OTA-ONAGA YAXSHILIK
Imom Buxoriy va Muslim Ibn Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: Ibn Mas’ud: «Yo Rasululloh, Allohning nazdida qaysi amal sevimliroq?» – deb so‘radi. U zot (alayhissalom): «Vaqtida o‘qilgan namoz», – dedilar. Ibn Mas’ud: «Yana qaysi amal», – dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Ota-onaga yaxshilik qilish», – dedilar. Ibn Mas’ud: «Keyin qaysinisi», – deb so‘radi. U zot (alayhissalom): «Alloh yo‘lida jihod», – dedilar.
Imom Muslim va boshqa hadis kitoblarida qayd etiladi: «Farzand otaning haqini hech qanaqasiga o‘tay olmaydi, faqat otasi kimgadir qul bo‘lib qolganini ko‘rsa va sotib olib, ozod qilsa, shunda o‘tagan bo‘ladi».
Imom Tabaroniy qayd etadi: Payg‘ambar (alayhissalom) huzuriga bir odam kelib, dediki: «Men Alloh yo‘lida jihod qilmoqchiman, faqat bunga qurbim yetmayapti». Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) so‘radilar: «Ota-onangdan hayot bo‘lganlari bormi?» «Ha, onam bor», — dedi u. Rasululloh (alayhissalom): «Bor, onangning ko‘nglini olishga harakat qil. Shunda haj, umra va jihod qilganchalik ajr olasan», — dedilar.
Imom Tabaroniy keltirgan rivoyatda Payg‘ambar (alayhissalom) dedilar: «Ota-onalaringizga yaxshilik qiling, shunda farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qiladi. Iffatingizni asrang, shunda xotinlaringiz ham iffatli bo‘ladi». Imom Muslim qayd etadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Burni yerga tegsin, burni yerga tegsin, burni yerga tegsin». So‘radilar: «Kimning burni yerga tegsin, yo Rasululloh?» «Ota-onasining yoki birining qariligini ko‘rgan bo‘la turib, jannatga kirolmaganning burni», — dedilar.
Imom Tabaroniy qayd etadi: «Rasululloh minbarga chiqib, «Omin, omin, omin!», — dedilar. Yana Jabroil qoshimga keldi va menga dediki: «Yo Muhammad, kimgaki ota-onasidan birining qariligini ko‘rish nasib etsa-yu, unga yaxshilik qilmay o‘lib qolsa, jahannamga kiradi. Xudo ko‘rsatmasin! Omin deng!» — dedilar. «Omin!» — dedim. Keyin Jabroil bunday dedi: «Yo Muhammad, kim ramazon oyiga yetishsa-yu, vafot etsa, lekin afv etilmasa, jahannamga kiradi. Xudo ko‘rsatmasin! «Omin» deng!» — dedilar. «Omin!» — dedim. Keyin: «Kim yoningda sening isming zikr etilib turganda, senga salavot va salom aytmay o‘lsa, jahannamga ketadi. Xudo ko‘rsatmasin! «Omin» deng!» — dedilar. «Omin!» — dedim.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qiladilar: Bir kishi Rasulullohdan (alayhissalom) so‘radi: «Yo Rasululloh, yaxshilik qilishimga eng loyiq odam kim?» U zot (alayhissalom): «Onang», — dedilar. «Keyin kim?» — dedim. «Onang», — dedilar. «Keyin kim?» — dedim. «Otang», — dedilar.
Imom Buxoriy va Muslim qayd etadilar: Hazrat Abu Bakrning qizi Asmo hikoya qiladi: «Onam meni koʻrgani kelardi. Lekin u Rasulullohning vaqtida (Rasululloh tirikligida) butparast edi. Paygʻambardan fatvo olmoqchi boʻlib, yo Allohning Rasuli, onam meni koʻrgani keldi, lekin Islomga kirishdan qochib yuribdi. Onam bilan yaxshi muomalamni davom ettiraveraymi?» – dedim. «Onang bilan yaqinlik rishtasini uzma», – dedilar.
Imom Ibn Hibbon va Hokim aytadilar: «Allohning roziligi ota-onaning roziligidadir. Allohning siniqligi (xafaligi) ota-onaning siniqligidadir». Imom Abu Dovud va Ibn Moja qayd etadilar: Bir kishi soʻradi: «Yo Allohning Rasuli, ota-onam vafot etgandan keyin ularga yaxshilik qilishning biror yoʻli bormi?» U zot (alayhissalom): «Ha, ularga bagʻishlab duo qilmoq, istigʻfor aytmoq, vaʼda berib, bajara olmagan ishlari boʻlsa, ularni oʻrniga qoʻymoq, aka-ukalari, opa-singillariga va yaqinlariga silai rahm etmoq (yaʼni borib koʻrmoq) va ularning doʻstlarini izzat-ikrom qilmoq», – dedilar.
