Яратилиш санаси 31.05.2026

Musulmonning odoblari

Kirish

 Tilimizda «odob» tarzida talaffuz qilinishga odatlanib qolingan arabcha «adab» soʻzi aslida yaxshilikka chaqirishni anglatadi, u «maʼdaba» oʻzagidan olingan. Maʼdaba esa odamlarni yaxshilikka, maʼnaviy ziyofatga chaqirishni anglatadi. Odob ham odamlar doimo daʼvat qilinadigan maʼnaviy «maʼdaba», yaʼni ziyofat boʻlgani uchun shu nomni olgan. Demak, odob yaxshilik demakdir.

  Odob masalasi Islomda oʻta muhim oʻrin tutadi. Chunki Alloh taologa qurbat hosil qilishda odobning oʻrni juda muhim. Beodoblik barcha narsani, jumladan, amalni ham, qalbni ham, tilni ham, boshqa barcha urinishlarni ham buzadi. 

  Islom dini faqatgina ibodatlardan iborat bo‘lmay, balki insonning axloqi, muomalasi va odobini ham tartibga soluvchi mukammal hayot nizomidir. Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning yuborilishlaridagi ulug‘ maqsadlardan biri ham go‘zal xulqni kamoliga yetkazish edi.

Rosululloh sollollohu alayhi va sallam aytdilar:

“Men go‘zal axloqlarni mukammal qilish uchun yuborildim”. 

 Shuning uchun musulmon kishining odobi  uning iymoni, taqvosi va Rosululloh sollollohu alayhi vasallamga ergashganining alomatidir. Odoblar kimga nisbatan bo'lishiga ko'ra turlichadir. Ular:

1. Alloh taologa nisbatan odob

 Musulmonning eng birinchi odobi — Alloh taologa nisbatan bo‘ladi. Banda Robbisini ulug‘laydi, Uning buyruqlariga itoat qiladi va qaytargan narsalaridan tiyiladi. Mana shu uni o'z Robbisini ulug'lashiga misoldir. Misol uchun inson o'zi hurmat qiladigan odami oldida o'zini turli xildagi pastkash va odatda qilib yuradigan yomon ishidan tiyilishi, bu ro'paradagi insonni hurmat qilgani yoki undan hayo qilishi sabab bo'ladi. 

Alloh taolo Haj surasi 32-oyatida aytadi:

{ ذَ ٰ⁠لِكَۖ وَمَن یُعَظِّمۡ شَعَـٰۤىٕرَ ٱللَّهِ فَإِنَّهَا مِن تَقۡوَى ٱلۡقُلُوبِ }

  Ish bundoq. Kim Allohning nishonlarini ulugʻlasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir. 

 Ushbu oyat ma’nosida «nishonlar» deb tarjima qilingan ibora Qur’oni Karimda «shaoir» deb aytilgan. Bu «sha’iyra» soʻzining jami — koʻpligi boʻlib, nishon, belgi, alomat ma’nolarini bildiradi. Bu soʻz Alloh taologa nisbat berilib, «shaoirulloh» — «Allohning nishonlari» deyilganda, Allohning dini, Islomning koʻzga koʻringan va shon-shavkatini namoyon etadigan ibodatlar nazarda tutiladi.

Shuningdek Zariyot surasi 56-oyatida: “Men jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim” deyilgan.

Ibn Kasir rohimahulloh ushbu oyat tafsirida: “Ya’ni, ularni faqat Meni yagona deb bilib ibodat qilishlari uchun yaratdim”, deganlar.

Allohga nisbatan odob quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

1) Amallarda ixlosli bo‘lish

2) Namozni vaqtida ado etish

3) Qur’onni hurmat qilish

4) Gunohlardan tiyilish

5) Tavakkul va shukr qilish

2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan odob

  Musulmon kishi Rosululloh sollollohu alayhi va sallamni barcha insonlardan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radi va sunnatlariga ergashadi.

Alloh taolo aytadi:

{ قُلۡ إِن كُنتُمۡ تُحِبُّونَ ٱللَّهَ فَٱتَّبِعُونِی یُحۡبِبۡكُمُ ٱللَّهُ وَیَغۡفِرۡ لَكُمۡ ذُنُوبَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورࣱ رَّحِیمࣱ }

  Sen: «Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarning gunohlaringizni magʻfirat qiladi», deb ayt. (Oli Imron, 31-oyat)

Yana aytadi:

 {وَمَاۤ ءَاتَآكُمُ ٱلرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَىٰكُمۡ عَنۡهُ فَٱنتَهُوا۟ۚ}

 Paygʻambar sizga nimani bersa, oʻshani olinglar va nimadan qaytarsa, oʻshandan qaytinglar. (Hashr surasi, 7)

Imom Molik rohimahulloh: Bu ummatning oxiri avvalini isloh qilgan narsa bilangina isloh bo‘ladi, deganlar.

Ya’ni, sahobalarni isloh qilgan Qur’on va sunnat keyingi ummatni ham faqat shu bilan isloh qiladi.

Rasulullohga nisbatan odob:

1)Sunnatga ergashish

2)Hadislarga hurmat bilan qarash

3)U zotga ko‘p salovot aytish

4)Sunnatni bid’atdan ustun qo‘yishdir

3. Ota-onaga nisbatan odob

 Islom ota-onaga yaxshilik qilishni eng ulug‘ amallardan sanagan.

Alloh taolo aytadi:

{ ۞ وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوۤا۟ إِلَّاۤ إِیَّاهُ وَبِٱلۡوَ ٰ⁠لِدَیۡنِ إِحۡسَـٰنًاۚ }

  Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. (Isro surasi, 23-oyat)

  Oyati karimada yana: “Ularga ‘uf’ ham demang”, deyiladi.

Hasan Basriy rohimahulloh: “Ota-onaga yaxshilik qilish — dunyo va oxirat saodatining sababidir”, deganlar.

Ota-onaga odob:

1) Ularga muloyim gapirish 

2) Xizmatlarida bo‘lish

3) Haqqilariga duoyi-xayr qilish

4) Qariganlarida sabr bilan muomala qilishdir.

4. Odamlarga nisbatan odob

 Musulmon kishi insonlarga ozor bermaydi, balki foyda yetkazishga harakat qiladi.

Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar “Musulmon — boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir”.

Yana aytdilar: “Kim Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gapirsin yoki sukut saqlasin”. 

Musulmonning odoblaridan:

1) Yolg‘on gapirmaslik;

2)  G‘iybat qilmaslik;

3)  Hasad qilmaslik;

4)  Va’daga vafo qilish;

5)  Salomni yoyish;

6)  Mehmonni hurmat qilish;

7)  Qo‘shniga yaxshilik qilish kiradi.

Alloh taolo aytadi:

{ ۞ إِنَّ ٱللَّهَ یَأۡمُرُ بِٱلۡعَدۡلِ وَٱلۡإِحۡسَـٰنِ وَإِیتَاۤىِٕ ذِی ٱلۡقُرۡبَىٰ وَیَنۡهَىٰ عَنِ ٱلۡفَحۡشَاۤءِ وَٱلۡمُنكَرِ وَٱلۡبَغۡیِۚ یَعِظُكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَذَكَّرُونَ }

Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar hamda zulmkorlikdan qaytaradir. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslasangiz. (Nahl 90-oyat)

   Abdulloh ibn Mas'uddan (r.a.) qilingan rivoyatda u kishi: «Qur’ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo‘lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan», deydilar.

  Alloh buyurgan adolat — islomiy mutloq adolatdir. Bu adolatga ko‘ra, har bir shaxs, jamoat va har bir qavmga odilona muomalada bo‘linadi. Hamma uchun o‘lchov bir.

«Ehson» yaxshilik qilish ma’nosini anglatadi. Islomda uning eshigi keng ochilgan.

«Fahsh» so‘zining lug‘aviy ma’nosi haddan oshishlikdir. Lekin urfda kishilar nomusiga taalluqli jinoyatlar tushuniladi.

«Munkar» deganda, insonning sof tabiati inkor qiladigan ishlar ko‘zda tutiladi. Buni, albatta, shariat ham inkor etadi.

«Zulmkorlik» esa, haqqa tajovuz qilish va adolatni buzishdir.

Darhaqiqat, bular eslashga arzigulik va’z-nasihatdir.)

 5. Kamtarlik va hayo odobi

  Hayo musulmonning eng go‘zal ziynatlaridan biridir.

Rosululloh sollollohu alayhi va sallam aytdilar: “Hayo iymondandir”. 

Yana aytdilar: “Kim Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uni yuksaltiradi”. 

Ibnul Qoyyum rohimahulloh: “Hayo qalbning hayotidir”, deganlar.

 Kibr esa eng yomon sifatlardan biridir.

Rosululloh sollollohu alayhi va sallam aytdilar: “Qalbida zarra misqolicha kibri bo‘lgan kishi jannatga kirmaydi”. 

6. Ilm va odobning bog‘liqligi

 Salaf ulamolari odobni ilmning muqaddimasi deb bilganlar.

Ibn Muborak rohimahulloh aytganlar: “Biz odobga ilmga muhtoj bo‘lganimizdan ko‘ra ko'proq muhtojroqmiz”.

Imom Shofe’iy rohimahulloh: “Ilm nurdir. Allohning nuri osiyga berilmaydi”, deganlar.

 Fuzayl ibn Iyoz esa: «Chiroyli xulqli fojir (yaramas) kimsaning menga hamsuhbat boʻlishi yomon xulqli obid (ibodatli) kishi suhbatidan yaxshiroqdir», degan.

 Vahb ibn Munabbah aytadi: «Yomon xulqning misoli xuddi singan sopol idishga oʻxshaydi, uni yamab ham, loyga qaytarib ham boʻlmaydi».

Shuning uchun ilm talab qiluvchi inson:

1) ixlosli

2) tavozeli

3) ustozni hurmat qiluvchi

4) amal qiluvchi bo‘lishi kerak

Xulosa

 Yurish-turish, odamlar bilan muomala, munosabatlar va odam oʻzini jamiyatda qanday tutishi kerakligi borasidagi oliy va ibratli misol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridir. U zotning butun axloqlari, fazilat va xislatlariQurʼoni Karimga asoslangan edi. U zot insonlarning eng odoblisi, eng goʻzal xulqlisi edilar. Barcha bilan muomalada oʻta odobli, marhamatli va samimiy boʻlganlar, hech kimga qattiq gapirmaganlar, oʻzganing dilini ogʻritmaganlar, birovga gʻazab qilmaganlar. 

  Musulmonning odobi Qur’on va Sunnatdan olinadi. Go‘zal xulq payg‘ambarlar yo‘li, solih bandalarning sifati va jannatga eltuvchi ulug‘ sababdir.

Rosululloh sollollohu alayhi va sallam aytdilar: “Qiyomat kuni menga eng suyukli va eng yaqinlaringiz xulqi eng go‘zal bo‘lganlaringizdir”. 

 Alloh taolodan bizlarni Qur’on va sunnat odoblari bilan ziynatlangan bandalaridan qilishini so‘raymiz. Omin.

Foylanilgan adabiyotlar:

1. Qur’on Karim

2. Tafsiri Ibn Kasir

3. Sahihul Buxoriy 

4. Sahihul Muslim 

5. Jamiut Tirmiziy 

6. Tafsiri Hilol

7. Ijtimoiy odoblar

8. Ba'zi ochiq internet sahifalari

 Is'hoqov Abdulahad

Ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi