ishni yuklamasligini bildiradi. Zero islom shariati to’laligicha yengillik bilan sifatlangan, hamda insoniyat toqat chegarasini hisobga olgan. Shuning uchun qay bir inson eshitib itoat qilsa, dunyo saodati va oxirat najotiga aniq erishadi.

Xulosa shuki, har bir musulmon o’z dini ahkomlarini: unga nima halol-u nima harom ekanini ilm ahlidan so’rab bilib olishi kerak. Shunda hayot yo’lida hidoyatga va amallari to’g’riligi borasida xotirjamlikka erishadi. Muallim esa o’quvchiga nisbatan bag’rikeng bo’lishi, uni yaxshi so’z bilan oson va rag’bat qiladigan yo’ldan yetaklashi lozim. Shunda dunyo va oxiratda ko’zlangan maqsadga erishadi.    

[1] Hadisdagi savol so’ragan kishining ismi.

Ahmadjanov Ibrohimjon 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi