Uxdud egalari
Tasavvur qiling: Agar qarshingizda olov turgan bo’lsa..
va undan qutulish atigi bitta so‘z: “iymonimdan qaytdim” deyish bilan bo’lsa..?
Insonni o‘z oyoqlari bilan olov sari yurishga, undan qochmay, balki unga qarab borishga nima majbur qiladi?
Bu faqatgina qalbdagi iymon qo‘rquvdan kuchliroq bo‘lsagina yuz beradi
Chunki hamma yo‘llardan ham ortga qaytib bo‘lmaydi.
Ba’zi yo‘llar faqat bir marta bosib o‘tiladi.
Uxdud egalari kimlar?
Ko‘plab mufassirlarning fikricha, bu voqea Yamanning bir hududida, aniqrog‘i Najronda sodir bo‘lgan. Bu hodisa o‘zining zolimligi bilan tanilgan bir podshoh davrida yuz bergan bo‘lib, ba’zi rivoyatlarda uning ismi Zu-Nuvos deb zikr qilinadi. U buzuq e’tiqodda edi, o‘zini mutlaq hokim deb bilardi, uning yerida o‘zidan boshqa hech kimga ibodat qilinishini qabul qilmas edi.
O‘sha davrda iymon ochiq emas, balki qalblarda yashirin holda tarqalardi. Shunday og’ir kunlarda kichik bir bola paydo bo‘ldi - qo‘lida qurol ham, martaba ham yo‘q bola. U bir rohib qo‘lida tavhid ma’nosini o‘rgandi va qalbi odamlar ilgari bilmagan narsaga to‘ldi: mustahkam iymon(yaqiyn)ga.
Bu bola oddiy bola emas edi, balki bir oyat(belgi)ga aylandi. Uni har safar o‘ldirmoqchi bo‘lishganda, u mo’jizaviy tarzda omon qolardi. Oxir-oqibat u angladiki, uning omon qolishi o‘limdan qochish emas, balki bir xabar (risola) edi. Shunda u podshohning o‘ziga uni qanday o‘ldirish mumkinligini ko‘rsatdi: odamlarni to‘plab, ochiqchasiga Parvardigorini tilga olib, keyin unga o‘q otishni aytdi. U bilardi: uning o‘lim lahzasi undan ham kattaroq narsaning boshlanishi bo‘ladi.
Odamlar yig‘ildi. Podshoh bola aytgan so‘zlarni takrorladi va o‘q uzildi. Bola yiqildi… ammo u bilan birga podshohning odamlar qalbidagi haybati ham quladi. Bir lahzada hamma narsa o‘zgardi. Ovozlarga ovoz qo‘shildi: “Biz bu bolaning Parvardigoriga iymon keltirdik!”
Shu yerda haqiqiy g‘azab boshlandi. Endi bu bir kishining isyoni emas, balki butun bir ummatning iymoni edi. Podshoh yerda ulkan xandaq(chuqurlar)lar qazishni buyurdi va katta chuqurlar qazilib ichiga ulkan olov yoqildi.
So‘ng odamlar to‘plandi va ularga juda qattiq tanlov qo‘yildi: iymoningizdan qayting, yoki olovga tashlanasiz
Bu og’zaki tahdid emas edi, hammasi odamlar ko‘z o‘ngida amalga oshirildi. Bir kishi olib kelinar, unga qaytish taklif qilinar edi. Agar rad etsa, olovga uloqtirilardi — jasadi qular, tutun ko‘tarilar, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek. Shunga qaramay, ular qaytmadilar. Birma-bir, ular o‘limga haydalayotgan odamdek emas, balki o‘z ishonchiga qarab ketayotgan odamdek yurishardi.
Nihoyat bir ayol keldi — qo‘lida emizikli chaqaloq bilan. U bir lahza to‘xtadi — o‘zi uchun emas, balki hali hech narsani tanlamagan o‘sha go‘dak uchun. Aynan o‘sha hal qiluvchi damda, hadisda kelganidek, Alloh bolani so‘zlatdi. U so‘zlar bu ikkilanishni butkul yo’q qildi: “Bor, davom et — sen haq ustidasan.” Bu oddiy ovoz emas edi, balki g’oyibdan kelgan tasdiq edi. Ayol bolasini bag‘riga bosdi, oldinga yurdi va o‘zini olovga tashladi.
Bu manzara tashqi tomondan g‘alaba emas edi: jasadlar yonib ketdi, ovozlar o‘chdi, yer esa unutilmas jinoyatga guvoh bo‘lib qoldi. Lekin Qur’onning o‘zi ularni abadiylashtirdi. “Buruj” surasida Alloh taolo ularni shunday ta’rifladi:
“Va (ular) mo’minlardan Aziz, Hamid Allohga bo’lgan iymonlaridan boshqa ayb topa olmadilar.” (8-oyat)
Shu yerda boshida ko‘rinmaydigan ma’no ochiladi: ular zaiflik qurbonlari emas edi, balki tanlov egalari edi. Ular iymonga majburlanmagan edi, lekin iymon keltirgach, uning narxi olov bo‘lsa ham, uni sotmadilar. Olov jasadni kuydirib kul qildi, ammo ko‘ksidagi narsaga yetolmadi.
Mana javob: inson olovga qo‘rqmagani uchun emas, balki tark etib bo‘lmaydigan darajada buyuk narsani topgani uchun yuradi.
Mahmudov Abdulqodir
ta'lim muassasasi 3-kurs talaabsi