Kitob - eng yaxshi hamsuhbat
So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy - ma’rifiy izchil islohotlar jarayonida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qator chiqarilayotgan qaror va ko‘rsatmalar kitob mutolaasi muhimligi, yoshlar, keng omma vakillari va ayniqsa rahbarlar orasida bu fazilatni targ‘ib qilish haqida ko‘p bora ta’kidlanmoqda.
Aslida ham, kitob va kitobxonlik insonlar ong-tafakkurini teranlashtirib, qalbiga eng go‘zal ezgu niyatlarni joylaydigan, ularni yaxshiliklar olamiga yetaklaydigan ma’naviyat sarchashmasidir. Shuning uchun har doim kitob o‘qishga ehtiyojimiz bor.
Kitob mutolaasiga kirishish, o‘qishga berilish, aqlni foydali ishlar bilan o‘stirish band qilish saodat kalitidir. Qayg‘udan yiroq bo‘lishing uchun kitob mutolaa qilishni tavsiya qilib, aytiladi: «Kitob - xolis hamsuhbat, aldamaydigan do‘st, malol olmaydigan hamroh Mol-dunyoying uni qiziqtirmaydigan, ichingdagi narsani xushomadgo‘ylik bilan chiqarib olmaydigan, makr bilan muomala qilmaydigan, munofiqlarcha aldamaydigan, yolg‘on so‘zlab hiyla qilmaydigan do‘stdir. Kitobga qaraganing sari - foydalanasan, rohating ko‘payadi, zehningni o‘tkirlaydi, tilingni ravon, ifodangni ko‘rkam, ruhingni tetik, qalbingni obod qiladi, senga xalq hurmatini, podshohlar sadoqatini in’om etadi. Sen biron ziyon ko‘rmasdan, mashaqqat chekmasdan, o‘rgatuvchilar eshigi oldida muztar bo‘lib turmasdan, xulqda ham nasl-nasabda ham sening tenging bo‘lmagan kimsalar bilan ko‘ngilsiz suhbatlar qurmasdan, ahli dunyolar bilan hamtovoq bo‘lmasdan turib, kitob yordamida odamlar og‘zidan bir umr o‘rgana olmaydigan narsani bir oyda o‘rgana bilursan. Kitob senga kunu tun, uyda ham, safarda ham itoat qiladi, unda uyqu kasali yo‘qdir, u bedorlikdan tolmas, u agar muhtoj bo‘lsang seni haydamaydigan muallimdir, agar undan uzilsang, sendan o‘z foydalarini uzmas, undan chetlansang ham senga itoatda bardavom bo‘lur, agar dushmanlaringning ishlari yurishib qolsa ular tomonga og‘ib ketmas, qachon sen u bilan birga biron narvonga yoki qandaydir arqonga osilsang, ya’ni har qanday mashaqqat bilan yetiladigan ishga kirishsang sen uchun uning o‘zi yetarli yordamchidir, u bilan bo‘lsang senga yolg‘izlik vahshati ziyon qila olmas. Aytaylik, kitob seni hech bo‘lmaganda eshiging oldida o‘tgan-ketganlarga qarab o‘tirishdan to‘ssa ham (aslida bunday o‘tirish bema’ni gaplarni gaplashuvchi, behuda ishlarga mashg‘ul bo‘lguvchi johil, bekorchi kimsalarning odatidir) juda katta foyda va o‘ljaga ega bo‘lgan hisoblanasan.
Ibn Juhaym shunday degan: meni bevaqt mudroq tutsa (keragidan ortiqcha uxlash naqadar yomon ish) hikmat kitoblaridan birini qo‘limga olaman shundan so‘ng qalbimdan sergak tortaman va yo‘qotgan narsamni topib olganday huzurlanaman». Kitoblarning eng ulug‘i, sharaflisi, yuksagi esa: «(Ey Muhammad alayhissalom, bu Qur’on) Sizga uning yordamida kofirlarni (Allohning azobidan) ogohlantirishingiz uchun va mo‘minlar uchun bir Eslatma bo‘lib nozil qilingan Kitobdir - bas, ko‘nglingizda u sababli tanglik (shubhalanish) bo‘l masin!» (A’rof surasi, 2-oyat).
O‘qish, mutolaaning foydalari
1. Vasvasa, g‘am-aunduhlarni haydaydi.
2. Nohaqlikka tushishdan uzoq bo‘ladi.
3. Bekorchilardan yiroq bo‘ladi.
4. Tili burro bo‘ladi, kalom mashqini oladi, ohang qilib so‘zlamaydi, balog‘at, fasohatga zeb bermaydi.
5. Aql rivojlanadi, zehn yangilanadi, xotira ku chayadi.
6. Bilimga boy bo‘lib, yodlash, tushunchasi ko‘p bo‘ ladi.
7. Insonlar tajribalarini, ulug‘lar hikmatlari ni, ulamolar kashfiyotlarini o‘zlashtiradi.
8. Ilmiy malakasini oshiradi, hayot haqidagi madaniy onggini oshiradi.
9. Iymoni ziyoda bo‘ladi, xususan Islom dini ha qidagi kitoblarni o‘qiganda. Zero, kitob - eng buyuk nasihatchi, yomonliklardan qaytarguvchi va yaxshi ishlarga buyurguvchidir.
10. Zehn parishonligidan, qalb bo‘linishidan, vaqt zoe bo‘lishidan panoh topadi.
11. So‘zni puxta tushunadi, ifoda uslubini, iboraning maqsadini, jumla tushunchasini, hikmat sirlarini anglaydi.
Xulosa
Prezident tomonidan kitob mutolasi muhimligi, yoshlar, rahbarlar orasida buni targ‘ib qilish lozimligi haqida ko‘p bora aytildi, aytilmoqda. Davlat rahbari tomonidan Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning bittasi aynan kitobxonlikka qaratilgan bo‘lib, u yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish asosiy vazifamiz bo‘lishi lozim.
Mirzabayev Qobiljon
“Hidoya” o‘rta maxsus islom
ta’lim muassasasi direktori