Vatan ximoyasi sharafli kasblardandir
Har bir inson uchun asl Vatan o‘z ostonasidan boshlanadi. Undan so‘ng mahalla, qishloq, shahar va ularning birikmasidan butun boshli yurt, Vatan tashkil topadi. Shundan kelib chiqib, xizmat va himoya ham shu yo‘nalishda tashkil qilinadi. Ya’ni, inson avvalo o‘z uyi daxlsizligini har taraflama ta’minlay olishi kerak. Oila a’zolarining ta’minoti, emin-erkin hayot kechirishlari va o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari tufayli qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni bemalol ado eta oladigan darajada xavfsizliklarini ta’minlashi kerak.
Mazkur vazifalarning barchasi oila boshlig‘i va himoyachisi hisoblanmish erkakning zimmasida bo‘ladi. Demak, har bir xonadonning erkagi o‘z xonadonida bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni imkoniyat darajasida yuzaga chiqarar ekan, o‘z-o‘zidan mahalla ham har taraflama obod bo‘lib, tinchlik va xotirjamlikka erishadi.
Shu orqali butun boshli yurtda tinchlik, xotirjamlik va osoyishtalikka erishiladi. Chunki bunday vatanning bag‘ridagi har bir shaxs o‘zining oldidagi burch va mas’uliyatlarini benuqson ado etayotgan bo‘ladi.
Demak, Vatandagi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun yurtning har bir a’zosi o‘z zimmasidagi mas’uliyatni to‘la-to‘kis holatda amalga oshirmog‘i kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharifda: «Molini, jonini, dinini va ahlu ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topur», deyilgan. (Imom Termiziy rivoyat qilgan). Chunki vatan ham aslida mazkur narsalardan tashkil topgan bo‘ladi. Ya’ni har bir insonning joni, dini, ahli ayoli, mol-dunyosi, qo‘yingki butun borlig‘i vatanga bog‘liqdir. Bizning shariatimizda esa mazkur narsalarni himoya qilib, avaylab-asrash dinimizning asosiy maqsadlaridandir. Chunki insonning azizu mukarramligi ham boshqa jonzotlardan farqi ham odatda ana shu ne’matlar tufayli bo‘ladi. Bu ne’matlarning qo‘ldan ketishi Vatanning qo‘ldan ketishi demakdir.
Ushbu tushunchalarni o‘zining butun vujudiga singdirgan har bir mo‘min-musulmon kishi o‘z vatanining himoyasi uchun jon fido qilmoqlikni buyuk sharaf va muqaddas burch deb qabul qiladi. Bu yo‘ldagi xizmatini moddiy manfaatlar yoki mansab va martabalar uchun emas, balki insoniylik burchi hamda Yaratgan rizoligi uchun amalga oshiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida, ya’ni: «Kechalari Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni va Alloh yo‘lida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi», deya marhamat qilganlar.Ammo, Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi shahidlik maqomiga yetishi haqida bashoratlar mavjud. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qo‘riqchilik qilib chiqqanlar. Abu Atiyya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib, qay biringiz uni biror yaxshi amal(ni bajarayotgan)ida ko‘rgansiz? deb so‘radilar. Bir kishi: “Men u bilan Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchi bo‘ldim”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot bilan o‘tirganlar o‘rinlaridan turib, unga janoza namozini o‘qishdi. Qabriga qo‘yilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan tuproq tortdilar. So‘ng (mayitga qarab):ya’ni: “Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman” dedilar”.
Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan himoya qilish bu – insonning o‘z uyi, oilasi, qarindosh-urug‘i va ayniqsa, dinini himoya qilishidir. Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi.
Buning uchun farzandlarimizni ularning yoshligidan Vatanga muhabbatli, dinu-diyonatdan xabardor, ilmu ma’rifatli, kasbu hunarli, jismonan va ma’nan barkamol qilib tarbiya bermog‘imiz zarurdir. Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: «Ona-Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo‘lgan».
Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, oru nomusini, imonini o‘rtaga qo‘yib, yovga qarshi kurashganlar.
Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmaydi. Yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini, muborak qonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam ekani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bugun biz farzandlarimizga ana shu ulug‘larning ona Vatan himoyasi va manfaati yo‘lida ko‘rsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini anglatmog‘imiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuyg‘ulari, yurtni har qanday kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam o‘rin oladi
Alloh taolo mustaqil Yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan Vatan himoyachilarini o‘z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va halqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.
Nasritdinov Rivojiddin
ta’lim muassasasi yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat-ma’rifat boʻlim boshligʻi