Яратилиш санаси 18.10.2025

Abbosiylar davridapochta xizmati rivojlanishi

Abbosiylar davriga kelsak, bu davr xalifalari pochtaga juda qattiq e’tibor qilganliklari, davlat ishlarini boshqarishda unga ko‘p tayanganliklari tarixiy manbalardan ma’lum bo‘ladi. Abu Ja’far Mansur aytar edi: “Men to‘rt iffatli kishi mening eshigim oldida turishiga doimo turishiga muhtojman”. Shunda: “U to‘rt kishi kimlar?” Deb so‘radilar. U kishi: “Ular davlatning ustunlaridir. Davlat ularsiz to‘g‘ri bo‘lmaydi xuddi karavotning to‘rt oyog‘iga o‘xshaydi, agar biri yo‘q bo‘lsa, karavot ham turolmaydi. Ularning biri Allohning yo‘lida malomatchining malomatiga uchmaydigan qozi, yana biri kuchlidan zaifning haqqini olib bera oladigan mirshab, yana biri xalqqa jabr qilmaydigan xaroj boshlig‘i. Men uning zulmidan behojatman. To‘rtinchisi esa”, deb ko‘rsatkich barmoqlarini uch marta tishlab, har birida “oh”, “oh”,”oh”, dedilar. U kishiga: “Kim u ey mo‘minlar amiri?” Deb so‘raldi. U kishi: “Ularning xabarini to‘g‘ri yozadigan pochta boshlig‘i”, deb javob berdilar.   

 Von Kramer shunday deydi: “Katta shaharlarda har bir bo‘limning boshida pochta xodimi bo‘lgan, uning vazifasi xalifaga barcha muhim ishlar haqida xabar berish va hatto voliyning ishini nazorat qilish ham bo‘lgan”.

Boshqacha qilib aytganda, markaziy hukumat tomonidan ishonch bildirilgan kishi hisoblangan. Xalifalar pochta xodimlarining vazifasini o‘z davlatlarining ishlarini nazorat qilishda ularga yordam berish deb hisoblar va ular orqali o‘z hokimlari hamda boshqa davlat arboblari ishini aynan ular orqali nazorat qilib turardilar.

Ibn Kasir 782/166-yilda sodir bo‘lgan voqiyalar haqida zikr qilishicha, o‘sha yili xalifa Mahdiy Makka, Madina va Yaman oraqlig‘iga ham pochta xizmatini tashkil qilishni buyurgan. Bundan oldin ushbu ishni hech kim qilmgan edi. 

Mamluklar davrida ham pochta xizmati yanada rivojlandi. Ayniqsa, Sulton Baybars davrida bu jarayon yaqqol ko‘zga tashlandi. U shunday tizim tashkil qildiki, bu bilan davlatning barcha qismlari quruqlik va havo (xat tashuvchi kabutarlar) yo‘llari orqali bog‘lanar edi. Mana shu yo‘llarning markazi Tog‘ qalasi (Qohiraning sharqi) hisoblangan. Bu joyni Salohiddin Ayyubiy 1176/572-yilda qurgan edi. U yerdan to‘rtta quruqlik yo‘li tarmoqlanib ketar edi. Ular: 

1. Qusga, undan Asvonga, undan Nuba shaharlariga yo‘l;

2. Qus yo‘li orqali Ayzobga, undan Suakinga;

3. Iskandariyaga;

4. Dumyatga, undan g‘azoga;

Uning davrida shu darajaga yetildiki, bir haftada Misrga ikki marta pochta jo‘natmalari yetib borar edi. Uni “Insho” devoni sohibi nazorat qilar edi. 

Isoqjanov Muhammadibrohim

ta'lim muassasasi o'qituvchisi