Яратилиш санаси 13.02.2026

Talabalar bilan sayohat tashkil qilindi…

“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2025–2026 o‘quv yiliga mo‘ljallangan ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasi asosida, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va siyosiy islohotlar mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga chuqur singdirish maqsadida qator tadbirlar belgilangan.

Mazkur reja doirasida 14-fevral — o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, buyuk mutafakkir, shoir, tarixchi va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan joriy yilning 13-fevral kuni Namangan viloyatidagi qadimiy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Ahsikent xarobalari majmuasiga tashrif uyushtirildi.

Tashrif ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rivojiddin domla Nasritdinov boshchiligida guruh rahbarlari hamda talabalar ishtirokida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — Bobur merosini chuqurroq o‘rganish, uning boy ilmiy-adabiy va siyosiy faoliyatini yoshlar ongida mustahkamlash, ularda tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida ta’lim muassasasi direktor o‘rinbosari R. Nasritdinov tomonidan mazkur tarixiy maskanning o‘tmishi, ilmiy tadqiqot natijalari hamda Bobur hayoti bilan bog‘liq jihatlari haqida batafsil ma’ruza qilindi. U o‘z nutqida Bobur 1483-yil 14-fevral kuni Andijon shahrida tavallud topgani, yoshligidan davlat boshqaruvi va harbiy san’at sirlarini puxta egallagani, murakkab siyosiy jarayonlar ichida shakllanib, keyinchalik Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Boburning mashhur “Boburnoma” asari nafaqat tarixiy manba, balki geografiya, etnografiya, tabiiy fanlar va adabiyotga oid qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ensiklopedik asar ekani qayd etildi. Unda Ahsikent va Farg‘ona vodiysi hududlari, ularning tabiati, aholisi, shaharsozlik madaniyati haqida mufassal ma’lumotlar berilgan.

Ahsikent qadimda Farg‘ona vodiysining muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda mustahkam mudofaa devorlari, madrasa va masjidlar, hunarmandchilik ustaxonalari faoliyat yuritgan. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, IX–X asrlarda bu hududda yirik ilmiy-madaniy muhit shakllangan. Shahar mo‘g‘ullar istilosi hamda keyinchalik XVI asrda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida vayron bo‘lgan. Bugungi kunda esa u arxeologik yodgorlik sifatida o‘rganilib, milliy tariximizning muhim sahifalarini yoritishda xizmat qilmoqda.

Tashrif davomida talabalar arxeologik qazilmalar natijalari, tarixiy obidalarning qoldiqlari hamda ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishdilar. Ular tarixiy maskan hududida sayyor ma’ruza tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat qudratli saltanat asoschisi, balki nozik didli shoir, chuqur tafakkur sohibi, yuksak ma’naviyat egasi sifatida ham tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymodir. Uning hayoti va ijodini o‘rganish — tarixiy g‘urur, ma’naviy yuksalish va milliy iftixor manbaidir.

Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati