Яратилиш санаси 16.04.2026

SAODAT VA TO’KINLIK OMILI

Alloh taolo to’qson to’qqiz ismidan ikki ismini — Rahmon va Rahim ismlarini har bir ishni boshlashdan oldin "Alloh" ismiga qo’shib yod etishni mo’min bandalariga amr etgan. Musulmon kishi ishlariga Mehribon va Rahimli Alloh nomi (Bismillahir Rohmanir Rohim) bilan kirishadi.

Rahmon va Rahimning ma’no jihatdan o’zagi rahmatdir. Rahmat mehr-shafqat qilish, yaxshilik istashdir.

Barcha mahluqotlarga mehrli va shafqatli, ularning hammasiga ne’mat beruvchi Zot bandalariga ham mehrli shafqatli bo’lishni buyuradi. Insonlarning xususan qarindoshlarning bir-birlariga mehr shafqat ko’rsatishlari Islomda silai rahm deb ataladi.

Silai rahmning lug’aviy ma’nosi — qarindoshchilik rishtalarini bog’lashdir.

Uning shar’iy ma’nosi esa, nasabda va qudachilik tufayli bo’lgan qarindoshchilikda yaqin qarindoshlariga yaxshilik qilish hamda uzilib ketgan qarindoshchilikni tiklashlikdan iboratdir.

Dinimiz mehr-shafqat dinidur. Mehr-shafqat yoyilgan yurt obod, xalqi farovon bo’ladi. Mehr-shafqatli kishilar orasida muhtojlar qolmaydi. 

Silai rahm esa buning asosiy vositasidir. Silai rahm haqida Qur’oni Karimda va Payg’ambarimiz s.a.v. hadislarida bir necha oyat va hadislar kelgan.

Oyatlarda oilani va Islom jamiyatini mustahkamlash, mazkur g’ayriislomiy illatlardan poklash, yo’ldagi to’siqlar va dushmanlarning dushmanligini engib o’tish lozimligi haqida so’z ketadi.

Alloh taboroka va taolo Niso surasining 36-oyatida shunday marhamat qiladi.

"Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yaqin qo’shnilarga, yon qo’shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko’chada qolganlarga va qo’lingizda mulk bo’lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh o’zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko’rmas".

Bu oyati karima Ismlomda ibodat boshqa-yu, shaxsiy-oilaviy-ijtimoiy hayot boshqa emasligini yana bir bor ko’rsatadi. Bular hammasi birikib, umumiy islomiy hayotni tashkil etadi. Islomda din va dunyo ajramagan. Inson masjidga kirganida musulmon bo’lib turib, uyiga kirganida boshqalarning yo’rig’ini tutmaydi. O’ligini musulmoncha ko’mib, bayramini xristiancha o’tkazmaydi. Bolasiga musulmoncha nom berib, unga g’ayrimusulmoncha tarbiya bermaydi.

Oilaviy-ijtimoiy masalalar, mol-mulk haqida, birovlarga yaxshilik qilish haqida bahs yurituvchi oyat va jumlalar ichida ibodat va shirk keltirmaslik haqidagi ushbu jumlalarning kelishi bejiz emas. Allohning o’zigagina ibodat qilish, Unga hech narsani shirk keltirmaslik — tavhiddir. Bandalar uchun Allohning tavhidi asosiy aqidadir. Tavhid har bir insondan talab etiladi. U Allohninghaqqidir.

Payg’ambarimiz s.a.v. Muoz ibn Jabal r.a.ga: "Allohning bandalaridagi haqqi nima ekanini bilasanmi?" dedilar. U kishi: "Alloh va Uning Rasuli bilguvchiroqdirlar", dedilar. Payg’ambarimiz s.a.v.: "Unga ibodat qilmoqlari va hech narsani shirk keltirmasliklari", dedilar. So’ngra: "Agar bandalari buni bajarsalar, bandalarning Allohdagi haqlari nima ekanini bilasanmi? Ularni azoblamasligi", dedilar.

Oyatda tavhidga amr etilganidan so’ng, bir necha toifa kishilarga yaxshilik qilishga buyurilyapti.

Axunjanov Qobiljon

taʼlim muassasasi oʻqituvchisi