Ilm va taqvo timsoli bo’lgan Imom Molik rohimahulloh
Yaman qabilasidan bo’lmish Zu Asbah qabilasiga mansub Imom Molikning to’liq ismi Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir al-asbahiydir. U kishining ajdodlaridan biri Madinaga kelib, shu yerda yashab qolgan. Katta bobolari Abu Omir buyuk sahobiy bo’lib, Payg’ambar alayhissalom bilan badrdan boshqa barcha g’azotlarda qatnashgan. Ba’zi rivoyatlarga qaraganda, u kishi tobein muhazram (ya’ni sahobalar davrida yashagan, lekin birortasi bilan uchrashmagan ) bo’lgan. Kichik bobolari Molik katta tobeinlardan bo’lgan . U Usmon roziyallohu anhuning tobutini kechqurun qabrlariga ko’tarib borgan to’rt kishining biridir.
Imom Molik hijriy 93-yili Madinada dunyoga keldi. Madina ulamolaridan tahsil oldi. Birinchi ustozlari Abdurrahmon ibn Hormuzdir. U kishi bilan juda uzoq vaqt birga bo’ldi, shu orada boshqa olimlardan ham saboq oldi. Bundan tashqari, Ibn Umarning ozod qilgan qullari Nofe’dan va Ibn Shihob Zuhriydan ilm oldi, “Robe’atur ra’y” nomi bilan tanilgan Robe’ ibn Abdurrahmon unga fiqhdan dars berdi. Molik 17 yoshga yetganida hadis va fiqh fanlari bo’yicha mudarrislik mansabiga tayinlandi.
Molik o’zi bunday deydi: “Ahli ilmlardan yetmish kishi meni mudarrislikka loyiq deb guvohlik berganlaridan keyin fatvo berish va hadis aytish uchun o’tirdim”.
Shundan keyin Imom Molik nomlari hamma tarafga ovoza bo’lib ketdi.Natijada odamlar u kishidan ilm olishga har tarfdan kela boshladilar. Ilm talabida kelganlar eshiklari oldida izdihom bo’lib, hatto bir-birlari bilan talashib-tortishdilar. Imom Molik odamlarga yetmish yil chamasi fatvo berdi va ilm o’rgatdi. U kishinig imomligi, ilmda martabalari yuqori bo’lishi, parhezkor va taqvolari va sunnatga amal qilishlariga odamlar bir ovozdan ittifoq bo’lishgan.
Imom Shofe’iy aytadi : “Molik Alloh taoloning xalqlariga ko’rsatgan hujjatidir”. Ibn Mahdiy aytadi: “Men Molikdan ko’ra aqli to’laroq va taqvosi kuchliroq biroq kimsani ko’rmadim”. Hammod ibn Salama aytadi: “Agar menga Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummati uchun ilm beradigan kishini tanlagin deyishsa, unga Molikni lozim ko’rgan bo’lardim’. Lays ibn Sa’d aytadi: “ Molik taqvodor olimdir. Molikning ilmi uni olgan kishi uchun omonlikdir”.
Imom Molik haybatli kishi edi, u o’tirgan majlisda hech kim gapirishga botinmas edi.
Voqidiy aytadi: “Molik o’tirgan majlis viqorli va hilmli majlis bo’lar edi. U juda sergak va oliyjanob bo’lib, majlisida hech qanday tortishuv, bekorchi gap-so’z va ovozni baland ko’tarib gapirish bo’lmas edi. Agar undan savol so’rashsa, javob berar va sen buni qayerd ko’rgansan, deb so’ramas edi”.
Qachon hadis aytmoqchi bo’lsa, oldin g’usl qilar, eng yaxshi kiyimlarini kiyib, o’ziga xushbo’y atirlarni separ edi. Nima uchun bunday qilishlarini so’rashganda: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini hurmatlayman” , deb javob bergan. Agar biror kishi majlisda ovozini baland ko’tarib gapirsa, unga : Alloh taolo Qur’onda : “Ey mo’minlar ! Ovozlaringizni payg’ambarning ovozidan baland ko’tarmangizlar” (Hujurot surasi, 2-oyat), deb tanbeh berar ekan. Kimki Payg’ambar alayhissalomning hadislari aytilayotgan vaqtda ovozini baland ko’tarsa , go’yoki ovozini u zotning ovozidan baland ko’targan bo’ladi” , der edi.
