Яратилиш санаси 14.04.2026

OTAGA ITOAT

Muhammad Said Butiy 1929 yil Iroqning shimolida, Suriya-Turkiya chegarasida joylashgan Buton (Ibn Umar) orolchasidagi, hozirda Turkiya hududiga kiruvchi Jilko qishlog'ida tug'ilgan va to'rt yoshida otalari mulla Ramazon rahmatullohi alayh bilan Suriya poytaxti Damashqqa ko'chib o'tgan. Muhammad Saidning ilk va asosiy ustozi otasi Mulla Ramazon Butiy hazratlari bo'lgan. U kishi ilmga chanqoq o'g'ilchasi Muhammad Saidga Islom asoslari, aqida ilmi, arab tili grammatikasi, mantiq va boshqa ilmlardan dars beradi. Muhammad Said o'rta ta'lim bosqichini tugallagach, 1953 yilda Damashqdagi "At-tavjihul islomiy" mahhadini tamomlaydi va shu yilning o'zida Qohiraga borib, "Al-Azhar" universitetining shariat fakultetida o'qishni davom ettiradi. 1955 yili "Usulu shariatil islomiya" bo'yicha doktorlik diplomini olib, Damashqqa qaytadi. Shu yillardan u masjiddagi xatiblik qilishni boshlaydi. O'shanda u hali o'n yettiga to'lmagan edi. 1956 yili "Al-Azhar" universiteti tavsiyasi bilan arab tili fakultetining "Tarbiya" diplomini qo'lga kiritadi. 1955 yili Damashq universitetining shariat fakultetiga mudarris etib tayinlanadi. Keyin ushbu fakultetda vakil, so‘ng prorektor vazifasini bajaradi. So‘ngra Damashq universitetining “Aqida va din” kafedrasining rahbari vazifasida ishlaydi. Keyinroq Damashqdagi “Al jome’ul umaviy” masjidi imomi-xatibi va Shom ulamolari birligi raisi etib tayinlanadi. U kishi Damashq masjidlarida kunlik va haftalik va’z-irshod majlislari o‘tkazar, ularda minglab erkagu ayollar hozir bo‘lishar edi. Bundan tashqari, u kishining turli mavzulardagi gazeta-jurnallarda o‘nlab maqolalari chop etilgan. Internetda o‘zlarining shaxsiy saytlari ham bo‘lib, unda shayxning juma ma’ruzalari, maqolalari va turli mavzudagi savollarga bergan javoblari berib borilar edi. Butiy hazratlari arab, turk va kurd tillarini mukammal bilar, ingliz tilida so‘zlasha olar edi. Arab tili balog‘ati fani bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan ulamolardan edi. Muhammad Said Butiy rahmatullohi alayh, Iordaniyaning Ummon shahridagi Islom madaniyati tadqiqot markazi akademiyasining a’zosi, shuningdek, Oksford akademiyasining oliy majlisi a’zosi edi. U kishi ko‘plab xalqaro anjuman va konferensiyalarda ishtirok etib keldi. Ustoz Muhammad Said Butiy rahmatullohi alayhni, asosan, yozgan kitoblari mashhur qilgan. U kishi turli fanlarga doir oltmishdan ortiq kitob ta’lif etgan. U kishining asarlari keng qamrovliligi, chuqur asoslarga tayanishi va moʻtadilligi, xolisligi bilan ajralib turadi.
Mashhur kitoblari:
“Fiqhus siyratin nabaviya”.
“Kubrol yaqiyniyyotil kavniya”.
“Sharhul hikamil atoiyya”.
“Haza Volidiy”.
“Shaxsiyatun istavqofatniy”.
“Al-mazohibut tavhidiya val falsafatul mu’osira”.
“Al-mazhabul iqtisodiy baynash shuyu’iyati val Islom”.
“Naqzu avhomil moddiyyatil jadaliya”.
Allomaning “Fiqhus siyratin nabaviya” asari “Siyratni anglash” nomi ostida oʻzbek tilida nashr etilgan. Bundan tashqari, “Qur’oni karimda muhabbat” va “Muhabbatning inson hayotidagi oʻrni”, “Moʻminlar onasi Oisha roziyallohu anho”, “Yashirin gunohlar”, “Musulmonlar hayotida islom mohiyatini jonlantirish” kabi asarlari ona tilimizda chop qilinib, kitobxonlarga taqdim etilgan. 
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari hijriy 1434-yil 9-jumodul avval, milodiy 2013-yil 21-mart payshanba kuni kechki payt Damashqdagi “Iymon” masjidida dars aytayotgan paytida sodir etilgan portlash natijasida shahid bo‘ldilar. Janozalari shanba kuni tushda “Al-jome’ul umaviy” masjidida o‘qildi. Janozalariga o‘g‘illari Tafviq Muhammad Butiy imom bo‘ldi. Mehrob shahidining muborak jasadi shu masjid yaqinidagi mashhur sarkarda Salohiddin Ayyubiy qabri yoniga qo‘yildi.