Imom Muslim rivoyat qiladi: bir kuni hazrat Umarning oʻgʻli Abdulloh Makka yoʻlida bir aʼrobiy bilan uchrashib qoladi. Abdulloh unga salom berib, oʻzi minib ketayotgan uloviga mindiradi, yana boshidagi sallasini ham unga beradi. Karvonda u bilan birga ketayotgan Molik ibn Dinor deydiki (hikoyaning davomi Dinor tilidan ketadi): «Biz Abdullohga aytdik: «Xudo xayringni bergur, ular aʼrobiy, ozgina narsa bersang, rozi boʻlishadi». Hazrat Umarning oʻgʻli esa bizga bunday dedi: «Buning otasi mening otam Umar ibn Xattobning doʻsti va men Rasulullohdan (alayhissalom) eshitganman, bunday der edilar: «Yaxshilikning eng afzali farzandning otasi doʻstlariga silai rahm qilishidir».
Imom Ibn Hibbon aytadi: Abu Burda hikoya qiladi: «Madinaga ketayotgan edim. Yoʻlga chiqishim oldidan Abdulloh ibn Umar kelib qoldi. «Men nega sening oldingga kelganimni bilasanmi?» – dedi. Men: «Yoʻq», – dedim. Dediki: «Men Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitganman, u zoti kirom bunday derdilar: «Kim otasiga silai rahm qilmoqchi boʻlsa, otasi oʻlgandan keyin uning doʻstlarini va yor-birodarlarini ziyorat qilsin». Gap shundaki, mening otam hazrat Umar bilan sening otang orasida birodarlik va do‘stlik bor edi. Shuning uchun ziyoratga keldim».
Imom Buxoriy va Muslim hamda boshqalarning hadis kitoblarida bunday yozilgan: «Bizdan oldingi qavmlardan uch kishi tijorat maqsadi bilan yo‘lga chiqadilar. Bir vaqt yo‘lda yomg‘irga tutilib, bir g'orga kirib qutiladilar. Lekin tog'dan tushgan katta xarsang tosh g'or og'zini to'sib qo'ydi. Shu ahvolda ular o'zlariga darda bera boshladilar: «Bu toshdan bizni faqat bir narsa qutqaradi! Oldin qilgan yaxshi amallarimiz hurmati, bizni qutqarishini so'rab, Allohga duo qilaylik».Shu orada ulardan biri bunday duo o'qiydi: «Yo Alloh, mening qari otam va onam bor edi. Men ularga har oqshom sut ichirmaguncha hech kimsaga qaramasdim. Bir kuni ba'zi hojatim yuzasidan tashqariga chiqdim va oqibat ota-onamning sut ichadigan paytlariga yetib borolmay qoldim. Ular uxlab qolishgan edi. Sutni sog'dim. Ulardan oldin bolalarimga ichishni hurmatsizlik deb bildim. Sut idishini qo'lga olib, ular uyg'onishini kutdim. Bu shafaq qizarguncha qadar davom etdi. Tong otganda ular uyg'ondilar va sutlarini ichdilar. Yo Alloh, agar buni yolg'iz sening rizong uchun qilgan bo'lsam, bu falokatdan bizni qutqar!» Bu duo paytida tosh bir oz jildi. Lekin hali chiqquvlik emasdi.
Ikkinchi kishi ammasining qizi bilan zino qilmoqchi bo'lib, Alloh rizosi uchun unga tegmaganini aytib, Rabbiga duo qildi va toshning ochilishini so'radi. Tosh yana bir oz siljidi, lekin hamon chiqquvlik emasdi. Uchinchi odam bunday duo aytdi: «Yo Alloh, mening kunbay ishlaydigan xizmatchim bor edi. Haqqining bir qismini mendan ololmay ketgan edi. U ketib qolganidan keyin men uning puliga bir qo'y oldim. Bu qo'y ko'payib, bir suruv bo'ldi. Yillar o'tib, xizmatchim haqini olgani kelganda uning hamma olingan qo'y suruvini unga berdim. Agar buni sening rizong uchun qilgan bo'lsam, bizni bu toshdan qutqar!» Shundan so'ng tosh tamoman surildi va ular g'ordan qutuldilar»
ABU HOMID G`AZZOLIYNING “MUKOSHAFATUL QULUB” KITOBIDAN
Abobakirov Muhammadyusuf
Ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi