Mangu barhayot siymo (9-fevral-Alisher Navoiy tavallud topgan kun)
Alisher Navoiy turk dunyosi adabiyotining jahoniy shuhrat va ehtiromga erishgan eng mashhur vakilidir. Uning nomi va merosi Gomer va Dante, Ro‘dakiy va Firdavsiy, Nizomiy va Shota Rustaveli, Sa’diy va Jomiy, Shekspir va Balzak, Pushkin va Tolstoy, Tagorlar kabi ulkan so‘z san’atkorlarining nomi va merosidek o‘lmasdir. Negaki, hech kim bu til va adabiyot uchun uningdek xizmat qilolgan emas. Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho‘qqisidir. Negaki hech kim unga qadar bu tilda «ko‘p va xo‘b»(Bobur)yozmagan.
Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o‘zini «Xito(y)dan to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning o‘z shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog‘i ostida birlashtirdi,«yakqalam» qildi. Bu bilan millatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy ravnaqiga juda katta ta’sir o‘tkazdi.
Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida «...umidim uldurki va xayolimg‘a andog‘ kelurkim, so‘zum martabasi avjdin quyi inmagay va bu tartibim kavkabasi a’lo darajadin o‘zga yerni beganmagay», degan edi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi. Shoir aytganidek,«Temur tig‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher». 9-fevral Alisher bobomiz tavallud topgan kun.
Mamatxodjaev To‘xtasin
ta’lim muaasasasi xodimi