Muhammad Said Ramazon Butiy otaga itoatqilishda ham barchaga o‘rnak va namuna edilar. Kitobning u zot otalariga bag‘ishlanganini hisobga olib, otalariga itoat va unga nisbatan yuksak odoblari bilan bog‘liq voqeani e’tiboringizga havola qilishga ijozat bersangiz.
Shayx Ramazon Butiy rahimahullohni do‘stlari Ahmad Bassom, o‘zlarini judayam ajablantirgan Shayx Butiy bilan bog‘liq voqeani aytib beradilar.
Ahmad Bassom “Ulamou muqarramun” nomli kitoblarida yozishlaricha, Shayx Butiy to‘g‘rilarida gapirganda yoki yozganda bu voqeani eslab o‘tmasdan qo‘ymaydilar. U kishi aytadilar: “Laziqiya universitetining rektori, universitet tashkil qilinganligining bir yilligi munosabati bilan, universitetning barcha oʻqituvchilarini oʻz uyiga kechki ovqatga taklif qildi. Bu davrda Shayx Butiy Damashq universitetining shariat fakultetining dekani edi.Judayam band ekanligiga qaramasdan, doktor Butiy bizning universitetimizning arab tili boʻlimida Qur’oni karim boʻyicha dars berish uchun har chorshanba kuni kelishga rozilik bergan edi. Chorshanba kuni kechqurun u bu yerda qolar edi va payshanba kuni tushlikdan soʻng uyiga ketardi. Biz Butiy bilan meni xonamda oʻtirganimizda, rektor kirib keldi vabiz ikkimizni payshanba kuni kechqurun uyiga kechki ovqatga taklif qildi. Men darhol javob berib taklifni qabul qildim, lekin Butiy avval otasidan ruxsat soʻrashi lozimligini aytdi.
Bilmayman, bundan kim koʻproq hayratlandi – menmi yoki universitet rektorimi. Boshqa hech bir sabab bunday gʻayrioddiy koʻrinmagan boʻlardi. Lekin qirq yoshli universitet professori, farzandlari ham universitet talabasi boʻlgan kishi, bizda bir kechaga ushlanib qolish uchun oʻz otasidan ruxsat soʻrashi kerakligi men va rektor uchun momaqaldiroq va chaqmoq kabi ta’sir qildi. Yuzidagi ajablanishni berkitishga harakat qilib, rektor menga Butiy telefonda otasi bilan bog‘lanishi uchun uning xonasiga borishimni aytdi.
Biz rektorning xonasiga bordik, Butiy go‘shakni oldi va otasiga qo‘ng‘iroq qildi, men quyidagi so‘zlarni eshitdim, ularni qanday eshitgan bo‘lsam aniq keltiraman:
– Assalomu alaykum, dada.
– ...
– Rektor meni boshqa o‘qituvchilar bilan birga ertaga kechqurun o‘z uyiga kechki ovqatga taklif qildi. Men bu yerda qolsam va uyga juma kuni ertalab qaytsam bo‘ladimi?
– ...
– Rahmat dada... assalomu alaykum...
U go‘shakni qo‘yganida, men unga:
– Alhamdulillah, endi sen xotirjam bu yerda qolsang bo‘ladi – dedim.
– Yo‘q, qololmayman, otam ruxsat bermadilar...
– …
Siz mening yuzimdagi kutilmagan holatdan ta’sirlanish va telefonda nima bo‘lganligini rektorga aytganimda, uning yuzidagi holatni tasavvur qila olmaysiz. Axir shunday bo‘lishimumkinmi?! Otasi yo‘q deganda, hech narsa demadi, uni ko‘ndirishga harakat qilmadi, rahmat aytib go‘shakni qo‘ydi. Hozirgi yoshlar bunga nima deyishar ekan, ularda otalari bilan bir marta bo‘lsa ham shunday bo‘lganmi?
Bundan-da ajablanarlisi, bir necha yil avval Butiyni Oksford akademiyasida ma’ruza o‘qishi uchun tinglovchilarga taqdim qilish so‘zlarini aytayotganimda bo‘lgan edi. Men bu voqeani ularga aytib berayotganimda, u menga shunday vazmin nigoh bilan qaradiki, xuddi oxirida qiziq yakunni kutayotgandek. Uning ko‘zlari menga: "Ha, nima bor bunda? Nimasi ajablanarli buni?" derdi.
“BU-mening otam” kitobi asosida tayyorlandi.

Ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi
Abobakirov Muhammadyusuf