HAJ IBODATINING SAKINATI VA HIKMATLARI
Annotatsiya
Ushbu maqolada islom dinining beshinchi ustuni boʻlmish Haj ibodatining oddiy va goʻzal hikmatlari tushuntirilgan. Unda hojilarning nima uchun bir xil kiyinishi, Ka’ba atrofida aylanish siri, Arofat vodiysidagi ibodatlar hamda millionlab insonlarning bir necha soniyada jipslashishi kabi har qanday odamni lol qoldiradigan moʻjizalar sodda tilda bayon etilgan.
Kalit soʻzlar
Haj, Ka’ba, ehrom, Arofat, duo, tenglik, jannat, Labbayka, moʻjiza.
Haj — bu shunchaki uzoq yurtlarga sayohat qilish emas. Haj — bu bandaning oʻz Yaratuvchisiga intilishi, gunohlaridan qutulish va qalbiga xotirjamlik (sakinat) topish uchun qiladigan eng ulugʻ safaridir. Har yili dunyoning toʻrt tomonidan millionlab musulmonlar bitta joyga yigʻiladilar. Bu yerda tillar, millatlar har xil boʻlsa-da, maqsad bitta: Allohning rizosini topish. Keling, ushbu muborak safarning eng goʻzal va insonni hayratda qoldiradigan jihatlarini oddiy tilda koʻrib chiqamiz.
"Chorlov" Moʻjizasi (Labbayka)
Hajga borayotgan har bir inson yoʻl boʻyi *"Labbaykalohumma labbayk..."* (Allohim, mana, Sening chorlovingga keldim...) deb aytadi. Ajablanarlisi shundaki, u yerga borayotgan millionlab insonlarning hech birini hech kim majburlab olib bormaydi.
Odamlar yillab yigʻgan pullarini, bor-budini sarflab, issiq choʻlga, qiyinchiliklar bagʻriga oʻzlari yugurib, xursand boʻlib borishadi. Bu – Ibrohim alayhissalom kimsasiz choʻlning oʻrtasida turib odamlarni Hajga chorlaganlarida, Alloh taolo u zotning ovozini qiyomatgacha keladigan insonlarning qalbiga yetkazib qoʻyganining amaliy isbotidir.
Ehrom: boy va kambagʻalning tengligi
Hajga borayotgan erkaklar oʻzlarining kundalik chiroyli kiyimlarini yechib, "ehrom" deb ataladigan ikki boʻlak oddiy oq matoga oʻranadilar. Bu kiyimda na choʻntak boʻladi, na tikilgan joyi.
Buning hikmati shundaki, Allohning huzurida hamma insonlar bir xildir. Dunyoda eng boy boʻlgan odam ham, eng kambagʻal boʻlgan odam ham bir xil oq matoda yonma-yon turadi. Bu libos insonga kibrni unutishni va bir kuni qabrga ham aynan shunday oppoq kafan bilan ketishni eslatadi.
Tavof: butun borliq bilan birga aylanish
Hojilar Makkaga yetib borishgach, Baytulloh (Allohning uyi) boʻlmish Ka’bani chap tomondan boshlab yetti marta aylanadilar. Buni "tavof" deyiladi.
Qiziqarli jihati shundaki, koinotdagi barcha narsalar ham aynan shu yoʻnalishda aylanadi. Masalan, osmondagi sayyoralar quyosh atrofida, hatto tanamizdagi qon ham yuragimiz atrofida aynan Ka’ba aylangandek yoʻnalishda aylanadi. Tavof qilayotgan inson goʻyo butun koinot bilan birga Tangriga taslim boʻlganini his qiladi.
Dunyodagi eng katta birdamlik
Tasavvur qiling, Makka shahridagi Masjidi Haramda bir vaqtning oʻzida 2-3 million odam namoz oʻqiydi. Imom "Allohu akbar" deb namozni boshlaganida, atigi 2-3 soniya ichida millionlab insonlar bir tekisda, mukammal saf tortib, bir xil harakatni boshlaydi.
Dunyoning hech bir armiyasi yoki eng zamonaviy kompyuter texnologiyasi millionlab tartibsiz odamlarni bir necha soniyada bunday mukammal tartibga sola olmaydi. Bu – dunyodagi eng katta va eng tezkor birdamlik moʻjizasidir.
Dunyo haritasi bitta nuqtada
Hajda namoz oʻqiyotganingizda oʻng tomoningizda afrikalik qora tanli inson, chap tomoningizda esa oppoq tanli yevropalik yoki koʻzlari qisiq osiyolik turgan boʻladi. Ular bir-birining tilini mutloq tushunishmaydi.
Ammo ulardan biri aks urib "Alhamdulillah" (Allohga hamd boʻlsin) desa, narigisi oʻz-oʻzidan, oʻylanib oʻtirmay "Yarhamukalloh" (Alloh sizni rahmat qilsin) deydi. Tillari, urf-odatlari butunlay begona boʻlgan insonlarni bir lahzada aka-ukaga aylantirib qoʻyadigan bunday tuygʻu faqat Hajda bor.
Arofat: qiyomat kunini eslatuvchi vodiy
Hajning eng muhim kuni — Zulhijja oyining 9-kuni barcha hojilar Arofat vodiysiga yigʻiladilar. Bu yerda millionlab oppoq kiyingan insonlar kun boʻyi yigʻlab, Allohdan gunohlarini kechirishini soʻraydilar.
Bu manzara insonga qiyomat kunini eslatadi. Oʻsha kuni juga hamma tirilib, bir maydonda Allohning huzurida hisob-kitob kutiladi. Arofatda chin dildan qilingan duolar sababli inson xuddi onasidan yangi tugʻilgandek gunohlardan poklanib, qalbi yengillashadi.
Shaytonga Tosh Otish: Yomon Odatlarni Tashlash
Mino vodiysida hojilar shaytonga ramziy ma’noda tosh otadilar. Bu voqea Ibrohim alayhissalom xotiralariga borib taqaladi. Shayton u zotni yoʻldan urmoqchi boʻlganida, tosh otib quvgan edilar.
Bugungi kunda tosh otayotgan odam nafaqat shaytonni, balki oʻzining ichidagi yomon odatlarni — yolgʻon gapirish, odamlarni ranjitish, baxillik va kibr kabi illatlarni ham oʻzidan tosh otib uzoqlashtirishni niyat qiladi. Bu — yomonlikka qarshi kurashish deganidir.
Xulosa qilib aytganda, Haj — inson hayotini yaxshi tomonga butunlay oʻzgartiradigan buyuk imkoniyatdir. U yerga borgan inson dunyoning oʻtkinchi ekanini, hamma odamlar aka-uka va opa-singildek teng ekanini koʻzi bilan koʻrib qaytadi. Haj ibodatini ixlos bilan bajarib kelgan inson oʻz vataniga, oilasiga yanada mehribonroq, halolroq va yaxshi inson boʻlib qaytadi.
Foydalanilgan Manbalar
1. Qur’oni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. (Tarjima va izohlar muallifi: Shayx Abdulaziz Mansur)
2. Al-Jome’ as-Sahih (Oltin silsila). Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy.
3. Sunan at-Termiziy (Oltin silsila). Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy.
4. Hadis va Hayot (Ibodatlar fazilati turkumi). Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
5. Haj va umra qoʻllanmasi.
Jamalov Qodirxon
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi