Яратилиш санаси 09.05.2026

9-May – Xotira va qadrlash kuni: Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi mardonavor jasorati

9-may — Xotira va qadrlash kuni nafaqat tarixiy sana, balki xalqimizning sabr-toqati, jasorati va insonparvarligini yana bir bor yodga soladigan qutlugʻ kundir. Bu kunda biz Ikkinchi jahon urushi yillarida jang maydonlarida mardonavor kurashgan, front ortida esa tun-u kun mehnat qilgan ota-bobolarimiz xotirasini yod olamiz. Oʻzbek xalqi urush dahshatlarini faqat kuzatib turgan xalq emas, balki gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan, fidoyilik va bagʻrikenglikning yuksak namunasini koʻrsatgan xalq sifatida tarixda oʻz izini qoldirdi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning frontdagi jasorati

Urush yillarida Oʻzbekiston aholisi son jihatdan uncha katta boʻlmasa-da, Vatan himoyasi uchun juda katta kuch safarbar etildi. Manbalarga koʻra, oʻsha paytda respublikada yashagan 6,5 million aholining 1,5 millioni jangga safarbar qilingan bu degani butun boshli bir millat vakilarining 1/4 qismi, urushga yaroqli erkak ayol borki - urushga safarbar etilgan degani. Ulardan 420 ming nafari halok boʻlgan, 640 ming nafari turli darajada jarohatlangan. Ayrim arxiv tadqiqotlarida yoʻqotishlar koʻlami bundan ham ogʻirroq ekani, yarim milliondan ortiq yurtdoshlarimiz halok boʻlgani, 133 mingga yaqini bedarak ketgani qayd etiladi. Bu raqamlar oʻzbek xalqining urush yillarida qanday ulkan qurbonlik berganini yaqqol ko‘rsatadi.

Jang maydonlarida oʻzbekistonlik askarlar mardlik, matonat va sadoqat timsoliga aylandilar. Respublikada 15 ta diviziya va brigada tuzildi. 120 ming nafar o‘zbekistonlik jangchi urushdagi jasorati uchun orden va medallar bilan taqdirlandi, 338 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi, 53 kishi esa “Shuhrat” ordenining to‘liq sohibiga aylandi. Bu mukofotlar ortida jonini ayamagan, gʻalabani shaxsiy taqdiridan ustun qoʻygan insonlarning mardona qiyofasi mujassam.

Front orti: mehnat maydonidagi qahramonlik

Oʻzbek xalqining urushdagi jasorati faqat front bilan cheklanmagan. Respublikamiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Yirik sanoat korxonalari qisqa muddatda harbiy izga moslashtirildi, yuzdan ortiq zavod va fabrikalar Oʻzbekistonga ko‘chirilib, qayta ishga tushirildi. Manbalarda qayd etilishicha, urush yillarida Oʻzbekiston sanoati 2 100 ta samolyot, 17 342 ta aviadvigatel, 17 100 ta minomyot, millionlab mina, bomba va granatalar ishlab chiqargan. Bu esa gʻalaba nafaqat qurol ushlagan askar, balki stanok oldida tik turgan mehnatkash qoʻllar bilan ham qoʻlga kiritilganini anglatadi.

Urush yillarida dalada mehnat qilgan dehqon, shifoxonada xizmat qilgan hamshira, zavodda ter toʻkkan ishchi, maktabda sabr bilan saboq bergan muallim — bularning barchasi front ortining ko‘rinmas qahramonlari edi. Ayniqsa ayollar, keksalar va hali voyaga yetmagan yoshlar zimmasiga ulkan mas’uliyat tushdi. Ular ogʻir mehnatdan chekinmadilar, chunki har bir don, har bir kiyim-kechak, har bir dori-darmon frontdagi askar hayoti bilan bogʻliq ekanini chuqur his etardilar. Oʻzbekistonda urush davrida iqtisodiyotning toʻliq safarbar etilgani xalqimizning uyushqoqligi va fidoyiligini namoyon etdi.

Insonparvarlik: o‘zbek xalqining eng yuksak fazilati

Ikkinchi jahon urushi yillarida oʻzbek xalqining chinakam buyukligini namoyon qilgan eng yorqin jihatlardan biri uning insonparvarligi bo‘ldi. Urush dahshati hukm surayotgan hududlardan yurtimizga ko‘chirib keltirilgan yuz minglab insonlar, ayniqsa ota-onasidan ajralgan bolalar Oʻzbekistonda boshpana topdilar. Arxiv manbalarida 200 mingdan ortiq bola yurtimizga keltirilgani qayd etiladi. Xalqimiz ularga uy berdi, nonini boʻlishdi, mehr berdi, hatto ko‘plab oilalar ularni o‘z farzandidek bag‘riga oldi. Bu — o‘zbek xalqining mardligi bilan bir qatorda, uning qalbi ham naqadar ulugʻ ekanining yorqin dalilidir.

Bu insonparvarlik timsoli sifatida Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning oilasi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Ular turli millatga mansub 14 nafar yetim bolani asrab olib, ularga mehr, tarbiya va kelajak hadya etdilar.

Ubaydullayev Qobiljon

Ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi