Яратилиш санаси 15.03.2026

Inson qalbining uch kushandasi: Hirs, tama’ va xomxayol orzular

Insoniyat yaralibdiki, uning eng katta sinovlaridan biri – mol-dunyoga bo‘lgan muhabbat va bitmas-tuganmas orzu-havaslardir. Bugungi shiddatli davrda, odamlar boylik va amal ortidan tinimsiz quvayotgan bir paytda, islomiy tarbiya (axloq) durdonalariga murojaat qilish qalbimizdagi ko‘plab savollarga javob beradi.

Xo‘sh, insonni ruhan va ma’nan qashshoqlashtiruvchi, uning qadr-qimmatini tushiruvchi illatlar nima? Hakimlar va allomalar bu borada uchta asosiy xastalikni sanab o‘tishgan: hirs (ochko‘zlik), tama’ (birovning qo‘lidagiga umid qilish) va tulul amal (uzun va puch orzu-havaslar).

Boylik sarobi va o‘zga uchun terilgan "o‘lja"

Qur'oni Karimda insoniyatning eng zaif nuqtalaridan biri shunday ta’riflanadi: «Sizlarni (mol-dunyo to‘plashda) musobaqalashish chalg‘itib qo‘ydi. Hatto qabrlarni ziyorat qilguningizcha». Inson butun umrini nimalarnidir yig‘ishga sarflaydi, "molim, boyligim" deya mulki bilan faxrlanadi. Ammo Payg‘ambarimiz ﷺ insonning asl boyligi nima ekanligini juda oddiy va ta'sirchan qoida bilan tushuntirganlar: «Ey Odam bolasi, sening molingdan senga faqat yeb tugatganing, kiyib eskitganing yoki oxirating uchun sadaqa qilib qoldirganinggina tegishlidir». Undan qolgani – merosxo‘rlarniki.

Shoirlardan biri bu holatni juda o‘rinli o‘xshatish bilan tasvirlaydi. Uning aytishicha, dunyoga o‘ta haris kimsa xuddi ov itiga o‘xshaydi: o‘zi och qolib o‘ljasini tutib keladi, lekin o‘ljani o‘zi emas, boshqalar yeydi. Inson ham goho shunday – o‘zi yemay-ichmay, halovatini yo‘qotib mol yig‘adi-yu, uni boshqalarga tashlab ketadi.

Uzun orzular – qalbni qaritmaydigan dard

Hayotning qizig‘i shundaki, insonning yoshi ulg‘aygani sari uning orzu-havaslari ham kattalashib boraverar ekan. Bir hakim zotdan: «Nega keksalar dunyoga yoshlardan ko‘ra harisroq bo‘ladilar?» deb so‘rashganida, u: «Chunki ular dunyoning shunday lazzatlarini totib ko‘rishganki, yoshlar uni hali bilishmaydi», deb javob bergan ekan.

Abu Hurayra (r.a.)dan qilingan rivoyatda ham keksaygan insonning ikki narsada yoshligicha qolishi aytiladi: molga muhabbat va uzun orzu-havaslar.

Orzu qilishning yomon joyi yo‘q, biroq insonni amaldan, bugungi kunning qadridan to‘sadigan, «hali vaqt bor-ku» degan xomxayolga yetaklaydigan orzular halokatlidir. Hasan Basriy aytganlaridek: «Agar ajalni va uning shitob bilan kelishini ko‘rganingizda edi, orzu-havaslarni va uning aldovlarini unutar edingiz».

Tama’ – aqlning kushandasi

Erkin va xotirjam yashashning birdan-bir sirti – tama’dan uzoq bo‘lishdir. Tama’ – bu birovning qo‘lidagi narsaga ko‘z tikish, uning ilinjida yashash. Hazrati Ali (k.v.) o‘zlarining hikmatli so‘zlarida: «Aqlning halokatga uchraydigan joylarining ko‘p qismi ta’magirlik chaqmoqlari ostidadir», deganlar. Qayerda tama’ bo‘lsa, o‘sha yerda insonning qadri toptaladi, aql o‘tmaslashadi. Hatto eng achchiq sharob ham odamning aqlini tama’chalik tez va xunuk holatda ketkaza olmasligi ta'kidlanadi.

Bu illat hatto eng ulug‘ zotlar – olimlarni ham chetlab o‘tmasligi mumkin ekan. Ilm sohiblarini saflaridan ajratib, nima ularning qalbidan ilmni yuvib ketadi, deb so‘ralganda, buyuk tobe'inlar: «Tama’, nafsning ochko‘zligi va odamlardan hojatini so‘rash», deya javob berishgan. Ilm va tama’ bir qalbda jamlana olmaydi.

Ash'abning kulgili, ammo ibratli qismati

Ta'magirlik va ochko‘zlikning timsoliga aylangan Ash'ab ismli tarixiy shaxs o‘tgan. Uning holati tama’ning insonni qanchalik kulgili va absurd holatga tushirib qo‘yishiga yorqin misoldir.

Undan: «Tama’da qaysi darajaga yetgansan?» deb so‘rashganda, shunday javob bergan ekan: «Qo‘shnimning uyidan tutun chiqsa, go‘shtli ovqat chiqarib berar, degan umidda darhol o‘z nonimni to‘g‘ray boshlayman!». Hatto ko‘chada janoza olib o‘tilayotganini ko‘rsa, «Marhum menga biror narsa vasiyat qilgandir», deb umidvor bo‘lgan; kelin tushayotganini ko‘rsa, «Adashib mening uyimga kirib qolishar» degan umidda hovlisini supurib-sidirib kutgan.

Bu voqealar zohiran kulgili tuyulsa-da, botinan insoniyatga tutilgan ulkan ko‘zgudir. Biz-chi? Biz o‘z umrimizni, sog‘lig‘imiz va xotirjamligimizni qandaydir xayoliy tutunlar ortidan quvib, puch orzularga ishonib boy bermayapmizmi?

Xulosa o'rnida...

Dunyo va uning ne’matlari inson uchun berilgan, uning qo‘lida bo‘lishi kerak, qalbida emas. Qachonki boylik va orzu-havas qalbdan joy olib, aqlga hukmronlik qilishni boshlasa, inson o‘zining asl xotirjamligini yo‘qotadi. Chinakam erkinlik va boylik – bu boriga shukr qilib, qanoat bilan yashashdadir.

Ziyayev Abduqahhor

Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi