Яратилиш санаси 16.11.2025

Islomda diniy bag‘rikenglik

O‘zbekiston xalqi azaldan bag‘rikeng va mehmondo‘st bo‘lib kelgan. Qadimdan zaminimizda yashagan millat va elatlar bir-biriga yelkadosh bo‘lib, og‘irini yengil qilishgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to‘yu ma’rakada ko‘p millatli xalqimiz bir-birlari bilan hamkoru hamjihat bo‘lib yashashgan.

Yurtimizda yashovchi turli din vakillariga diniy marosimlarini o‘tkazishlari va mamlakat hayotida faol ishtiroklari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Bu borada mamlakatimiz o‘ziga xos boy tajriba orttirganini ta’kidlash kerak. Buni butunjahon e’tirof etmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari Zayd al-Husaynning quyidagi so‘zlari buning yorqin dalilidir: “Bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik bo‘lib turgan tahlikali kunlarda O‘zbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik turli davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishga loyiqdir”.

Bunday ahillikning asosiy sababi mamlakatimizda turli din vakillari yagona maqsad yo‘lida birlashib harakat qilishlaridir. Bu borada turli tadbirlar, anjumanlar o‘tkazilib, mushtarak vazifalar ado etib boriladi. Bir-birlarimizni bayramlar bilan qutlaymiz. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik muhitida o‘z ifodasini topmoqda.

Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qur’oni aziymush-shonda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13), deb marhamat qilingan.

Demak, insoniyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chog‘da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga bo‘linishining sababi o‘zaro tanishish, hamkorlik qilish va ma’rifat hosil qilishdir.

Qobiljon Mirzabayev

Ta'lim muassasasi direktori