Ta'lim muassasasida kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi...
Bugun "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim (bir qudsiy hadis sharhi)”, "Inson qadri" nomli kitoblari hamda “Nurul yaqin” asarining akademik tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent islom instituti "Hadis va Islom tarixi" kafedrasi katta o‘qituvchilari — siyrat fani ustozi Abdulazim domla Ziyouddin hamda Bahodir domla A’zamov tashrif buyurdi.
Tadbirni ta’lim muassasa direktori Qobiljon domla Mirzabayev ochib berib, bugungi kunda siyrat va islom tarixi fanlarining dolzarb ahamiyati, ushbu fanlarni to‘g‘ri va ilmiy asosda xalqimizga yetkazish zarurati haqida so‘z yuritdi.



Shuningdek, Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining nashr etilgan kitoblari, xususan “Ey bandalarim” (bir qudsiy hadis sharhi) asarining ilmiy va tarbiyaviy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Bahodir domla A’zamov so‘zga chiqib, “Nurul yaqin” kitobining tarjimasidagi o‘ziga xos jihatlar, asarda boshqa kitoblarda kam e’tibor berilgan masalalarga alohida urg‘u berilgani, kitobdagi izohlarning ilmiy jihatdan juda qimmatli ekani, akademik tarjima yuksak saviyada amalga oshirilganini qayd etdi. Ayniqsa, talabalar ilm va malakalarini oshirishda asl arabiy matn bilan o‘zbekcha tarjimani solishtirib o‘qishlari muhim ekanini ta’kidladi.




Tadbir davomida Abdulazim domla Ziyouddin eng avvalo “Nurul yaqin” asarining muallifi hamda ushbu kitobning siyrat fani manbalari orasida tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘z tadqiqotlariga ko‘ra, mazkur asar “Siyratul Halabiya” kitobidan qisqartirilgan holda tayyorlangani, izohlar yozish jarayonida ushbu manba hamda boshqa ko‘plab siyrat asarlaridan foydalanilganini ta’kidladi. "Nurul yaqin" kitobi ilgari ham o‘zbek tiliga bir necha bor tarjima qilingan bo‘lsa-da, ko‘plab tolibi ilmlarning so‘rovi bilan ushbu akademik tarjimaga qo‘l urganini, tarjima jarayoni uzoq va mashaqqatli mehnat talab etganini bayon qildi. Shuningdek, Madina davriga oid qism ustida olib borilgan sa’y-harakatlar, muharrir bilan bo‘lgan ilmiy muhokamalar va tarjimaning ilmiy saviyasi haqida ham ma’lumot berdi. Muallif so‘zi so‘ngida talabalarga siyrat fanini o‘rganishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan qimmatli maslahatlar berdi.






Tadbir yakunida ustozlar va talabalar tomonidan berilgan qiziqarli savollarga atroflicha javoblar berildi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilar uchun juda manfaatli va mazmunli bo‘ldi.
Ta’lim muassasa matbuot xizmati