Imom Molikning ustozlari , yaqinlari va keyin yashab o’tgan barcha ulamolar uni hadis ilmida imom va rivoyatlari ishonchli deb tan olganlar. Imom Buxoriy aytadi: “Isnodlar ichida eng ishonchlisi Molik Nofe’dan, u Ibn Umardan rivoyat qilgani, undan keyin Molik Zuhriydan , u Solimdan, u otalaridan rivoyat qilgani va undan keyin Molik Abu Zanoddan, u A’rojdan, u Abu Hurayradan rivoyat qilganidir”.
Imom Molik “Muvatto” kitobini qirq yil davomida yozib, hadislarni saralab chiqqan. Kitobning hajmi hozirgi davrdagisiga qaraganda ancha yirik edi. Aytishlaricha, kitobga o’n mingta hadislarni kiritgan. Undagi hadislarni saralash, ta’na qilingan hadislarni chiqarib tashlash va imomlar amal qilmagan hadislarni olib tashlash oqibatida isnodlari muttasil ( ya’ni bir-biri bilan uzluksiz bog’lanib kelgan roviylar silsilasi ) bo’lgan hadislar soni besh yuz atrofida bo’lib qoldi. Molik ayatdi: Abu Ja’far Mansur hajda men bilan uchrashib qoldi va: “Men bilan sizdan boshqa olim qolmadi, men siyosat bilan mashg’ulman. Siz odamlarga sunnat va fiqhga oid kitob yozing. Faqatgina ba’zi masalalarga oid Ibn Abbosning ruxsatini , Ibn Umarning qattiqqo’lligini va Ibn Mas’udning nodir so’zlarini kitobga kirgizishdan saqlaning va uni ommabop qilib yozing”, dedi. Men unga: “Ta’lif qilish yo’lini o’rgating “, dedim. Ya’ni mo’tadillik yo’lini ko’rsating , dedim. Islom ummati va ulamolari Imom Molik hali dunyodan o’tmay turib bu kitobni o’qiy boshladilar , hatto kitobni Imom Molikning o’zidan o’rganish uchun huzuriga kela boshlashdi.
Bir kuni Abu Ja’far Mansur Abu ar-Roshid: “Men bu kitobingizni Ka’baga osib qo’ymoqchiman, uni butun Islom olamiga tarqatmoqchiman va ixtiloflarga chek qo’yish uchun birgina shu kitobga amal qilishlariga farmon beraman” , dedi. Shunda Imom Molik : “Unday qilmang , chunki sahobalar yer yuzining turli joylariga tarqalib ketgan edilar. Ular men kitobga kiritgan Hijoz ahllarining aytgan hadislaridan boshqa hadislarni ham rivoyat qilganlar. Odamlar o’sha hadislarni ham olganlar. Siz ularni o’z hollariga qo’yinga” , dedi. Abu Ja’far : “ Ey Abu Abdulloh, Alloh sizning ajringizni bersin” , dedi.
Imom Molikning yana bir fazilati bir yo’la fiqh va hadis ilmida imomlik sharfiga erishdi. U kishidan hadisni Ibn Shihob az-Zuhriy, Madina ahlining faqihi Robiatar ra’y, Yahyo ibn Sa’id al-Ansoriy, Muso ibn Aqoba va boshqalar rivoyat qilishgan. Bularning barchalari u kishining ustozlaridir. Yaqin birodarlaridan Sufyon Savriy, Lays ibn Sa’d Avzoiy , Sufyon ibn Uyayna, Abu Yusuf va boshqalar rivoyat qilganlar.
Taniqli shogirdlaridan Shofe’iy, Ibn Muborak , Muhammad ibn Hasan Shayboniy va boshqalar rivoyat qilganlar. Umuman olganda, Islom olamidagi 1300 dan ko’proq ulamo Imom Molikdan hadis rivoyat qilganlar. Shuningdek, Ibn Qosim, Ibn Vahb, Ash’hab va boshqa ulamolar undan fiqh ilmini o’zlashtirgan.
Zokirjanov Musallam
“Hidoya “ o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi