Яратилиш санаси 03.10.2025

Abu Lays rohimahullohning hayoti (1-qism)

Imom al-huda”, “al-Faqih” nomlari, “Abu Lays” kunyasi bilan mashhur bo`lgan Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim as-Samarqandiy  298/911 yili Samarqandda tug`ilgan. Olim hayoti davomida tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, zuhd bo`yicha ilmiy faoliyat olib borib, ko`plab asarlar yaratgan. Allomaning vafot etgan yili haqida davrimizgacha etib kelgan manbalar turlicha ma`lumot beradi. 

Fuat Sezgin va Xayruddin Zirikliy allomaning vafoti haqida ma`lumot keltirib, u 373/983 yoki 375/985 yil vafot etgan, deb aytadi.

Nemis olimi Shaxt allomaning vafot yili sifatida 373/983-4dan 393/1002-3 yilgacha bo`lgan davr oralig`ini ko`rsatadi.

Tarixchi Shamsiddin az-Zahabiy “Siyar a`lom an-nubalo” asarida 375/985 yilni ko`rsatadi. Shamsiddin Dovudiy «Tabaqotul-Mufassirin»da «Abu Lays 393/1002-1003 yilning jumodul-oxir oyining seshanba 11 kechasida vafot etgan», degan. Al-Qurashiy «Javohirul-muzi`a»da 373/983 yil seshanba kechasida, Hoji Xalifa «Kashfu-z-zunun» asarida uning vafot etgani yili haqida uch xil ma`lumot – 375/985, 376/986, 383/993 yillar ko`rsatiladi. 

Yuqorida keltirilgan ma`lumotlar orasida ko`proq 375/985 yil zikr etiladi. Lekin «Kashf az-Zunun»da keltirilishicha, AbuLaysning “Navozil” asari 376-986 yilda yozilgan. Bu manbada olimning vafot etgan yili borasida uch xil fikr berilishiga ko`ra, bu so`zni ham dalil qilish qiyin bo`ladi. Shuning uchun manbalarda eng ko`p uchraydigan 375/985 deb belgilangan sanaga qo`shilish mumkin. Chunki, Abu Laysning bu yilda vafot etgani ustozi Muhammad ibn Fazl (vaf. 931), Abu Ja`far al-Hinduvoniy (vaf. 971) hamda Xalil ibn Ahmad (vaf. 988)dan tahsil olganiga zamon jihatidan muvofiq keladi.   

Tarojum asarlarining orasida eng qadimgilaridan bo`lmish “al-Ansob” asarini yaratgan Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam`oniy (506/1113-562/1167) alloma haqida birinchi bo`lib ma`lumot bergan muarrix sanaladi. U boshqa ko`pchilik tarojum asarlaridan farqli ravishda allomaning yashagan joyini zikr etib o`tadi: «Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim at-Tuziy Abu Hanifa mazhabidagi faqihlardan bo`lgan. Bahs-munozaralarda mashhur bo`lgan. Samarqandda yashagan va shu erda vafot etgan. Ustozi Abu Ibrohim at-Termiziy bo`lib, undanrivoyat qiladi. Shogirdi Muhammad ibn Muhammad ibn Sa`iyd as-Samarqandiy an-Navoiy». Sam`oniy allomani Tuz qishlog`iga nisbat beradi. Bu ma`lumotlarni Yoqut Hamaviyning “Mu`jamul-buldon” asarida ham ko`rish mumkin. Bu ma`lumotlar Abu Laysning kelib chiqishi asli arab emas Samarqandlik ekanini qo`llab quvvatlaydi. 

Salohiddin an-Nohiy Abu Lays asarlaridan “Xizonatul-fiqh”ning Iroqdagi qo`lyozmasi oxiriga qo`shilgan ma`lumotga tayangan holda “Buxoroda vafot etgan” deydi, so`ng shahar haqida iqtibos keltirib, unda Buxoro shahri emas, Balx shahri haqida ma`lumot beradi. So`ng Nohiy Notifiyning “Kitob al-ajnos” kitobiga tayangan holda unda Abu Lays vafot etgan joyi haqida ma`lumot beradi: “Abu Lays Balxda Abu Ja`far al-Hinduvoniyda fiqhdan dars tinglab, Samarqandga qaytadi, so`ng yana tez orada Balxga ketib, Abu Ja`fardan dars oladi. So`ng bu erda Alloh xohlagan vaqtgacha yashab, vafot etadi hamda ustozi yoniga dafn etiladi”. Abu Laysning ilmiy safarlar yuzasidan Balx, Buxoro kabi shaharlarga borganini nazardan qochirmagan holda uni Balxga nisbat berilishiga uchta sabab to`sqinlik qiladi: birinchisi, Sam`oniyning Samarqandda yashagan so`ng shu erda vafot etgan so`zi, ikkinchisi,   hozirda Samarqand shahri Chokardiza qabristoni yonidagi ko`cha “Faqih Abu Lays” deb nomlanishi hamda bu erda qabri ham mavjudligi, vanihoyat uchinchisi uning ismiga biror manbada «balxiy» nisbatining qo`shilmasligi, chunki, ko`pchilik manbalarda olimlar agar o`z yurtidan boshqa joyga ko`chsalar yoki u yerda uzoq muddat qolsalar tug`ilgan joylariga nisbat berilishlaridan keyin borib o`rnashgan joylariga ham nisbat beriladilar va ikkita nisbatga ega bo`ladilar. 

Sam`oniyning boshqa avtobiografik asarlar mualliflariga nisbatan olim davriga eng yaqin davrda yashagani va uning aniq tarzda Samarqandning yaqinidagi Tuz qishlog`iga nisbat berishini zikr etish o`rinlidir. 

Qayumov Sofvatulloh 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi