Vatan himoyasi buyuk sharaf
Xar bir mo‘min-musulmon kishi o‘z vatanining himoyasi uchun jon fido qilmoqlikni buyuk sharaf va muqaddas burch deb qabul qiladi. Bu yo‘ldagi xizmatini moddiy manfaatlar yoki mansab va martabalar uchun emas, balki insoniylik burchi hamda Yaratgan rizoligi uchun amalga oshiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida, ya’ni: «Kechalari Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni va Alloh yo‘lida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi», deya marhamat qilganlar. Ammo, Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi shahidlik maqomiga yetishi haqida bashoratlar mavjud. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qo‘riqchilik qilib chiqqanlar. Abu Atiyya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib, qay biringiz uni biror yaxshi amal(ni bajarayotgan)ida ko‘rgansiz? deb so‘radilar. Bir kishi: “Men u bilan Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchi bo‘ldim”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot bilan o‘tirganlar o‘rinlaridan turib, unga janoza namozini o‘qishdi. Qabriga qo‘yilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan tuproq tortdilar. So‘ng (mayitga qarab): ya’ni: “Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman” dedilar”.
Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan himoya qilish bu – insonning o‘z uyi, oilasi, qarindosh-urug‘i va ayniqsa, dinini himoya qilishidir. Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi.
Buning uchun farzandlarimizni ularning yoshligidan Vatanga muhabbatli, dinu-diyonatdan xabardor, ilmu ma’rifatli, kasbu hunarli, jismonan va ma’nan barkamol qilib tarbiya bermog‘imiz zarurdir. Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: «Ona-Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo‘lgan».
Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, oru nomusini, imonini o‘rtaga qo‘yib, yovga qarshi kurashganlar.
Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmaydi. Yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini, muborak qonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam ekani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Alloh taolo mustaqil Yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan Vatan himoyachilarini o‘z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va halqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.
Mirzabayev Qobiljon
Ta’lim muassasasi direktori