“Ilm va maʼrifatga bagʻishlangan umr”
Bugun 12-fevral kuni “Hidoya” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida taniqli ulamo, islomshunos olim va maʼrifatparvar ustoz shayx Yusufxon toʻra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Ilm va maʼrifatga bagʻishlangan umr” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy xotira tadbiri oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda Namangan viloyati vakili lavozimida koʻp yillar samarali xizmat qilgan faxriy ustoz Abdulhay domla Tursunov mehmon sifatida ishtirok etdilar.


Tadbirda taʼlim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev, oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Sidiqjon domla Madmusayev, maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Rivojiddin domla Nasritdinov, shuningdek muassasa oʻqituvchilari, xodimlari hamda talabalar qatnashdilar.
Tadbirni taʼlim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev, ochib berdilar va olib bordilar. Kirish soʻzida allomaning hayoti, ilmiy faoliyati, islom taʼlimi rivojiga qoʻshgan hissasi hamda yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni haqida atroflicha fikr bildirildi. Tadbir davomida faxriy ustoz Abdulhay domla Tursunov soʻzga chiqib, Yusufxon toʻra Shokirov rahmatullohi alayhning hayoti va ilmiy merosi haqida atroflicha fikr yuritdilar.

Abdulhay domla oʻz nutqlarida Yusufxon toʻraning avvalo yuksak odob-axloq sohibi, kamtar va ilmga fidoyi shaxs boʻlganini alohida taʼkidladilar. U zotning “Mir Arab” madrasasida tahsil olgani, keyinchalik Misrning mashhur “al-Azhar” universitetida bilim olib, yurtimizga qaytib islom taʼlimi ravnaqi yoʻlida xizmat qilganlari katta jasorat va matonat namunasi ekanini qayd etdilar.

Shuningdek, Yusufxon toʻraning sobiq Ittifoq davrida din va maʼrifat sohasidagi masʼuliyatli vazifalarda faoliyat yuritib, islom taʼlimini asrab-avaylash, uning ilmiy asoslarini mustahkamlash yoʻlida ulkan xizmat qilganlari taʼkidlandi. Ayniqsa, u zotning xalqaro diniy aloqalarni yoʻlga qoʻyishdagi oʻrni, yurtimiz ulamolarining nufuzini oshirish borasidagi harakatlari yuksak baholandi.
Abdulhay domla oʻz xotiralaridan misollar keltirib, Yusufxon toʻraning talabalarga nisbatan mehribonligi, ilm talabida qattiqqoʻllik va intizomni talab qilishlari, biroq shu bilan birga otalik mehri bilan yoʻl koʻrsatganlarini soʻzlab berdilar. U zotning dars jarayonida arab tili va balogʻat ilmlarini chuqur tahlil bilan tushuntirish uslubi koʻplab shogirdlar uchun namuna boʻlgani aytildi.
Notiq taʼkidlaganidek, Yusufxon toʻra Shokirov nafaqat diniy arbob, balki keng dunyoqarashga ega ziyoli inson sifatida ham yodda qolgan. U zotning ilmiy asarlari, xususan arab filologiyasi va islom ilmlariga bagʻishlangan ishlari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Soʻz yakunida Abdulhay domla yoshlarga murojaat qilib, Yusufxon toʻra kabi ustozlarning hayotidan ibrat olish, ilmga sadoqatli boʻlish va Vatan hamda din xizmatida fidoyilik koʻrsatishga chaqirdilar.
Tadbir davomida ustozning ilmiy merosi, maʼnaviy fazilatlari, ilmga sadoqati va jamiyat maʼnaviy taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi alohida taʼkidlandi. Ishtirokchilar tomonidan marhum ulamo xotirasiga ehtirom va duolar qilindi.
Mazkur tadbir yoshlar qalbida ilmga muhabbat, ustozlarga ehtirom va maʼnaviy barkamollik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati