Яратилиш санаси 26.08.2026

O’zbekistonda diniy sohadagi yutuqlar ko’lami oshmoqda

O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi yurtimiz bo’ylab keng nishonlanmoqda. Mustaqillikka erishilgandan keyin barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, o’zaro hamjihatlikni oshirish, yangi avlod va yoshlarni sog‘lom dunyoqarash ruhida tarbiyalash hamda xalqimizning boy diniy-ilmiy e’tiqodini va ma’naviy merosini chuqur o‘rganishdan iborat. Diniy sohadagi islohotlar faqat ibodat qilish uchun yaxshi sharoitlarni yaratishda emas, balki diniy ta’lim, ilmiy tadqiqot, xalqaro diniy hamkorlik, ziyorat turizmi kabi jihatlarni ham o’z ichiga olmoqda. Birgina 2025-yilni oladigan bo’lsak - diniy-ma’rifiy sohaga oid 14 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Unda fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Diniy ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida ham bir qator ko’zga tashlanadigan ishlar amalga oshirildi. Jumladan: Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ochilib faoliyati yo’lga qo’yildi. Bundan tashqari Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Termizda Imom Termiziy nomidagi islom instituti va Imom Termiziy o’rta maxsus islom bilim yurti kabi 3 ta oliy va 1 ta o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi yangidan barpo qilinib yosh avlodga islom dini bo’yicha ta’lim berib kelmoqdalar. Ta’lim sohasida o’quv dasturlari qayta ko’rib chiqilib 10 ta yangi fan kiritildi. O’quv darsliklari yanada takomillashtirildi. Zamon talablari asosida darsliklar joriy etildi. Bu ishlar zamirida diniy ta’limni zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirib, yoshlarning nafaqat diniy bilimlarini oshirish balki ularda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini ham shakllantirishga katta urg’u qaratilmoqda. Diniy soha xodimlari malakasini oshirish o’quv kurslari tashkil qilingan bo’lib, bu jarayon yil davomida Respublika bo’ylab uzluksiz davom etmoqda. Bunga qo’shimcha o’laroq o’zaro malaka almashish va chet el tajribasini o’rganish maqsadida boshqa davlatlarga chiqib, ular bilan hamkorlik asosida malaka oshirish, o’quv seminarlar tashkil e’tilmoqda. Jumladan: shu yilning o’zida 100 ga yaqin imolarimiz Dubayga borib malaka oshirib qaytishgan bo’lsa, 30 dan ortiq oliy va o’rta maxsus islom ta’lim muassasa pedagoglari Misr, Turkiya, Rossiya, Iordaniya, Saudiya kabi davlatlarda o’z soh ava yo’nalishlari bo’yicha bilim va malakalarini oshirishga muvaffaq bo’ldilar. Bu bilan to’xtab qolmay talabarni boshqa davlatlardagi o’quv yurtlariga o’qishga yuborish bo’yicha ham istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan bo’lib, bu jarayon tezda o’z mevasini beradi.

Diniy sohaning yana bir bo’lagi, insonlarning ibodat maskani bo’lgan masjidlar xolati ham tubdan o’zgarmoqda. Insonlar emin-erkin ibodat qilishlari uchun zamon talabiga mos sharoitlar yaratilmoqda. Shu kunga qadar 150 ga yaqin yangi masjid ochildi. 500 ortig’i qayta ta’mirlandi. 2024-yilning o’zida 14 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, 64 ta masjidda tubdan qayta qurish va 17 ta masjidda ta’mirlash ishlari yakunlangani ma’lum qilindi. 2025-yilda esa 3 ta yangi masjid ro‘yxatdan o‘tkazilib, 43 ta masjidda rekonstruksiya va 15 ta masjidda ta’mirlash ishlari yakunlangan. Bu ko’rsatkichlar diniy ibodatlarni xotirjam va chiroyli tarzda ado etishga qaratilgan ishlar desak mubolag’a bo’lmaydi. 

So‘nggi yillarda fuqarolarning Haj va Umra ziyoratlarini amalga oshirishlari uchun qulay sharoit yaratishga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan: haj kevotalari oshirilib 15 ming nafarga yetkazildi. Oxirgi 2 yildan beri har yili 15 ming nafar yurtdoshimiz Haj ibodatini ado etib kelmoqdalar. Umra ibodatidagi kevotalar esa olib tashlangan bo’lib xozirgacha 100 mingdan ortiq inson umra ibodatini bajardilar. 

Xulosa qilib aytganda, yuqorida biz diniy sohada ko’zga ko’ringan jarayonlarning ayrimlarini sanab o’tdik. Bundan tashqari ko’plab xayrli ishlar olib borilmoqdaki bularning barchasini ko’rib, guvohi bo’lib turibmiz. Buning ortida mustaqil O’zbekistonimizda dinga keng sharoitlar yaratilgani, Prezidentimizning oqilona siyosatlari, hamma narsa inson qadr-qimmati uchun ekani va Yangi O’zbekistonni qurishda asosiy poydevor bo’lib xizmat qilishi yotadi. Zero, xalqni o’ylab qilinayotgan har bir ish tezda o’z mevasini beradi va yana bizning yurtdan Buxoriy, Termiziy, Zamaxshariy, Moturidiy, Marg’inoniy, Forobiy va Ibn Sino kabi olimlar chiqib III renessansni qurishga xizmat qiladilar.

Yusufxon Shodiyev

“Hidoya” o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi o’qituvchisi