Bolalar — Allohning omonati va jamiyat kelajagi
(1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan)
Kirish.
Har bir jamiyatning ertangi kuni bugungi bolalar tarbiyasiga bog‘liq. Shu bois bolalar nafaqat oilaning quvonchi, balki millatning kelajagi, taraqqiyoti va ma’naviy qiyofasini belgilovchi muhim omildir. Zamonaviy pedagogika, psixologiya va sotsiologiya fanlari bolalik davrida shakllangan qadriyatlar, odatlar va ruhiy holat insonning keyingi hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi.
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nafaqat bayram, balki ota-onalar, pedagoglar va jamiyatning barcha qatlamlari uchun mas’uliyat va vazifalarni qayta ko‘rib chiqish imkoniyatidir.
Bolaning kamolotida mehr va e’tiborning o‘rni.
Bugungi kunda ko‘plab ota-onalar farzandlarini xursand qilish uchun moddiy ne’matlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqdalar. Qimmatbaho telefonlar, zamonaviy gadjetlar, hashamatli kiyimlar yoki turli o‘yinchoqlar bolaga vaqtinchalik quvonch berishi mumkin. Biroq ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bolaning ruhiy salomatligi va barkamol rivojlanishida ota-onaning mehr-muhabbati, e’tibori va birgalikda o‘tkazgan vaqti hal qiluvchi omillardan hisoblanadi.
Psixologlarning ta’kidlashicha, ota-onasi bilan muntazam suhbatlashadigan, birgalikda kitob mutolaa qiladigan va vaqt o‘tkazadigan bolalarda o‘ziga bo‘lgan ishonch, ijtimoiy faollik va ilm olishga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘ladi. Bu borada Abul Hasan An-Nadaviy rohimahullohni aytgan so‘zlarini eslashimiz mumkin:
"Onam Qur’on o‘qiyotganlarida eshitib yotardim. Bunda xuddi qiroatni tanamda his qilar edim. Go‘yo bulut tetiklantiruvchi yomg‘irni ustimdan yog‘dirardi. Go‘zal, mayin va latif ovoz bilan o‘qilgan qiroat edi u."
Islomda bolalarning maqomi
Islom dinida bolalarni ulug‘ ne’mat va ilohiy omonat sifatida qadrlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
الْمَالُ وَالْبَنُونَ زِينَةُ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا
“Mol-dunyo va farzandlar dunyo hayotining ziynatidir”.
(Kahf surasi, 46-oyat)
Mazkur oyat farzandlarning inson hayotidagi ulkan ne’mat ekanligini ifodalaydi,sababi mol dunyosini va bolalarini yaxshilikla tutgan kishi uchun ziynat bo‘ladi. Agar aksi bo‘lsa u uchun fitna bo‘ladi. Demak, har bir kishiga bu ne’mat bilan birga mas’uliyat ham keladi. Shu sababli Islom farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan.
Rasululloh ﷺ shunday marhamat qilganlar:
كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ
“Barchangiz rahbarsiz va barchangiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas’ulsiz”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Ushbu hadisi sharif ota-onaning farzand oldidagi mas’uliyati faqat moddiy ta’minot bilan chegaralanmasligini, balki tarbiya, ta’lim va axloqiy kamolotni ham o‘z ichiga olishini ko‘rsatadi.
Yana Rasululloh ﷺ:
مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدَهُ مِنْ نِحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ
“Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan afzalroq sovg‘a bera olmaydi”. (Imom Termiziy rivoyati)
Bu hadisi shariflar orqali farzand uchun eng qimmat meros boylik yoki mol-mulk emas, balki go‘zal xulq va to‘g‘ri tarbiya ekanligini ta’kidlangan.
Bolalarni himoya qilishning zamonaviy talqini
Bugungi globallashuv davrida bolalarni himoya qilish tushunchasi faqat jismoniy xavfsizlik bilan cheklanmaydi. Ularning ma’naviy, axloqiy va intellektual xavfsizligini ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarning keng tarqalishi bolalar uchun katta imkoniyatlar yaratgani kabi, ayrim xavflarni ham yuzaga chiqarmoqda. Shu sababli ota-onalar bolalarning nafaqat jismoniy, balki axborot va ma’naviy xavfsizligi uchun ham mas’uldirlar.
Mutaxassislar bolalarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish va oilaviy muloqotni kuchaytirishni zamonaviy tarbiyaning eng samarali usullaridan biri sifatida e’tirof etadilar.
Kitob — eng go‘zal sovg‘a.
Bayram kunlarida bolalarga qimmatbaho buyumlar emas, balki ularning tafakkurini boyitadigan va kelajagiga xizmat qiladigan sovg‘alar taqdim etish maqsadga muvofiqdir. Shunday sovg‘alarning eng yaxshilaridan biri kitobdir.
Kitob bolaning dunyoqarashini kengaytiradi, mustaqil fikrlashni rivojlantiradi, til boyligini oshiradi va ilmga muhabbat uyg‘otadi. Ayniqsa, ota-onaning farzandi bilan birgalikda mutolaa qilishi bolada kitobga mehr uyg‘otadigan eng samarali vositalardan hisoblanadi.
Xulosa
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bizga muhim bir haqiqatni eslatadi: bolalar jamiyatning eng katta boyligi va Alloh taoloning omonatidir. Ularni himoya qilish faqat moddiy ehtiyojlarini qondirish emas, balki qalbi, tafakkuri va axloqini ham asrash demakdir.
Shunday ekan, farzandlarimizga qimmatbaho buyumlardan ko‘ra ko‘proq mehr, e’tibor, sifatli ta’lim va go‘zal tarbiya berishga harakat qilaylik. Zero, bugun tarbiya qilinayotgan bola ertangi kun jamiyatining qiyofasini belgilaydi
"Farzandlarga beriladigan eng buyuk sovg‘a — yaxshi tarbiya, samimiy mehr va foydali ilmdir."
Ubaydullayev Qobiljon
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi