Яратилиш санаси 27.03.2026

Fiqhiy qoida sharhi

"أن الركنية لا تثبت إلا بدليل مقطوع"

“Rukn  faqat qat’iy dalil bilan sobit bo‘ladi.”

Bu qoida ma’nosi va mazmuni quyidagicha: Bilingki, biror narsaning rukn  bo‘lishi faqatgina qatʼiy dalil bilan sobit bo‘ladi. 

Ya’ni ruknlik:
ijtihod bilan,
qiyos bilan,
yoki xabarul-vahid bilan sobit boʻlmaydi.

Ammo vojiblar esa xabarul-vahid bilan ham sobit bo‘ladi. Chunki xabarul-vahid amal qilishni vojib qiladi, lekin yaqiyniy ilm (aniq ishonch)ni vojib qilmaydi.

Rukn esa faqat qat’iy ilm bilan sobit bo‘ladi.
Bu qoida Hanafi mazhabidagi farz bilan vojibni farqlovchi ulamolar usuliga asoslangan. Chunki ular: farzni — rukn deb biladilar, vojibni esa — farzdan quyi daraja deb hisoblaydilar.

Bu qoida misollari: Imom -ʼMargʼinaʼonii rahimahulloh aytadi:
Safo va Marva orasida sa’y qilish vojibdir, rukn emas. Chunki rukn faqat qat’iy dalil bilan sobit bo‘ladi, bu yerda esa bunday dalil yo‘q.

Yana misollardan: Tavofda tahorat hanafiylarga ko‘ra rukn emas. Chunki Qur’onda kelgan: “Baytni tavof qilsinlar” —  oyatida tavofning o‘zi buyurilgan.

Tavof — Bayt atrofida aylanishdir, bu esa tahoratli yoki tahoratsiz holda ham amalga oshadi. Shuning uchun tahorat rukn emas, balki vojib hisoblanadi. Tahoratsiz qilinsa, qon vojib boʻladi.

Yana:
Namozda aynan Fotiha surasini o‘qish rukn emas. Balki rukn — mutlaq qiroatdir (ya’ni Qur’ondan biror narsa o‘qish).

Bu Alloh Taoloning “Qur’ondan oson kelganini o‘qinglar” degan oyati bilan sobit boʻlgan: Fotiha o‘qish esa xabarul vohid  (hadis) bilan sobit bo‘lganligi uchun vojib hisoblanadi. Chunki xabar amalni vojib qiladi, lekin qat’iy ilm vojib qilmaydi.

Ismoilov Akramxon

ta'lim muassasasi o'qituvchisi