Bir hadis sharhi (Foydali ish bilan mashg’ul bo’lish)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “O’ziga foydasi bo’lmagan ishni tark qilish, kishi islomining go’zalligidandir.” Imom termiziy rivoyati.
Hadisning foydalari:
1. Fazilatli jamiyat barpo qilish. Islom dini jamiyat farovonligi va insonlarning o’zaro hamjihat va bir biridan rozi bo’lib yashashga undaydi. O’zaro janjal va xusumatsiz hayot kechirishga chorlaydi. Ko’pincha odamlar orasidagi janjal va insaonlarni halokatga olib boradigan narsa, bir birlarini ishlariga aralashishdir. Ayniqsa, o’zlariga foydasi bo’lmagan ishlarda bu kuzatiladi. Shunga ko’ra, o’ziga aloqasi bo’lmagan ishlarga kirishmaslik musulmonning kamolotini ko’rsatadi.
2. Foydasiz narsa bilan mashg’ul bo’lish isrof va iymon zaifligi belgisidir. Inson bu dunyoda yashar ekan, atrofida turli xil odamlar va munosabatlarko’p uchraydi. Vaholanki, musulmon odam barcha qilgan ishlari, har bir o’tkazgan daqiqasi, gapirgan gapidan so’raladi. Qachonki inson atrofidagi hamma ish parvo qilaversa, befoyda ishlarga aralashaversa, zimmasidagi ishlarini ado qilishdan chalg’iydi. Natijada bu dunyoda sharmandalikka, oxiratda esa jazoga yo’liqadi. Bunday qilishi, uning idroki zaifligi, nabaviy xulq unda hali shakllanmaganligi va musulmonchiligi faqat tilida ekanligining belgisidir. Imom Termiziy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan boshqa bir hadisda shunday deyilgan: Sahobalarda birlari vafot etganida boshqa bir kishi: Jannat muborak bo’lsin,” dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: qayerdan bilasan, balki u befoyda gap gapigandir, yoki unga kengchilik qilingan narsada baxillik qilgandir,” dedilar.
3. Befoyda ishlardan yuz o’girish, salomatlik va najotdir. Inson o’z vazifalarini yaxshi anglasa, o’zi bilan mashg’ul bo’ladi, dunyo va oxiratiga foyda bermaydigan ishlardan saqlanadi, ortiqcha narsalardan yuz o’giradi, hamda, manfaat bermaydigan holatlarga ters qaraydi. Insonga bu dunyoda foydali bo’lgan ishlar befoydalariga nisbatan oz ekanligini bilsak, manfaatli ishni qilgan odam ko’pgina yomonlik va gunohlardan salomat bo’lishi va oxirat uchun foydali bo’lgan ishlar bilan mashg’ul bo’lishini bilamiz.
Ahmadjanov Ibrohimjon
Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi